Unda davlat rahbari boshchiligida oʻtkazilgan videoselektorda tibbiyot sohasini xalqqa yanada yaqinlashtirish, joylardagi tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati muassasalari faoliyatini chuqur oʻrganish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hududiy dasturni ishlab chiqish vazifasi yuklatilganligi alohida taʼkidlandi.

Shu maqsadda senatorlar va deputatlarning tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan hududiy dasturni ishlab chiqish jarayonida ishtirok etishi hamda ijrosini parlament nazoratiga olish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Seminarda qayd etilganidek, hududlarda tibbiyot, farmatsevtika, moliya, iqtisodiyot va boshqa sohalarning malakali mutaxassislari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlari deputatlari, jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda Respublika ishchi guruhi hamda har bir tuman va shaharda hokim rahbarligida ishchi guruhlar tuzilgan.

Ishchi guruhlar tomonidan har bir tez tibbiy va shoshilinch yordam boʻlimi faoliyati tanqidiy oʻrganilishi, aniqlangan kamchilik hamda muammolar bartaraf etilishi, tez tibbiy yordam koʻrsatish xizmati sifatini yaxshilash boʻyicha hududiy dastur loyihasi ishlab chiqilishi parlament nazoratida boʻlishi lozimligi qayd etildi.

Bunda tez tibbiy yordam brigadalari uchun tumanlar orasidagi xizmat qilish hududlari chegaralarini aniq belgilash, poliklinikalarda 24 soatlik navbatchilikni tashkil etish, zarur shart-sharoitlar yaratish, har bir poliklinikani tibbiy yordam avtomashinasi bilan taʼminlash, hududdagi mavjud koʻchalarni nomlash va uylarni raqamlash kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Seminarda hududiy dasturlarni ishlab chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.