Tez tibbiy yordam tuman boʻlimlariga Prezident sovgʻasi — “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalari topshirildi

    Salomatlik 25 Yanvar 2023 2577

    Respublika tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo filiali, uning 8 ta tuman boʻlimlariga Prezident sovgʻalari — Jizzax avto zavodida ishlab chiqarilgan “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalarini taqdim etildi.

    Yangi zamonaviy avtomashinalarni Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev topshirdi.

    Ushbu topshirilgan tez tibbiy yordam mashinalari zamonaviy, barcha qulayliklarga, shuningdek yuqori texnik koʻrsatkichga egaligi, harakatlanish qobiliyati yuqoriligi va ixchamligi bilan bilan boshqa shu turdagi avtomashinalardan ajralib turadi. Bu, shubhasiz, tez tibbiy yordam brigadalar ishini yengillashiga, aholiga koʻrsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati sifatini oshishiga xizmat qiladi.

    — Bilasizmi, aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish zamonaviy tibbiyotning muhim yoʻnalishi sanaladi, — deydi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish boʻlimi boshligʻi Olimjon Bekmurodov. — Oʻtgan yili Davlatmiz rahbari raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam faoliyatini takomillashtirish boʻyicha boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ushbu tizim ishini yaxshi yoʻlga quyish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, tizimdagi “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar oʻrnini yangi, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega boʻlgan tez tibbiy yordam mashinalariga almashtirish kerakligi taʼkidlangandi. Mana bugun Sirdaryo viloyatining 8 ta tuman tez tibbiy yordam boʻlimlariga“Volkswagen Caddy” rusumli tez tibbiy yordam mashinalari taqdim etildi. Taqdim etilgan tez tibbiy yordam mashinalari aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada yaxshilash va yaqinlashtirish imkonini beradi.

    Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.