Koʻnglingizdagi gʻashlik boʻsagʻa hatlab uyga kirganingizdayoq tumandek tarqaganini sezmaysiz. Namozshom payti hadsiz osmonning bir chetidan roʻdapo bulut sudralib kelarkan, devorlariga butun bir asrning xoʻrsinigʻini singdirib olgan shiypon soyasida suvga tomgan siyoh kabi nedir havoda ohista yoyiladiyu, shu zaylda odam shaklida yigʻiladi. Ushbu oʻrta boʻy, xushbichim, qorachadan kelgan va tim qora koʻzlarida mubham bir ifoda qotgan, kiyimlari esa oʻziga yarashiqligʻ, parishonhol yigit yonginangizdan oʻtarkan, sizni payqamaydi. Qoʻsh tabaqali darvoza oldida bir zum toʻxtab qoladi — ikkilanadi.

Ha, tizginsiz xayollar oʻz ogʻushiga olgan bu kishi — elning sevimli yozuvchisi Abdulla Qodiriy. U yon-veridan oʻtayotgan tanish-notanishlarning bosh irgʻaganini goh ilgʻaydi, gohida yoʻq. Negadir bugun diltang. Yoʻq, xayrli ishlarning bari maromida. “Oʻtkan kunlar” qoʻlma-qoʻl oʻqilmoqda, antiqa felyetonlar, hajviyalar peshma-pesh “Mushtum” yuzini koʻrmoqda. Lekin bularning hammasi uni hali toʻla qanoatlantirmas, xayolida charx urayotgan qiyofalar va voqealar tizmasi uni tuganmas beoromlik girdobiga tortib ketardi. Qolaversa, davr barcha ziddiyatlarni yuzaga chiqargan, bu ziddiyatlarni hal etishda esa mavqelarni, maslaklarni belgilash muhim edi — yangi hayot sari yoʻl koʻp ogʻirliklar ustidan solinayotgandi. Qodiriy ana shunday fikrlar ogʻushida uyi­dan qanday chiqib ketganini bilmay qoladi. Shu bilan qaytib kelmaydi…

Markaziy Osiyo ziyolilari orzusi

Abdulla Qodiriyning otasi Qodirmuhammad Eski Joʻva mahallasi Xoʻja koʻchasida yashovchi Hojimuhammad boboning 1822 yilda tugʻilgan ikkinchi oʻgʻli edi. Qodirmuhammad baquvvat, sergʻayrat, shijoatli va dunyo koʻrgan kishi boʻlib, Eski Joʻva bozorida baqqollik doʻkoni ochib, ipak, idish-tovoq, choy kabi mollar bilan savdo qilgan. Qodirmuhammad 1870-yilgacha savdoda, keyin Eshonguzar mahallasidan yer olib bogʻbonlik bilan shugʻullangan. Toʻrt marta uylangan. Bunga farzandsizlik sabab boʻlgan. Qodirmuhammad toʻrtinchi bor Josiyat bibiga uylangan. Ular 1879-yilda oʻgʻil koʻrib, Rahimberdi deb ism qoʻygan. Ammo undan keyingi tugʻilgan oʻn ikki farzand sababsiz nobud boʻlavergan. Bu holdan irim qilgan Qodirmuhammad Eski Joʻvadagi hovlisini sotib, hozirgi Samarqand darvoza mahallasidagi yeriga koʻchib oʻtadi. Mana shu maskanda ­Abdulla Qodiriy dunyoga keladi. Undan soʻng 1897-yilda Abdullaning ukasi Qudratilla tugʻiladi. Qodirmuhammad uzoq umr koʻrib, 1924-yil
5-aprelda 103 yoshda vafot etadi.

Qodirmuhammadning ilmi boʻlmasa-da, farzandlarining taʼlim olishiga katta eʼtibor bergan. U: “Oʻzimni xatim yoʻq-da, boʻlmasa hammangni barmogʻimda oʻynatardim”, degan soʻzlarni koʻp takrorlagan. Bogʻda mehnatning koʻpligiga qaramay, oʻgʻli Abdullani maktabga bergan. Akasi Rahimberdining esa oʻqishga unchalar qiziqishi boʻlmagan. Abdulla Qodiriy dastlab 1904-1906-yillarda musulmon maktabda oʻqigan.

Dastlabki savodini Zangiota mahallasidagi mulla Olim va mulla Ziyo domlalardan olgan. Qodirmuhammadning uch oʻgʻli ham shu domlalar qoʻlida savod chiqargan. Qodiriy ushbu muallimlardan tashqari Mirlar mahallasidagi Yusufxon domla va Chorsuga yaqin joyda joylashgan mulla Gʻulom ismli muallimlardan taʼlim olgan.  Soʻng 1908-1912-yillarda rus-tuzem maktabida oʻqigan.

— Ilgari markazda yashagan odamlarning shahar tashqarisida bogʻi boʻlgan. Bu hudud bobomning bogʻi hisoblangan. Qodir bobodan besh gektarga yaqin yer qolgan. Shuni uch aka-uka oʻrtada teng taqsimlagan, ikki gektari Abdulla Qodiriyga nasib qilgan. Oʻttizinchi yillarda shu joylarni oʻz didi va koʻng­lidagidek obod etib, chiroyli bogʻ yaratgan. Oʻz davrida bu goʻzal bogʻ “Abdulla Qodiriyning bogʻi”, “Qodiriy shiyponi” degan turli nomlar bilan tanilgan. Keyinchalik dala hovli maydoni qisqarib boraverdi. Boisi, sovet davrida yirik yer egalarini sindirish uchun atay katta-katta soliqlar qoʻyilgan, uni toʻlay olmaganlar esa yerining qanchadir qismini sotishga majbur boʻlgan,  — deya eslaydi Abdulla Qodiriy uy-muzeyi direktori Xondamir Qodiriy.

Ushbu fayzli hovlida Qodiriy yashagan ikki qavatli uy va shiypon boʻlib, uni yozuvchining oʻzi 1928-1929-yillarda ustalar yordamida qurib bitkazgan. Adib bu xonadonda 1937-yilgacha, yaʼni oʻsha mashʼum kunga qadar yashagan.

Abdulla Qodiriy vafotidan keyin uning farzandlari, xususan, oʻgʻli Habibulla Qodiriy ham uyni muzeyga aylantirish tashabbusi bilan ancha yil yugurdi, biroq oʻsha davrning bizga nomaʼlum bahonalari bilan niyat amalga oshmadi. Xondamir Qodiriy ham muzey masalasida koʻp yillar davomida turli tashkilotlarga murojaat qildi. Nihoyat, 2019-yili davlatimiz rahbarining qarori bilan muhtasham uy-muzey tashkil etildi.

Bugungi kunda umumiy maydoni 70 sotix boʻlgan uy-muzey 4 ta xona, alohida yozgi shiypon va uning birinchi qavatidagi bitta xonadan iborat. Muzeyda jami 500 ga yaqin eksponat mavjud. Ularning aksariyati adib va uning oilasiga tegishli. Qodiriy oʻtirib ijod qilgan tut daraxtidan yasalgan tancha (sandal), qoʻl yuvgan oftoba, hujjatlar saqlangan temir sandiq, “Mushtum” jurnalidagi faoliyati davomida kiygan kostyum-shim, bir qancha yaktak, kalish, kiyim ilgich sifatida foydalanilgan hoʻkiz shoxi, rafiqasi Rahbarnisa aya kelinlikda olib kelgan sarpo sandigʻi, idish buyumlar avlodlari tomonidan tabarruk xazinadek saqlab kelinmoqda. Yozuvchining oilasi bilan tushgan bir dona surati esa bebaho eksponatdir.

2019-yili hovlida yozuvchining haykali oʻrnatildi. Isteʼdodli haykaltarosh Bahrom Norboyev ijodiga mansub ushbu asarda Abdulla Qodiriyning bir qoʻlida kitob ushlagan holda oʻtirgani tasvirlangan.

Bundan tashqari, oldin yozuvchining otxonasi boʻlgan hududlar oʻrniga kutubxona, konferensiya va koʻrgazma zallari qurildi. “Oʻtkan kunlar” romani qahramoni Kumush Margʻilondan Toshkentga kelgan ramziy arava monumenti ham oʻrnatildi.

— Muzey boʻlmasidan oldin ham bu yerga juda koʻp odamlar tashrif buyurgan. Hovli qarovsiz boʻlsa-da, Qodiriy asarlarini oʻqib, qiziqib, qidirib kelishgan. Bugungi kunda esa mehmonlar soni ancha ortdi. Ochigʻi, muzey tashkil etilishini butun Markaziy Osiyo ziyolilari kutayotgan edi. Hozir maktab oʻquvchilaridan tortib, keksa kitobxonlargacha kelishadi, ziyorat qilishadi. Nafaqat qoʻshni davlatlar, balki Yevropadan ham tashrif buyurishadi, — deydi Abdulla Qodiriy uy-muzeyi kuzatuvchisi Nilufar Ortiqova.

— Mana bu arava yonidagi ikki tabaqali darvozadan hovliga kirilgan. Shu yillar davomida uni taʼmirlab, oʻz oʻrniga qoʻydik. Endi buning yana bir ogʻriqli jihati ham borki, odamni oʻylantiradi, koʻngillarni oʻksitadi. 1937-yil 31-avgust kuni oxirgi marta Qodiriy shu darvozadan chiqib ketganu, qaytmagan… — deya xotirlaydi Xondamir Qodiriy. — Aravaga ­eʼtibor bering. Ishonasizmi, bu kompozitsiyani biz “Oʻtkan kunlar” kitobida keltirilgan kichkina bir parchadan oldik. Toshkentga qudalar kelgandan keyin ayollar orasida bir suhbat boʻladi. “Charchamading­larmi yoʻlda?” deya soʻralganda, “Charchamadik, bahorda hammayoq yashil boʻldi, sekin-sekin dam olib keldik. 10 kunlik yoʻl ekan, biz 12 kunda keldik”, deyiladi. Asardagi ana shu epizodni oldik-da, Qoʻqondan yetti avlodi aravasoz boʻlgan ustalarni topdik. Ularga aravaning 100-yil oldingi koʻrinishini qilishini, ortiqcha hasham kerakmasligini tushuntirdik. Chunki asardagi oʻsha ruh predmetga koʻchishi kerak edi, menimcha, shunday boʻldi ham.

Xoʻja Maʼozda bir kecha

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: “Oʻtkan kunlar”dagi tarixiy joylar haqiqiymi?

Asar voqealari asosan ikki shaharda: Toshkent va Margʻilonda boʻlib oʻtadi. Asar Margʻilondagi markaziy bozor yaqinidagi musofirlar saroyi tasviri bilan boshlanadi. Bu joy hozir ham mavjud boʻlib, Margʻilon shahri markazidan Goʻravval tarafga ketishdadir. Kumushbibining mahallasi ham shu yerda. Otabek bilan Kumushni uchrashtirgan ariq hali ham bor deya taxmin qilinadi. Shu koʻchadan ozgina yuqoriga yurilsa, asarda tasvirlangan jome masjidi va poyabzal rastasiga chiqiladi. Ilgari bu yerda juda katta hunarmandlar, kosiblar bozori boʻlgan, hozir esa ulgurji savdo bozoriga aylangan. Garchi Margʻilonning tarixiy darvozalari aslicha saqlanmagan boʻlsa-da, nomlari shunday qolgan: Toshloq, Qoʻqon, Yormozor...

Asarda bir necha marta taʼkidlangan Xoʻja Maʼoz mozori hozir ham mavjud. Bu mozor ziyo­ratgoh joy boʻlib, Qodiriyning oʻzi ham bu mozorda tunab qolgan ekan.

Habibullo Qodiriyning xotira kitoblarida bunday voqea bor: “Men Margʻilon koʻchalarida yurib, karvonsaroy, eski oʻrda oʻrinlarini belgiladim. Mirzakarim qutidor, Usta Alim, Homid, Sodiqlar uyini taxminladim va Xoʻja Maʼozda bir kecha tunadim, — derdi dadam baʼzan hushi kelganda, bizning roman haqidagi mayda-chuyda ezma savollarimizga javob berib. — Masjid ayvonida uzoq oʻtirdim. Hammayoq qorongʻi; odam degan gap yoʻq... Bora-bora uyqu bosdi. Uxlab olmoqchi boʻldim. Biroq yotib koʻz yuma olmadim. Chunki tunovchilar keltirganmi, masjidda qandala koʻp ekan, chaqaverib bezor qildi. Hovliga tushub yotay desam, turli hasharotlardan xavf qilardim... Nihoyat tobutxonaga kirib yotdim...”.

Qodiriy asardagi har bir holatni mukammal tasvirlashga qanchalik eʼtibor bergani haqida “Yozuvchi oʻz ishi toʻgʻrisida” nomli maqolasida yana bunday misol keltiradi: “Asarni yozish chogʻida Margʻilonga borganimda, bir koʻchadan oʻtaturib, namozshom mahalida, dogʻ qilinayotgan zigʻiryogʻning hidi burnimga urildi, men buni esda tutib qolishga tirishdim. “Oʻtkan kunlar”ning bir joyiga shu kichkina detal kirgizilganida, berilayotgan tasvirning yana ham odam ishonarli boʻlib chiqqani esimda...”.

Qodiriy shiyponi

Qodiriy davrida hovlilar ichkari-tashqari hovliga boʻlingan. Tashqi hovlida erkaklar kelgan mehmonni kutib-kuzatgan boʻlsa, ichki hovlida begonalarning koʻzidan nari boʻlgan oila yashagan. Shiypon tashqari hovlida qurilgan. Bu yerda yozuvchi oʻziga alohida bir ijodxona qilgan va kelgan mehmonlarni shu yerda kutgan. Ushbu shiyponda Soʻfizoda, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Sadriddin Ayniy, Abdulla Qahhor, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Hamid Olimjon, Yunus Rajabiy kabi yozuvchi va sanʼatkorlarning qizgʻin suhbatlari, ijodiy bahslari kechgan. Bu haqda batafsil maʼlumotlar Habibulloh Qodiriyning adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan eng muhim manbalardan biri — “Otam haqida” kitobida uchraydi.           

“Ikki qavatli shiyponning pastki qismidagi xonada Qodiriy bobomiz oʻtirgan. ­Albatta, biz u kishini koʻrmaganmiz, lekin oʻtirgan joyidan bilamizki, u yerda bobomning bir salobatli ruhi turibdi. Oʻzimda shunday bir kechinma borki, shu yoshga kirib, hali ham shu joyning toʻriga oʻtirishga jurʼat qilolmayman. Buyam bir hurmat, ehtirom belgisidir balki, — deya eslaydi Xondamir Qodiriy. — Xona chetidagi dutordan bilish mumkinki, u sozni juda ham yaxshi koʻrgan. Oʻzi chalmagan boʻlsa-da, nafis ohanglarni sezish qobiliyati musiqaga boʻlgan eʼtiborini bir zum pasaytirmagan. Yana bu yerda yozuvchining toʻn va shimi, yaktak koʻylagi saqlanadi, koʻrishingiz mumkin, yonida ayollarning 100-yil oldin kiygan paranji va boshqa liboslari ham bor. Mana bu joynamozning esa oʻziga yarasha qiziq tarixi bor.

Bu turkman joynamozi hisoblanadi. Turk­manistonda toʻqilsa-da, asosan, Buxoro bozorida sotilgan. Buni namozliq ham deyishadi. Unga Nil suvidan tayyorlangan boʻyoqda ishlov berilgan. Nil daryosi koʻpirgan chogʻ oʻsha koʻpigidan olib boʻyoq qilinar ekan.

Ushbu joynamozning yana bir xususiyati tabiiy mahsulot ekanida. Negaki, mana, misol uchun, sintetik material bilan junni yonma-yon qoʻyib, ustida chang koʻtarsangiz, sintetik material oʻziga singdirmaydi, jun esa oʻziga tortadi. Xonadagi havoni tozalaydi. Aytmoqchimanki, shunday mayda detalga ham eʼtibor berishganki, shu joynamoz hovlidagi tozalik, ozodalikdan dalolat beradi”.

— Ichki hovlidagi imoratning pastki qismida yozuvchining onasi — Josiyat buviga alohida xona qilingan. Xonalararo egilib kirsa boʻladigan torroq yoʻlak tashrif buyuruvchilarning eʼtiborini doimo tortadi. Ona oldiga taʼzim bajo keltirib, egilib kirish kerak, degan maqsadda yoʻlakcha atay past qilib qurilgan. Onasi betob boʻlgani bois, bu uyni Qodiriy tabiblar bilan maslahatlashgan holda qurdirgani va xonani loviya poyasi bilan suvoq qilgani aytiladi, — deydi Nilufar Ortiqova. — Ikkinchi qavatdagi xonalarda kattagina tikuv mashinasi bor. Ayollarimiz bir hunar egasi boʻlsin, ham kiyim-kechaklar oʻzimizdan chiqsin, degan maqsadda ishlatilgan. Shu bahona ayollar ham hunar oʻrgangan, ham oʻz taʼminotini taʼminlagan.

Jonfido oʻgʻil va qaynotasiga salom berish nasib etmagan kelin

Adibning 1918-yili tugʻilgan toʻngʻich oʻgʻli Habibulla Qodiriy padari buzrukvori hibsga olinganida 20 yoshda, tibbiyot instituti tolibi edi. Otasining hayoti, ijodi, qismatiga oid jamiki voqea­-hodisadan xabardor edi. Afsus­ki, uning ham gardaniga otaning kuni tushadi — 1945-yil 28-mayda hibsga olinib, “aksilinqilobiy yoshlar tashkilotining rahbari boʻlgan, otasining taqiqlangan asarlarini uyida saqlagan, sovet hukumatiga qarshi agitatsiya ishlari olib borgan” degan ayblovlar bilan 10 yil qamoq va surgun azoblarini boshdan kechiradi.

U yoqdan qaytgach, chala qolgan taʼlimini davom ettiradi. Tugatgach, poytaxtdagi 10-shifoxonada shifokor boʻlib xizmat qilishi barobarida yuragida tugib yurgan eng katta orzu­si — otasining ijodiy merosini toʻplash, hayoti, shaxsiyati, ijodiy qismatiga oid maʼlumotlarni jamlashga qattiq bel bogʻlaydi. Abdulla Qodiriyni koʻrgan-bilgan zamondosh­laridan u haqdagi xotiralarni yigʻib, “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida”, oʻz qalamiga mansub “Otam haqida” xotiralar kitoblarini yozadi. Umri poyonida ogʻir xasta ­boʻlishiga qaramay, “Qodiriyning soʻnggi kunlari” xotira-qissasi ustida ishladi. Abdulla Qodiriyning eng tahlikali kunlari haqidagi figʻonlarga toʻla nasriy hujjatli dostonini oxiriga yetkazdi, sheʼr, drama, hajviya, pub­litsistik va adabiy-tanqidiy maqolalarini qidirib topib, nashrga tayyorladi. Oltmishga yaqin adabiy taxallusni aniqlab, 1969-yili “Kichik asarlar” kitobini chop ettirdi.

Habibulla Qodiriydek oʻgʻilning ana shunday zahmatli ishlari tufayli biz va kelajak avlod mufassal adabiyotlar bilan tanishish baxtiga muyassar boʻlib turibmiz. Shuni ham unutmasligimiz kerakki, Abdulla Qodiriy nafaqat oʻgʻildan omadi chopgan, qolaversa, qoʻlidan bir piyola choy ichmagan boʻlsa-da, kelindan ham yolchigan edi. Ijodiy merosi tiklanishida oʻgʻli ­Habibullaning hissasi qancha boʻlsa, kelini — Habibulla Qodiriyning umr yoʻldoshi Mukambar Miryahyo qizining mehnati ham beqiyosdir.

Nurxon Elmirzayevaning “Abdulla Qodiriyga salom berolmagan kelini” maqolasida Habibulla Qodiriyning qizi Manzuma aya oʻsha davrlarni aniq-tiniq eslaydi: “Oyim dadamning buyuk ishga qasd qilgan maqsadini yaxshi tushunib, ijod qilishiga shunday ­sharoit yaratib berganki, ortiqcha tiq etgan tovush boʻlmagan, hattoki oyoq uchida yurardi. Biz ham shovqin-suron qilmasdik.

Qaynona-qaynotani koʻrmagan boʻlsa-da, ularga sadoqat bilan yashadi. “Oʻtkan kunlar”ni har kuni qoʻllariga olib, oʻqib, oʻpardi. Ayrimlar oʻpmang, bu muqaddas kitobmas-ku deb eʼtiroz bildirishsa, yoʻq, bu ulugʻ insonlarning kitobi, derdi. Hatto oʻlimidan oldin kasal boʻlib yotganidayam kitobni tik qoʻyib silab turardi...

Yangi yil bayrami biznikida hech qachon nishonlanmagan. Bir kuni yigʻlaganman, oʻsmir ekanman, falonchinikida stollarni bezatib, yangi yil kutishyapti, biz-chi, desam, oʻchir ovozingni degan. Esimni tanibmanki, dadam 31-dekabrda kasalxonalarida navbatchilik olib, oʻsha yoqda boʻlardi. Tansiq ovqatni ham oyim dadam ketgach qilib berardi. Sababki, Abdulla Qodiriy bobomizni 1937-yil aynan yangi yil kechasi 23:30 da, hamma bayramni kutayotgan vaqtda olib ketishgan ekan… Dadamning eng asosiy maqsadi bitta, buvamning toptalgan nomini qaytadan tiklash boʻlgan. Umrining oxirigacha tish-tirnoqlari bilan, gard yuqmagan holatda shunga intildi va erishdi”.

Habibulla Qodiriydek jonfido oʻgʻil va Mukambar onaning tarbiyasini koʻrgan zurriyotlari ham Qodiriylar shaʼni, qadrini ulugʻlab, shunga mos boʻlishga intildi. Habibulla Qodiriy ikki oʻgʻli — Xondamir va Sherkonni yoniga olib, ularni ham qodiriyshunos qilib tarbiyalagan edi. Xondamir Qodiriy otasi rahbarligida qissa, hajviya, ocherk, maqolalar va felyetonlar toʻplami — “Gʻirvonlik Mallavoy” hamda “Oʻtkan kunlar”ning 1926-yilgi nashri asosida asl toʻla nusxasini, “Mehrobdan chayon”ning 1929-yildagi kitob variantiga asoslangan nashrini tayyorlab, yaxlit kitob holida nashrdan chiqardi. Sheʼrlar, hikoyalar, sahna asarlari, hangoma, felyeton va maqolalardan iborat nisbatan eng toʻliq hisoblangan salmoqli majmuani “Diyori bakr” nomi ostida chop ettirdi. U bobosi merosi barobarida padari buzrukvori asrab-avaylab, asarlarini qayta nashrga tayyorladi — “Otamdan xotira” ana shu mehnat mahsulidir. Kichik oʻgʻil Sherkon Qodiriy ham bu qutlugʻ ishda akasiga kamarbastalik koʻrsatib, “37-xonadon” kitobini chop etdi. Abdulla Qodiriy uy-muzeyidagi eksponatlarning soni yildan yilga boyib borayotgani bunday ezgu harakat hanuz davom etayotganidan darak beradi.

— Bu yerga nafaqat ekskursiya, balki mutolaa uchun ham kelishingiz mumkin. 2019-yil uy-muzeyiga qoʻshimcha qurilgan kutubxona, konferensiya va koʻrgazma zallari sizga shunday imkoniyat tuhfa etadi. Moʻjaz kutubxonada 20 mingga yaqin kitob bor, — deydi Nilufar Ortiqova. — Yosh avlod tasavvurida maʼrifatparvar insonlarning siymosini jonlantirish, buyuk adiblarimiz va ularning shaxsiyati haqida tushuncha hosil qilish biz uchun sharafli vazifa. Hovlini shunchaki uy-muzey deyish xato, bu yer adibning yaxshi va yomon xotiralari maskani, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” tugʻilgan dargoh. Bu kabi qutlugʻ joylar har doim eʼtibor markazida boʻlishi va abadiylashtirilishi kerak.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri