Insoniyatning tabiatga haddan ortiq ta'siri ko'pincha ekologik muammolarni yuzaga keltiradi. Bular orasida chiqindilar muammosi ham hozir eng dolzarb masalalardan biriga aylanib boryapti. Fan-texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishi jarayonida aholi iste'moli uchun yaroqsiz bo'lgan ishlab chiqarish mahsulotlarining chiqindi sifatida tashlab yuborilishi avj olgan. Tahlillarga ko'ra, jahonning deyarli barcha mamlakatida qattiq maishiy chiqindilar aholi jon boshiga har yili 1 foizga oshmoqda.
Aslida, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab chiqindilar hajmining yalpi o'sishi ekologik barqarorlikka katta salbiy ta'sir ko'rsata boshladi. Inson va tabiat o'rtasidagi munosabatlar murakkablashib, ushbu ta'sir tabiiy omillar bilan qiyoslanadigan darajaga etdi. Yangi asrning zamonaviy taraqqiyoti esa maishiy va sanoat chiqindilarining yil sayin ortishiga sabab bo'lyapti. energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati va qurilish industriyasi obyektlari chiqindi hosil qiluvchi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi. Hozirgi kunda chiqindilarning 800 dan ortiq turi qayd etilgan bo'lib, ular sonining kelgusida yanada ortishi bashorat qilinmoqda.
Ammo tanganing boshqa tomoni ham bor. Odamlar eng ko'p tashlaydigan maishiy chiqindilar ekologiya uchun zararli bo'lish barobarida, arzon xomashyo hamdir. Ya'ni, chiqindilarning 80 foizgacha qismini organik moddalar tashkil qiladi hamda ularni qayta ishlash natijasida katta miqdordagi energiya va energiya tashuvchilarni ishlab chiqarish mumkin. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi chiqindilarning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko'rsatmoqda. Masalan, Yaponiyada rezina va kabel buyumlarning 34 foizi, shisha buyumlarning 43 foizi, qog'oz va kartonning 54 foizi chiqindilarni qayta ishlash evaziga olinar ekan. Xitoyliklar esa alyuminiy, temir, mis kabi metallardan yasalgan buyumlarning 33 foizini, jun, ipak, charm-attorlik buyumlarining 34 foizini turli chiqindilarni qayta ishlash hisobiga oladi.
Ayrim davlatlarda chiqindilarni alohida yig'ish tizimi ham yo'lga qo'yilgan. Natijada qog'oz, plastik, alyuminiy kabi xomashyoning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi. Bu jarayonning ekomuhitga ijobiy ta'siri katta bo'lib, energiya va xomashyoni sezilarli darajada tejaydi.
2 soatda samarali natija
Tahlillarga ko'ra, so'nggi yillarda respublikamizda yiliga 26 foiz qishloq xo'jalik chiqindisi, 100 million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi, 35 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil bo'lmoqda. Chiqindixonalar va chiqindi saqlash omborxonalarida 2 milliard tonnaga yaqin sanoat, qurilish va maishiy chiqindi saqlanayotgani hamda ular 12 ming gektar maydonni egallab turgani ham ijobiy ko'rsatkich emas.
Hozir atrof-muhitga nafaqat maishiy, balki tibbiyot chiqindilarining xavfi ham ortib bormoqda. Ularning ta'sirida suv, havo, tuproq, oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishi aholi orasida infektsion va noinfektsion kasalliklarning tarqalishiga omil bo'ladi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sabab dunyo davlatlarida tibbiyot chiqindilari hosil bo'lishi ortgan. Mamlakatimizda ham hech qachon bu qadar ko'p doka niqoblar, rezina qo'lqoplar, himoya vositalari ishlatilmagan. Modomiki, ularni ishlatishga talab bor ekan, foydalanib bo'lgach, maishiy chiqindilarga aralashtirmaslik muhim. Tibbiyot klinikalari va davlat shifoxonalaridan chiqadigan chiqindilarni esa mufelni pechda 1200 gradus issiqlikda qizdirib, to'liq zararsizlantirish zarur.
Shu maqsadda, Davlat ekologiya qo'mitasi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti jamoasi tibbiyot chiqindilarini ekologik zararsizlantirishga qaratilgan innovatsion loyihani ishlab chiqdi. Buning uchun ikki kameradan iborat maxsus konstruktsiyali pech` tayyorlandi. Tibbiyot chiqindilari ana shu pechda termik zararsizlantiriladi.
Birinchi kamerada chiqindi kimyoviy va mikrobiologik taxlillar natijasidan kelib chiqib o'ta yuqori darajagi haroratda to'liq oksidlanadi. Yuklangan maxsulotning organik qismidan biror qattiq chiqindi qolmaydi. Ammo mahsulot tarkibidagi noorganik birikmalarning qattiq oksidlaridan iborat aralashmalari saqlanib qoladi. Bunday qoldiq mutlaqo bezarardir.
Ikkinchi kamerada esa termik parchalanish natijasida xosil bo'lishi mumkin bo'lgan chala oksidlangan mahsulotlarni to'liq, ya'ni oksidlanishning oxirgi bezarar komponentigacha oksidlash ishlari olib boriladi va gaz maxsuloti atmosferaga chiqarib yuboriladi. Maxsus texnologiya atrof-muhitga mutlaqo zararsiz gaz tashlamalarini chiqaradi.
Bunday pechlarda nafaqat tibbiy, balki o'ta yuqumli kasalliklar bilan og'rigan bemorlardan qolgan maishiy chiqindilar ham yoqiladi. Bu hojatxona qog'ozi, idishlar, oziq-ovqat chiqindilari, choyshablar va boshqalardir. Mahsulot bir marotaba yuklagandan so'ng, 2 soat davomida to'liq zararsizlantiriladi va jarayon yakunlanadi. Mazkur texnologiya yordamida hatto koronavirus infektsiyasida gumonlanayotganlardan qolgan chiqindilar ham to'liq zararsizlantiriladi.
Infeksiya xavfi nafaqat shifokorlar, balki ushbu chiqindilarni yig'ish va yo'q qilish bilan shug'ullanadigan odamlar uchun ham yuqori ekani ma'lum. Shu bois, mutaxassislar chiqindilarni yo'q qilish jarayonida ikki qavat niqob, ko'zoynak yoki ekran, qo'lqoplar, shuningdek, himoya kombinezoni va rezina etiklar kiyadi. Xodimlar pechga har ikka soatda chiqindilarni yuklaganda, shaxsiy himoya vositalarini ham o'zgartiradilar.
Koronavirusni tarqatuvchi mikroorganizmlarning ochiq muhitda bir necha kungacha saqlanishi mumkinligini hisobga olib, chiqindilarni imkon qadar tezroq yo'q qilish muhim. Shuning uchun ham qurilma ayniqsa, lokal xolatda ekspluatatsiyaga juda qulay.
Har masalaning bir yechimi bor...
Chiqindilar haqida gap borganida, ularning katta-kichikligi, oz yoki ko'pligi ahamiyatsiz, u baribir chiqindi va ekologiya hamda inson salomatligi uchun salbiy ta'sirga ega. Shu bois, mamlakatimizda ushbu masalaga jiddiy e'tibor qaratilib, izchil ekologik siyosat yuritilmoqda.
Buni ijobiy tomonga o'zgarayotgan raqamlarda ham ko'rish mumkin. Xususan, oxirgi yillarda ishlab chiqarish sohalarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va qayta jihozlash natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarning miqdori 2,1 martaga, oqava suvlarning tashlanishi 2 barobarga kamaydi. BMTning Taraqqiyot Dasturi hamkorligida chiqindilarni boshqarish sohasidagi davlat siyosati va harakatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan “O'zbekiston Respublikasida chiqindilarni boshqarish bo'yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasi” ham ishlab chiqilgan. Mazkur hujjat chiqindilar bo'yicha muammolarni hal etishda amalga oshiriladigan ishlarning strategik yo'nalishi va muvofiqlashtirishning asosi bo'lib xizmat qilmoqda.
Ammo chiqindilarni qayta ishlash masalaning yagona yechimi emas. Chunki chiqindilardan ikkilamchi manba sifatida qayta foydalanish ham ekologiyaga o'z ta'sirini ko'rsatadi. Shu bois, soha mutaxassislari oldida, avvalo, ko'payib borayotgan chiqindilarni to'g'ri boshqarish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish vazifasi turibdi. Mamlakatimizda ko'rilayotgan chora-tadbirlar ham chiqindilar bilan birga qimmatli modda va materiallarning yo'q bo'lib ketishiga yo'l qo'ymaslik, atrof-muhitning toksik sanoat va tibbiyot chiqindilari bilan ifloslanishining oldini olish, qattiq maishiy chiqindilarning yig'ilishi, zararsizlantirish muammolarini hal etishga yo'naltirilgan.
Gap shundaki, aholi sonining ortib borishi bilan sanoat karxonalarida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlariga talab ko'payishi tabiiy hol. Inson ehtiyojlari birlamchi bo'lgani holda, buni to'xtatib bo'lmaydi. Ammo masalaga boshqacharoq yondashish mumkin.
Masalan, turli ichimlik suvlari, suyuq va kukunsimon tozalovchi vositalar, lak-bo'yoq emallari plastik, shisha yoki metall idishlar hamda polietilen paketlarda qadoqlangan holda ishlab chiqariladi. Ulardan faqat shisha idishlarnigina qayta ishlatish mumkin. Plastik idishlar esa bir martalik bo'lib, qayta ishlatishga yaroqsiz sanaladi. Polietilen paketlar ham shunday. Ulardan chiqayotgan chiqindilar esa atrof-muhitga asosiy mahsulotlardan ham ko'proq zarar yetkazmoqda. Bular plastik, shisha va metall idishlardagi turli hajm va shakldagi yorliqlardir. To'g'ri bu yorliqlar kichik va ixcham bo'lishi, o'z navbatida, ishlab chiqarilgan mahsulot to'g'risida ma'lumot berishi bilan foydali. Ammo atrof-muhit muhofazasi haqida gap ketganida, ularning salbiy ta'siri ko'zga tashlanadi. Birinchidan, ular qayta ishlatishga yaroqsiz, ikkinchidan, tabiatda parchalanib ketishi uchun bir necha o'n yil, hatto, asrlar kerak bo'ladi. Qolaversa, ularni qayta ishlovchi texnologiyalar mavjud emas va bu turdagi chiqindilardan yillar davomida katta axlat uyumlari poligoni hosil bo'ladi.
Shunday ekan, ishlab chiqaruvchilar bu borada yangicha usullardan foydalanishi zarur. Masalan, ishlab chiqarilayotgan plastik, shisha yoki metall idishga ilinadigan yorliqlar o'rniga qadoqlangan idishning o'ziga xuddi yorliqdagidek tasvirlarni tushirish mumkin. Shuningdek, kukunsimon mahsulotlarni polietilen paketlarda emas, balki nam yuqmaydigan qog'oz paketlarga qadoqlash lozim. Bunday holat birinchidan, qo'shimcha chiqindilar chiqishining oldini olsa, boshqa tomondan, ayrim qadoqlarni qayta ishlatish imkoniyati paydo bo'ladi. Bu iqtisodiy jihatdan ham ancha samarador.
Umuman, chiqindilar faqatgina ishlab chiqaruvchilar yoki soha mutaxassilarining muammosi emas, avvalo, masalaning yechimi o'zimizda. Birinchi navbatda, ekologik madaniyatni oshirishimiz lozim. Qolaversa, bu borada yangi usul va texnologiyalarni qo'llashning davri keldi. Olimlarimiz yaratgan innovatsion loyihalar esa bu boradagi muhim qadamlardan bo'lmoqda.
Hamza AMINOV,
Davlat ekologiya qo'mitasi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori o'rinbosari