Fakul'tetda davolash ishi va pediatriya ishi ta'lim yo'nalishlari mavjud bo'lib, ayni vaqtda 300 nafardan ortiq talabalar tahsil oladi. 2022-2023-o'quv yilida Tibbiyot fanlari kafedrasi tashkil etilib, 3 nafar tibbiyot fanlari nomzodi, 10 nafar tibbiyot institutlarini tamomlagan yosh shifokorlar jalb qilindi.

Talabalar amaliyotlarini tashkil etish uchun Qarshi shahrida joylashgan 18 ta tibbiyot muassasalari belgilandi va ular bilan hamkorlik shartnomalari imzolanib, talabalarning mazkur klinikalarda amaliyot o'tishlari yo'lga qo'yildi.

Yangi o'quv binosidan 2 ta ma'ruza zali, 12 ta shinam o'quv auditoriyalari, zarur tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan biokimyo va mikrobiologiya o'quv laboratoriya xonalari o'rin olgan. Ahamiyatlisi, ilgari 1500 o'rinli bo'lgan ushbu mahobatli o'quv binosi, mukammal ta'mirlash ishlari olib borilgandan so'ng sig'imi 2400 o'ringa kengaydi.

Xalqaro hamkorlik doirasida Xalqaro ta'lim dasturlari fakul'teti negizida Qarshi davlat universiteti hamda Rossiya Federatsiyasi Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti o'rtasida 2021-yil 9-iyulda imzolangan shartnoma asosida  davolash ishi va pediatriya ishi ta'lim yo'nalishlari bo'yicha qo'shma ta'lim dasturlari ochilgan bo'lib, joriy o'quv yilida 70 nafar talabalar tahsil olmoqda.