Shundan, 2 407 ta qonunbuzilish sog'liqni saqlash muassasalari tomonidan sodir etilgan.
Jumladan, Samarqand shahridagi tug'ruq majmualari tug'ilish va perenatal o'lim to'g'risidagi tibbiy ma'lumotlarni elektron tizimga kiritishda 1 976 ta, fuqarolarga ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini ajratishda xulosa berishda 271 ta, fuqarolarning Ruhiy kasalliklar bo'yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to'g'risida ma'lumotnoma berish xizmatini ko'rsatishda 80 ta, shuningdek, fuqarolarning Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to'g'risida ma'lumotnoma berish xizmatini ko'rsatishda 81 ta holatda qonun buzilish holatlariga yo'l qo'yilgan.
Misol uchun, Jomboy tuman Tibbiyot birlashmasi ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasi narkolog vrachi M.Turakulov Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 yanvardagi 18-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolarning Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to'g'risida ma'lumotnoma berish bo'yicha davlat xizmati ko'rsatishning Ma'muriy reglamenti” talablari qo'pol ravishda buzilishiga yo'l qo'yilganligi aniqlandi. Ya'ni, M.Turakulov garchi vakolatiga kirmasada, 2021 yilning 30 oktyabr kuni fuqaro A.Turdievaning murojaatiga asosan fuqaroning Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to'g'risida ma'lumotnoma rasmiylashtirib bergan.
Vaholanki, Ma'muriy reglamentning 2-bandida, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan ko'rsatilishi qat'iy belgilangan.
Bundan tashqari, Payariq tuman Davlat xizmatlari markazining 2021 yil 31 martdagi fuqaro F.Usarovaning ipoteka kreditiga Davlat subsidiyasini ajratish to'g'risidagi so'rovnomasi fuqaroni ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlovchi va baholovchi mas'ul tashkilotlarga, shu jumladan Payariq tuman tibbiyot birlashmasiga ham yuborilgan. Biroq, tuman tibbiyot birlashmasi, ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasi bosh vrach o'rinbosari S.Xushvaqtov ariza beruvchi va uning oila a'zolariga oid tibbiy ma'lumotlarni 25 kunga kechiktirib, 2021 yilning 8 may kuni elektron tizimga biriktirgan.
“Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to'lash tartibi to'g'risida”gi Nizomning 15-bandida esa mas'ul tashkilotlar o'n ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini u tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida o'rganib chiqib, YAIDXPga onlayn elektron shaklda ma'lumotlarni taqdim etilishi belgilangan. Shu kabi holatlar, S.Xushvaqtov tomonidan yana bir nechta so'rovnomalarni ko'rib chiqishda ham takrorlangan.
Bu hali hammasi emas, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 noyabrdagi 704-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tug'ilganlikni qayd etish bilan bog'liq kompleks davlat xizmatlarini ko'rsatishning ma'muriy reglamenti”ning 6-bandida bola tug'ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug'ilganidan so'ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma'lumotlarni “Tug'ilish va o'limni, shu jumladan perinatal o'limni elektron ro'yxatga olish” axborot almashinuvi tizimiga kiritishi, bunda, bolaning ota-onasiga tegishli ma'lumotlar ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida kiritilishi belgilangan.
Shuningdek, ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo'lmaganda bolaning tug'ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshirilishi qayd etilgan. Afsuski, monitoring tarzida olib borilgan o'rganishlar davomida buning aks hollari kuzatildi.
Xususan, Samarqand shahar 1-son tug'ruq majmuasi mas'ul xodimi D.Kobilova tomonidan 2021 yil 13 aprel kuni tug'ilgan Marguba Aripovaning tug'ilganligi to'g'risidagi ma'lumotni 10 kunga kechiktirib, 2021 yil 24 aprel sanasida avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritganligi ma'lum bo'ldi. Shuningdek, bu kabi qonunbuzilishga mazkur tug'ruq majmuasi xodimi Dilora Kobilova tomonidan ham yo'l qo'yilgan bo'lib, u 28 nafar bolaning tug'ilganligi haqidagi ma'lumotlarini 3 kundan 5 kungacha kechiktirib avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritgan.
Gapning indallosini aytganda, misollar ko'p, hal qilinishi lozim bo'lgan kamchiliklar ham. Lekin kasalni davolagandan ko'ra, uning oldini olgan yaxshi. Shu maqsadda joriy yilning 26 noyabr kuni Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan boshqarma binosida mazkur sohada qonunbuzilish holatlari kelib chiqishiga sabab bo'layotgan holatlarga aniqlik kiritish, ularni bartaraf qilish va kelgusida takrorlanishini oldini olishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi. Biroq, rasman xabar berilganiga qaramay, tadbirda viloyat Sog'liqni saqlash boshqarmasining birorta mas'ul xodimi ishtirok etmadi. Bu esa savollar ketidan, savollar tug'ilishiga sabab bo'lmoqda.
O'ylaymizki, kelgusida soha vakillari xalqimizga sifatli davlat xizmatlari ko'rsatishda tizim xodimlari o'rtasida mas'uliyatni yanada oshiradi.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati