Eng avvalo, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻlaligicha oʻtganimiz yoʻq, gazeta-jurnallarda, idora-tashkilotlardagi rasmiy hujjatlarda hanuzgacha krill alifbosidan foydalanib kelinayotgani achinarli hol. Bundan tashqari televideniya orqali efirga uzatilayotgan turli xil koʻrsatuvlarda jurnalistlar tomonidan shevada gapirish yoki chet el soʻzlarini chala-yarim talaffuz qilish hollari hanuzgacha uchrab turibdi. Bu kabi muammolar kinofilmlarda, radioyeshittirishlarda ham uchraydi.
Yana bir muammo: oliy maʼlumotli, hatto nomzodlik, balki doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan ziyolilarning baʼzilari oʻz ona tilida toʻrt qator matnni yoza olmaydilar. Otasi oʻzbek, onasi oʻzbek, oʻzi ham oʻzbek, lekin ruscha savod chiqargan, kamiga ingliz tilini mukammal oʻrgangan-u, lekin oʻz ona tili oʻzbek tilini umuman bilmaydigan “ziyolilar”ga rahmingiz keladi. Mayli chet tilini oʻrgansin, lekin oʻz tilini ham hurmat qilishi kerak. Baʼzan boshqaruv idoralarida masʼul lavozimda ishlayotgan xodimlar ham oʻz tilida yozishlari qiyinligini aytishadi. Ayrim hujjatlarga nazar tashlasangiz, u avval rus tilida yozilgani, soʻng davlat tiliga tarjima qilingani koʻrinib turadi.
Tilimiz sofligini saqlash unga toʻgʻri kelgan-kelmagan soʻzlarni tiqishtirishga yoʻl qoʻymaslikni anglatadi. Lekin ayrim ijodkorlar oʻziga xos yoʻl tutish, baʼzan jahon mezonlariga boʻylashish deb hisoblab, oʻzbekcha soʻz yoniga inglizcha yoki boshqa tilga mansub soʻzlarni sunʼiy yopishtirishga harakat qilishmoqda. “Yoshlar” telekanalidagi “KameRadar”, “Start up club koʻrsatuvlarini oʻz tilimizda nomlasa boʻlmaydimi? Axir bu koʻrsatuvlar oʻzbek tomoshabinlariga moʻljallangan-ku? Shuningdek, “Milliy” TV kanalida “MTV showkids”, “TV-Sale”, “M-news”, “Voydod, karaoke”, “Qoʻzgʻolonshou” kabi koʻrsatuvlar nomini oʻz tilimizdagi jozibali soʻzlar bilan nomlashning iloji yoʻqmikan? Axir yoshlarimiz hayotdagi axborotni ham, maʼnaviy boylikni ham, asosan, televideniye orqali olishadi-ku?! Bunday sunʼiy nomlar nafaqat tilimizni, balki dilimizni ham buzadi.
Har bir fuqaro-talaba va oʻqituvchi, ziyoli va ishchi, xizmatchi va olim rasmiy hujjatlarni toʻgʻri va xatosiz yozishi Qonunning 7-moddasida aks etgan: “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda oʻzbek adabiy tilining ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”. Demak, har bir shaxs savodxon boʻlishi bilan birga ilmiy atama va terminlarni ishlatishda qonun moddalariga qatʼiy rioya qilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, oʻzbek tili dunyodagi qadimiy va boy tillardan biridir. Uning sofligi, purmaʼnoligi, taʼsirchanligi, goʻzalligi, boyligiga oʻz hissamizni qoʻshishimiz zarur. Xalqimizning oʻz tiliga, eliga boʻlgan cheksiz muhabbati, ijodkorlik qudrati til masalalariga milliylik nuqtayi nazari bilan yondashishda namoyon boʻladi. Hazrati Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz — elga eʼtiborsiz” degan hikmati necha asr oʻtsa ham oʻzining maʼno-mohiyatini yoʻqotgani yoʻq. Aksincha, tarixiy jarayonlar bu hikmatning naqadar haqqoniyligini isbotlab bergan.
Nazokat Sherboyeva,
Xorazm viloyati, Yangibozor tumanidagi
30-son maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi