Timur Ishmetov Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasining bahorgi uchrashuvlari doirasida boʻlib oʻtgan Inson kapitalini rivojlantirish loyihasi yigʻilishida maʼruza qildi

    Moliya 6 Aprel 2021 693

    Moliya vaziri oʻz maʼruzasida 2017-yilda Oʻzbekiston hukumati respublikada ochiq bozor iqtisodiyotiga yoʻnaltirish, xususiy sektorning rolini mustahkamlash maqsadida iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlarning ulkan dasturini ishga tushirganini taʼkidladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasining bahorgi uchrashuvlari doirasida boʻlib oʻtgan Inson kapitalini rivojlantirish loyihasi yigʻilishida ishtirok etdi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

    Uchrashuvda JB guruhi Prezidenti Devid Malpass, Inson resurslarini rivojlantirish boʻyicha vitse-Prezidenti Mamta Murti va loyiha ishtirokchilarining 36 moliya vazirlari ham qatnashdilar. Onlayn uchrashuvning asosiy maqsadi – Inson kapitaliga investitsiya kiritish, ijtimoiy himoya tizimlari va COVID-19 pandemiyasidan keyin elastik va “yashil” tiklanishni taʼminlashga qaratilgan moliyaviy choralarni muhokama qilish.

    Maʼlumot uchun: Inson kapitalini rivojlantirish loyihasi ijtimoiy adolatni mustahkamlash va iqtisodiy oʻsishni taʼminlash maqsadida insonlarga yana-da kengroq va samarali investitsiyalarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan global tashabbusdir. Bugungi kunda 81 mamlakat Jahon Banki guruhi bilan ushbu loyiha doirasida inson kapitali natijalarini oʻzgartirish boʻyicha strategik yondashuvlar ustida hamkorlik qilmoqda.

    Jahon Banki guruhi Prezidenti Devid Malpass taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni davom ettirish, bu yoʻnalishdagi xarajatlar samaradorligini taʼminlash hamda budjet va moliyaviy imkoniyatlarni yaratish bilan birga inson kapitaliga sarmoya kiritish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

    Timur Ishmetov oʻz maʼruzasida 2017-yilda Oʻzbekiston hukumati respublikada ochiq bozor iqtisodiyotiga yoʻnaltirish, xususiy sektorning rolini mustahkamlash maqsadida iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlarning ulkan dasturini ishga tushirganini taʼkidladi. Transformatsiya doirasida aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimlarining sifati, ishonchliligi va barqarorligini oʻzgartirish eng muhim choralardan biri hisoblanadi. Islohotlar boshlanganidan buyon hukumat tomonidan qabul qilingan birinchi qarorlardan biri Jahon Banki, BMT agentliklari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish edi.

    Xususan, 2019-yilda YUNICEF va JB bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi ishga tushirilishi qayd etildi. Dastlab, yagona ijtimoiy reyestr Sirdaryo viloyatida sinovdan oʻtkazildi va 2020-yil sentyabr oyida butun mamlakat boʻylab joriy etildi. Ayni paytda yagona ijtimoiy reyestrni yana-da takomillashtiriish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yangi raqamli tizim 20 dan ortiq vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazalarini birlashtiradi va ijtimoiy yordamni aniqlash va qamrab olishdagi boʻshliqlarni yoʻq qiladi.

    Shuningdek, joriy yilning fevral oyida barqaror ijtimoiy himoya tizimini yaratish va ijtimoiy integratsiyani taʼminlash uchun 2021-2030-yillarda aholini ijtimoiy muhofaza qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya XMT, Jahon Banki va YUNICEFning faol yordami bilan ishlab chiqilgan.

    Yigʻilish doirasida Misr, Keniya, Saudiya Arabistoni, Filippin, Indoneziya va Bahrayn vakillari inson kapitalini rivojlantirish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar yuzasidan maʼruzalar bilan ishtirok etdilar.