Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini koʻrsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun Oʻzbekistonga 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi.
Loyiha mamlakatning beshta mintaqasida suv yoʻqotishlarini kamaytirish va sugʻorish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. Oʻzbekiston hukumati loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun qoʻshimcha $23,2 mln ajratadi.
Ushbu loyiha Jahon bankining Markaziy Osiyo mamlakatlarida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va suv resurslarini saqlashga qaratilgan mintaqaviy dasturining birinchi bosqichi boʻladi.
Bank press-relizida qayd etilishicha, Oʻzbekistonning qurgʻoqchil iqlimi irrigatsiyani qishloq xoʻjaligi uchun hayotiy zaruratga aylantiradi, bu yalpi ichki mahsulot va aholi bandligining qariyb 25 foizini tashkil etadi. Suvning asosiy qismi Amudaryo va Sirdaryodan olinib, keng tarmoqli kanallar orqali dalalarga yetkazib beriladi. Qishloq xoʻjaligi mamlakatdagi barcha suv resurslarining qariyb 90 foizini isteʼmol qilganligi sababli, suvdan samarali foydalanishni taʼminlash muhim vazifaga aylanmoqda.
Oʻzbekistonda muzliklar oqimining kamayishi, suv bugʻlanishining ortishi, muntazam boʻlmagan yogʻingarchilik va qurgʻoqchilikning tezlashishi tufayli suv resurslari taqchilligi sezilarli darajada kuchayishi kutilmoqda. Prognozlarga koʻra, ushbu oʻzgarishlar mavjud suv resurslari hajmini 30-40 foizga kamaytirishi va shu bilan birga irrigatsiya xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni 25 foizga oshirishi mumkin. Bu esa suv resurslariga qoʻshimcha yuklama boʻladi.
Oʻzbekistonda irrigatsiya infratuzilmasining katta qismi eskirgan, bu esa suvning sezilarli darajada yoʻqotilishiga, resurslarning hududlar oʻrtasida notekis taqsimlanishiga va fermerlarga irrigatsiya xizmatlari koʻrsatish sifatining pastligiga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, 2,4 mln gektarga yaqin qishloq xoʻjaligi yerlari (mamlakatning barcha sugʻoriladigan maydonining 56 foizi) nasoslar yordamida suv yetkazib berishga bogʻliq. Buning uchun 1,7 mingga yaqin nasos stansiyalari ishlatiladi, ular har yili taxminan 7,2 milliard kVt/soat elektr energiyasini isteʼmol qiladi — bu mamlakat umumiy energiya isteʼmolining qariyb 16 foizini tashkil etadi.
«Yangi loyiha orqali Jahon banki Oʻzbekiston suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini amalga oshirishda hukumatga koʻmak beradi. Unda, jumladan, irrigatsiya sohasida suv va energiya tejamkor infratuzilmani rivojlantirish koʻzda tutilgan. Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirishga, suvdan foydalanuvchilarning farovonligini yaxshilashga, shuningdek, irrigatsiya va agrosanoat sohalarida yangi ish oʻrinlarini yaratishga yordam beradi,« — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Tatyana Proskuryakova.
Suv xoʻjaligi vazirligi loyihani Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirish uchun masʼul boʻladi. 2031-yilga borib ushbu hududlarda irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish va koʻrsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish orqali suv xoʻjaligi sektori samaradorligi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari orasida:
- Amudaryo va Sirdaryo bilan bogʻlangan va koʻrsatilgan hududlardan oʻtgan sakkizta yirik magistral kanalning 259 km uzunligini betonlash. Buning uchun zamonaviy suvni tejaydigan materiallar, shu jumladan geomembranalardan foydalaniladi;
- oʻz-oʻzidan oqadigan suv taʼminotini taʼminlash va iloji boricha nasoslardan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun kanallar oʻzanlarini qayta profillash va ularning sathini koʻtarish;
- koʻrsatilgan kanallar boʻylab suv taqsimotini nazorat qilish darajasini oshirish uchun 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar qurish;
- suv oʻlchagichli boshqariladigan suv tashlagichlarni oʻrnatish, shuningdek, suv taʼminoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish tizimini (SCADA) joriy etish.
Loyihaning kutilayotgan natijalari:
- 232 ming gektar maydonda irrigatsiya xizmatlari sifatini oshirish, bu yerlarda qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish imkonini beradi;
- 180 000 nafar suvdan foydalanuvchilar, shu jumladan 80 000 nafar xotin-qizlar uchun sugʻorish xizmatlaridan yanada ishonchli foydalanishni taʼminlash;
- yillik suv yoʻqotishlarini taxminan 540 million kub metrga qisqartirish, bu esa suvdan yanada oqilona foydalanishga yordam beradi;
- yiliga 165 million kVt/soatdan ortiq elektr energiyasini tejash imkonini beradi, bu esa irrigatsiya sohasida energiya samaradorligini oshiradi va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi.








