Yangi Oʻzbekiston “Inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan muhim gʻoya negizida barpo etilmoqda. Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida shaxs, inson qadri birinchi oʻringa qoʻyilib, “inson – jamiyat – davlat” yangi tamoyili davlat hamda jamiyat boshqaruvining mehvarini tashkil etadi. Umuman, amaliy natija, inson manfaati, uning qadrqiymati yurtimizdagi barcha islohotlarning tub mohiyatiga aylangan. Xususan, insoniylik va mehr-oqibat beshigi boʻlgan mahallalarimizda bunday hayotbaxsh oʻzgarishlar yaqqol aks etayotir.

Manbalarga koʻra, “mahalla” soʻzi arabchadan olingan boʻlib, “oʻpin, joy” maʼnolarini anglatadi. Bu soʻz typli davrlarda, turli joylarda mahallot, joyiguzar, jamoa, elat, el kabi tushunchalar bilan ifodalangan. Ayrim manbalarda mahalla uzoq tarixga ega ekani va uning paydo boʻlganiga ikki-uch ming yildan oshgani haqida maʼlumotlar uchraydi.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, jez davri yodgorligi boʻlgan Sopollitepada sakkizta oila yashagan. Keyinchalik ularning safiga patriarxal tizim asosida yuzdan ortiq oila qoʻshilgan. Katta oilalar jamoasini oqsoqollar boshqargan, ular esa, oʻz navbatida, oqsoqollar kengashiga birlashgan. Narshaxiy “Buxoro tarixi” acapida Buxoroda bundan ming yil avvalgi mahallalar haqida maʼlumot berib oʻtgan. Alisher Navoiy esa “Hayrat ul-abpop” asarida “Mahalla shaharcha ichidagi shaharchadir”, deb yozadi.

Tarixchilar Amir Temur davrida mahallalar rivojlanib, ravnaq topganini eʼtirof etadi. Mahalla jamoaviy yashashning, oʻzini oʻzi boshqarishning oʻziga xos koʻrinishi ekanini eʼtiborga olsak, yurtimizda bugungi taraqqiy etgan jamiyatni barpo etishga intilish ancha oldin boshlanganiga guvoh boʻlamiz. Chunki mahalla xalqimizning mentaliteti, dunyoqarashi asosida paydo boʻlgani uchun yillar silsilasida ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmadi, aksincha, rivojlanib, zamonaviy koʻrinishga ega boʻlib bordi.

“Mahalla” soʻzi zamirida bagʻrikenglik, axloq, poklik, rostgoʻylik, omonatga xiyonat qilmaslik, mehr-oqibat, doʻstlik, sadoqat, kindik qoni toʻkilgan joyning qadriga yetish, uni qadrlash kabi hayotiy tushunchalar jamuljam. Uning bagʻrida saxiylik, el-ulusni anglash, uning manfaatini oʻz manfaatidan ustun qoʻyish, sogʻlom oila va farzandga ega boʻlish, bolalarni el-yurt xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalash, ota-ona va boshqa kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish, h aromdan hazar, olijanoblik, qoʻshnilarga, atrofdagilarga muruvvat singari sifatlar tarbiyalanadi, hayotga tatbiq etiladi.

Shu sababli, odamlar azaldan oʻz mahallasini qadrlagan. Uning ravnaqi, aholisining farovonligi uchun qoʻlidan keladigan barcha ishni qilgan. Bu yerda istiqomat qiladigan odamlar tugʻishgan ogʻa-ini, opa-singil, qon-qarindosh kabi mehr-oqibatli boʻlib, yaxshi va yomon kunlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlagan. Xalqimizga xos oʻzini oʻzi boshqaruv tizimining bu noyob usuli qadimdan odamlar hayotidan chuqur joy egallagani bejiz emas. Biz “Mahalla — ham ota, ham ona” hikmatini ana shu haqiqatning ifodasi sifatida qabul qilamiz.

Tafovut qiyosda koʻrinadi

Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz. Bunga isbot uchun misolni olisdan izlashga aslo ehtiyoj yoʻq. Har birimiz yon-atrofimizga nazar tashlasak bas, isbotini koʻramiz. El aziz boʻlmaganida, shahar yoki tuman markazlarini qoʻying, ovullar, qishloqlar, mahallayu koʻchalar shunchalik obod boʻlarmidi?! Sahro ichra soʻlib, xarobaga aylangan Moʻynoq shunday koʻrkam qiyofa kasb etarmidi?! Hatto nomi ham yoʻq boʻlib ketgan Boʻzatov obod boʻlarmidi?! Nukus gullab-yashnab, tumanlar shunchalik oʻzgararmidi?!

Birgina Orolboʻyida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 80 dan ortiq qishloq va ovulning qiyofasi tubdan yangilandi. Qoraqalpogʻistonning oʻzida aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida oʻn mingdan ortiq xonadonli yangi uy-joylar qurildi. Zamonaviy bogʻchalar, maktablar, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport maskanlarini-ku sanab adogʻiga yetish mushkul.

Yaqin-yaqingacha qoraqalpogʻistonliklar ogʻir jarrohlik amaliyoti uchun uzoq yoʻl bosib, ne mashaqqatda Toshkentga kelar edi. Bugun esa bunday amaliyotlar Nukus shahri, Xoʻjayli, Beruniy tumanlarida oʻtkazilmoqda. Qancha-qancha insonlar sogʻlom hayotga qaytmoqda. Toʻgʻri, biz bobolarimiz kabi urush va uning oqibatlarini koʻrmadik. Ochlik, qahatchilik nimaligini bilmadik. Ammo bizning ham yoshlarga aytib beradigan, ularni bu kunlarning qadriga yetishga undaydigan, daʼvat etadigan xotiralarimiz bor.

Zero, biz mustaqillikning dastlabki yillaridagi, hatto yaqin yillargacha davom etgan qiyinchiliklarga guvoh boʻldik. Masalan, uzoq va yaqin tariximizga daxldor boʻlgan paxta yigʻim-terimi gʻala-gʻovurlarini esga olaylik. Oʻquvchi maktabga borsa, oʻqituvchi paxtada, bemor shifoxonaga borsa, shifokor paxtada, davlat idoralari eshigiga “Hamma paxta terimida”, deb yozib, qulf urilgan. Boshingga tosh qulasa ham, dodingni eshitadigan odam yoʻq. Oʻsha paytlari “Hali shunday kunlar keladi, “Nima muammong bor?” deb uyingga borib, eshigingni taqillatib turishadi”, desa, kim ishonardi?!

Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida barcha tuman va shahardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Oʻtgan yilning oʻzida ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir 325 ta qishloq va 71 ta mahallani kompleks rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, 2 ming 721 ta mahalladagi 10 ming kilometrdan ortiq ichki yoʻlni taʼmirlashga 2 trillion, 500 ta mahallaga 4 ming kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmogʻi tortish uchun 1 trillion soʻm ajratildi. Elektr taʼminotini yaxshilash dolzarb masala ekanini bugun hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Shu bois, 5 ming 377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmogʻi, 4 mingdan ortiq transformator taʼmirlandi hamda yangilandi. Bu yurtimizdagi mahallalarning 60 foizi demakdir. Ushbu chora-tadbirlarga qariyb 2 trillion 100 milliard soʻm yoʻnaltirildi.

Gaz taʼminoti tizimini yaxshilash maqsadida 632 kilometr gaz tarmogʻi va 2 ming 121 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 9061 ta suyultirilgan gaz balloni talabgorlarga yetkazib berildi. Qishloq va mahalla koʻchalarini obodonlashtirish yoʻnalishida 1 ming 473 kilometr piyodalar yoʻlagi, 952 kilometr velosiped yoʻlagi, 1 ming 781 ta sport maydonchasi va 381 ta bolalar maydonchasi taʼmirlandi.

Bundan tashqari, Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 21 ta tuman, 60 ta qishloqda qiymati 485 milliard soʻmlik loyihalar boshlandi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida inson haq-huquqlari masalasida adolatni taʼminlash maqsadida yangi mexanizmlar, institutlar joriy qilindi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish maqsadida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 966 ta maktab, 550 ta maktabgacha taʼlim hamda 331 ta tibbiyot muassasasi, 13 ta madaniyat obyekti, 59 ta sport inshootida qurish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Mahallalarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun 11 ta madaniy meros obyekti, 55 ta turizm va yondosh infratuzilma obyekti, 255 kilometr yoʻl, 45 ta muhandislik-kommunikatsiya tarmogʻi taʼmirlandi. Asosiy eʼtibor hududdagi ishsizlik bilan bogʻliq muammolarga yechim topishga qaratildi.

Bunda birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, eng ogʻir sharoitda yashayotgan nogironligi bor shaxslar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, ishsiz insonlarning muammosini hal qilishga eʼtibor qaratildi. Eng muhimi, bugun ana shu saʼy-harakatlar oʻz samarasini bermoqda.

Koʻz oʻngimizdagi yangilanishlar

Hozir islohotlar shiddat bilan davom etayotgani uchun hayotimizda har kuni biror muhim oʻzgarish, yangilik boʻlyapti. Buni koʻpchilik oʻz turmushida ham yaqqol his qilmoqda. Soʻnggi uch yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 1500 dan ortiq qishloq va mahalladagi yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.

Xizmat koʻrsatish shoxobchalari tashkil etildi. Shuningdek, ularda yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2022-2026-yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish, taʼmirlash hamda obodonlashtirish ishlari bajariladigan qishloq va mahallalar soni boʻyicha maqsadli parametrlar tasdiqlandi.

Shunga muvofiq, joriy yilning oʻzida 413 ta qishloq va mahallada boshlangan qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari yakuniga yetayozdi. Umuman, bu dasturlar doirasida ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun jami 2 trillion soʻm, ichimlik suv t aʼminotini yaxshilash uchun 1 trillion soʻm, ijtimoiy soha va boshqa obyektlarni qurish (taʼmirlash) va obodonlashtirishga 1,4 trillion soʻm ajratiladi. Bu kichkina mablagʻ emas. “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bu.

Shu maqsadda joriy yilgi dasturlar doirasida 4 ming 100 ta mahallani obod qilish, bolalar bogʻchasi, maktab, sogʻliqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga byudjetdan qariyb 29 trillion soʻm ajratildi. Buning evaziga 434 ta mahallada ichki yoʻllar taʼmirlandi. 672 ta mahallaga ichimlik suv tarmogʻi tortildi. 34 ta yangi maktab barpo etildi, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi taʼmirlandi.

Ularda qoʻshimcha 78 ming oʻquvchi taʼlim olishiga imkoniyat yaratildi. Shuningdek, 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoq yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million aholining elektr taʼminoti yaxshilandi. Bugungi kunda yurtimizda 9 ming 370 ta mahalla bor. Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, ularning har biriga tegishli mutasaddilar, joylardagi rahbarlar borib, aholi bilan uchrashib, odamlarni qiynayotgan muammolar roʻyxati shakllantirilgan. Xususan, yoʻl, ichimlik suv, sugʻorish tizimi, elektr taʼminoti, taʼlim va tibbiyot bilan bogʻliq 12 mingta masala koʻtarilgan.

4 ming 979 ta mahallada rejalashtirilgan 5 ming 695 ta qurilish-taʼmirlash loyihasi uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamgʻarmalariga 1 trillion 700 milliard soʻm yoʻnaltirilishi aytildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion soʻm ajratiladi. Mahallalarda turmush sharoitlarini yaxshilashda “Tashabbusli byudjet” loyihasi ayni muddao boʻlmoqda. Joriy yilning ikkinchi yarmida bu loyihada 9 ming 201 ta (98 foiz) mahalla ishtirok etdi.

Ovoz berish yakunlariga koʻra, 1 ming 221 ta mahalladagi 1 ming 418 ta loyiha gʻolib topilib, ular uchun jami 1 trillion soʻm oʻtkazib berildi. Prezidentimiz aholi talabini qanoatlantirish va mahallalarni obod qilish maqsadida “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirish taklifini bildirdi. Har bir mahalla oʻzining muammosini mustaqil hal etishi uchun kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi.

Endi har bir viloyatning soliq tushumi past boʻlgan bittadan tumanida tajriba tariqasida aholining mol-mulk va yer soligʻini undirish mahallaning oʻziga oʻtkaziladi. Bundan tushgan mablagʻ mahalla byudjetida qoladi. Mahallabay va fuqarobay ish uslublari ayni damda aholi murojaatlari va jamiyatdagi koʻplab muammolarni bartaraf etishda barcha sohalar uchun eng samarali yoʻl ekani oʻz isbotini topmoqda.

Xususan, mahallabay ishlash tizimi murakkab boʻlishiga qaramay, har bir insonning dardini tinglash, hayotini tubdan oʻzgartirish, jamiyat taraqqiyotini iqtisodiy oʻsishlar b ilan emas, balki aholining oʻz hayotidan mamnunligi bilan oʻlchash kabi mezonlarni kun tartibiga chiqardi. Ushbu tizim, oʻz navbatida, siyosiy chaqiruv ham hisoblanadi. Unga koʻra, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ichki va tashqi resurslar hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar, turli idora va tashkilotlarning “faoliyat yoʻlaklari” mahallalar boʻyicha tashkil etiladi.

Buning natijasida ayni vaqtda yurtimizda kechayotgan oʻzgarishlar mohiyatida “mahallabay” soʻzining ahamiyati kundan-kun ortib bormoqda. Mazkur amaliyot natijasida barcha tashkilot va idoralarning joylardagi faoliyati aynan mahallalardagi oʻzgarishlar va bu orqali muammolarning hal etilishiga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Hamjihatlik — davr taqozosi

Mahalladagi muammolar va aholining kundalik maishiy masalalarini hal etish birgina tizim xodimlari yordamida bartaraf etish imkonsiz. Shu sababli, bu jarayonda har bir soha masʼullarining ishtiroki va aralashuvi muhim. Joylarda mahallabay ishlash mexanizmining asosini ana shu tamoyil — barcha soha vakillarining hamjihat boʻlib, hududlardagi masalalarni yechishga kompleks yondashuvi tashkil etadi.

Aytaylik, bugun odamlarning eng muhim muammosiga aylanib borayotgan gaz va issiqlik taʼminotini yaxshilash masalasini “Hududgaztaʼminot” AJning joylardagi masʼullari ishtirokisiz hal etib boʻlmaydi. Shuningdek, suv, yoʻl va boshqa muhim sohalarda sezilarli oʻzgarish yasash uchun ham shu hududdagi aynan oʻsha tizim xodimlarining doimiy ishtiroki muhim ahamiyatga ega.

Mahallabay ishlash, taʼbir joiz boʻlsa, barcha soha mutasaddilarining bir yoqadan bosh chiqarib, mahallalardagi muammolar, aholi turmushidagi muhim masalalarni birgalikda hal etishidir. Joylardagi muammolarni mahallabay aniqlash va bartaraf etish, mahalla pasportidagi mezonlar asosida “qizil”, “sariq” hamda “yashil” hududlarga ajratilgan holda barcha mahallalarni “yashil” hududga oʻtkazish choralarini koʻrish, hududlarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralarning masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan.

Ular koʻmagida odamlarni qiynayotgan koʻplab ijtimoiy muammolar yechim topmoqda. Xususan, oʻtgan yili ishchi guruhlar tomonidan yurtimizdagi murakkab vaziyatdagi mahallalarning ichki yoʻllar, ichimlik suv va elektr taʼminotini yoʻlga qoʻyish, irrigatsiya tarmogʻini yaxshilash boʻyicha koʻplab muammolari hal etildi. Jumladan, chekka mahallalardagi ariq va zovurlar tozalandi, mevali va manzarali daraxt koʻchatlar ekildi. Maishiy chiqindi toʻplash maskani tartibga keltirildi.

Mingdan ziyod tungi yoritqich moslamasi oʻrnatildi. Shuningdek, aholi salomatligini saqlash maqsadida 80 mingdan ortiq fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 6 mingga yaqiniga bepul dori-darmon, qariyb 1,5 ming nafariga nogironlik aravachasi, qoʻltiqtayoq hamda protezortopediya vositalari tarqatildi. Ehtiyojmand 6,5 mingga yaqin fuqaroga maishiy texnika, tikuv mashinasi va oziq-ovqat mahsulotlari, mingdan ziyod yurtdoshimizga moddiy yordam koʻrsatildi.

Yangi tizim nima beradi?

Avvalo, mahalladagi ijtimoiyiqtisodiy holatni xonadonbay oʻrganish, jumladan, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqadan foydalanish holati hamda daromadli mehnatga intilish va ehtiyojlarini tahlil qilish imkoniyati paydo boʻladi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yoʻnalishlar belgilanib, ularni ishga solish orqali mahallaning iqtisodiy qudrati yuksaltiriladi.

Doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan ishsiz aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar qiziqishini oʻrganish orqali kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilib, mahallaning oʻzida ish bilan taʼminlanadi. Qolaversa, mahallada istiqomat qiluvchi aholining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, jumladan, ularning hunarmandlik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa turdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olishiga koʻmaklashiladi.

Tomorqadan samarali foydalanish, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urugʻchilik, koʻchatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyati oshiriladi. Bir soʻz bilan aytganda, keng qamrovli bu vazifalar izchillik bilan ijro etilishi mahallalarning chinakam obod va farovon maskanga aylanishi, xalqimiz hayotida katta oʻzgarishlar boʻlishiga zamin hozirlaydi. Buning ilk nishonalarini allaqachon yon-atrofimizda, koʻrkam mahallalarda his etyapmiz.

Tadbirkorligi, oʻz mehnati bilan daromad topib, farovonlikka erishayotgan xonadonlar misolida koʻryapmiz. Yurtimizning har bir hududida bunday obod va koʻrkam goʻshalar, maftunkor maskanlar, namunaviy xonadon va koʻchalar koʻpayyapti. Xalqimizning hayotga ishonchi oshib, yashashga, kelajakka intilishi yanada kuchaymoqda. Ha, obodlik bor joyda fayzu baraka, rivojlanish, tinchlik va toʻkinlik boʻladi.

Yurtimizni barqaror rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, fuqarolarimiz hayotdan rozi boʻlib, ertangi kunga qatʼiy ishonch bilan munosib hayot kechirishini taʼminlash boʻyicha oldimizga qoʻygan maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirishda jamiyatning eng muhim boʻgʻini hisoblangan mahalla institutining oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.