Mudofaa vazirligining masʼul ofitserlari, bilim yurti vakillari, kursantlar, oʻqituvchi va professorlar, chirchiqlik faol yoshlar ishtirok etgan tadbirda dastlab isteʼfodagi harbiy Abubakr Navroʻzov soʻz olib, Oʻzbekiston armiyasining salohiyati haqida gapirdi.
“Yurt tinchligi degan soʻzni biz harbiylar juda yaxshi bilamiz. Tinch yurtda taraqqiyot boʻladi. Soʻnggi yillarda qurolli kuchlarimizni rivojlantirish boʻyicha ulkan ishlar olib borildi. Natijada Oʻzbekiston Qurolli kuchlari jahondagi 40 ta eng kuchli armiyalar qatoriga qoʻshildi. Dunyo mamlakatlarida boʻlib oʻtayotgan musobaqalarda bizning harbiylarimiz faxrli oʻrinlarni olib qaytmoqda.
Bu musobaqalarda kuchli davlatlarning kuchli armiyalari ishtirok etayotganini hisobga olsak, bu gʻalabalarimiz qadri naqadar yuqori ekanini tushunamiz. Bugun jahondagi harbiy mutaxassislar bundan hayratlanmoqda. Oʻzbekiston buyuk va Oʻzbekistonning Qurolli kuchlari ham buyuk va bundan keyin ham buyuk boʻladi”, — deydi Abubakr Navroʻzov.
2000-yil Sariosiyo voqealarida dushmanga qarshi urushda vafot etgan harbiy xizmatchi Nariman Abkelyamovning xotini, kichik serjant Luiza Abkelyamova Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha boʻlib oʻtgan targʻibot tadbirida Oʻzbekistonda harbiy xizmatchilarga yaratilgan imkoniyat haqida soʻz yuritib, barchani referendumda faol ishtirok etishga chorladi.