Inson dunyoga kelibdiki, baxtga intilib yashaydi. Saodatli boʻlib, tolega choʻmib hayot kechirishni orzu qiladi. Unga yetishish yoʻllarini izlaydi. Albatta, bu neʼmatga oʻz-oʻzidan erishilmaydi. Xalqimiz azaldan baxt deganda tinchlik, xotirjamlik, sihatsalomatlik, farzandlar kamoli, el-yurt oldida yuzi yorugʻlik kabilarni asosiy mezon sifatida bilgan.
Har bir odamning baxti, eng avvalo, Yaratganning inoyati, oʻzining mehnati va intilishlari bilan bogʻliq. Lekin shuni unutmaslik zarurki, inson xalqdan, jamiyatdan, Vatandan ayro holda baxtli boʻla olmaydi. Tinchlik-osoyishtalik qoʻlga kiritayotgan yutuqlarimizning bosh mezoni, erishayotgan marralarimiz, farovon hayotimiz, serfayz dasturxonimiz, farzandlarimiz baxti va kamolining asosidir.
Tinchlik shukuhi hukmron boʻlmasa, insonga tabiatdagi hech bir narsaning, jamiyatdagi huzur-halovatning qadri qolmaydi. Xotirjamlik yoʻq joyda taraqqiyot ham, rizq-roʻz ham boʻlmaydi. Kelajak, ertangi kun haqida orzu-umid ham, baxt ham, osudalik ham xayolga aylanadi. Shu bois, tinchlik taraqqiyotning bosh omili, erishayotgan barcha muvaffaqiyatlarimizning kalitidir. Xoʻsh, tinchlik shunday totli neʼmat ekan, unga qanday erishiladi yoki tinchlik qanday muhofaza etiladi?
Osoyishtalik insonlarning bir-biriga hadya etadigan tuhfasi yoki bozorda sotiladigan mahsulot boʻlsa ekan, osongina qoʻlga kiritilsa. Tinchlik neʼmati uchun nafaqat Yaratganga duo va iltijolarni koʻpaytirish, balki kurashish ham kerakligini hayotning oʻzi koʻrsatib bermoqda. Prezidentimiz “Bunday oʻzgarishlarning eng katta zamini — yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik”, deganida ayni haq gapni aytgan edi.
Bugun dunyo sahniga koʻz tashlaylik. Uzoq-yaqin ayrim mamlakatlarda boʻlayotgan notinchliklar, talatoʻplar, qirgʻinbarotlar, oʻzaro nizolar oʻsha mamlakatlarning aholisiga nima berdi, kimning yechilmagan muammosini yechdi, kimni murodiga yetkazdi? Aksincha, minglab odamlarning joniga zomin boʻldi, obod goʻshalar xarobaga aylanadi, ota-bobolar xoki oyoqosti qilindi, ishlab chiqarish izdan chiqdi, odamlar och-nahor, baʼzilari qochgan, baʼzilari mayib-majruh boʻlib qolgan, yana kimdir boshpana izlab, oʻzga yurtlarda sarson-sargardon.
Bunday joyda baxt, taraqqiyot, ertangi kunga ishonch boʻladimi? Yashash uchun kafolat bormi? Aslo, yoʻq. Demak, inson Yaratganning roziligiga ham, oʻzining baxtu iqboliga ham faqat va faqat shukrona va ogohlik orqali erishar ekan. Shukrona, eng avvalo, qalbdan boshlanadi. Bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasi xilma-xil shakl-shamoyil kasb etayotgan sharoitda inson qalbi, ongi, dunyoqarashi uchun boʻlayotgan kurashlar bejiz emas.
Bugungi kunda sanoqligina davlatda yadro quroli ishlab chiqarish borasida saʼyharakatlar davom etayotgan pallada axborot tahdidi bilan 120 ga yaqin davlat jiddiy shugʻullanayotgani dunyoni yadro urushidan koʻra axborot xuruji talvasaga solayotganidan dalolat beradi. Bir zaminda yashayotgan, bir daryodan suv ichayotgan, bir dinga eʼtiqod qilayotgan odamlarni bir-biriga dushman qilib, ularning orasiga nifoq solib, urush olovini yoqib, birodarkushlik urushini zimdan boshlab berib, ortidan behisob boylik toʻplab olayotgan qora kuchlar ham yoʻq emas.
Dunyo mustamlakachiligi tarixida sinovdan oʻtgan bir ibora bor: “Boʻlib tashla, hukmronlik qil”. Bugun ham bu ibora eskirgani yoʻq. Aynan ana shu ibora asosida akani ukaga, otani bolaga, yaqin qarindoshni bir-biriga qayrab, ularning qonini toʻkayotgan kuchlar koʻpayib bormoqda va bu yoʻlda behisob mablagʻ sarflanmoqda. Manfur kirdikorlarini amalga oshirishda bu kuchlar dinni, demokratiyani, ayrim iqtisodiy qiyinchiliklarni, etnik xususiyatlarni asosiy mavzu qilib olmoqda.
Diniy-dunyoviy savodi boʻlmagan odamlarga goʻyoki jannatdagi hayotni vaʼda qilmoqda. Ularning ibodatidan xato topmoqda, hayotda yuz berishi mumkin boʻlgan ayrim qiyinchiliklarni boʻrttirib koʻrsatmoqda. Ijtimoiy muammolarga mavjud tuzum aybdor, deb davlat va fuqaro oʻrtasidagi birlikka raxna solmoqda. Bunday razil niyatlarini amalga oshirishda hali yoʻlini tanib olmagan, maʼnaviyati zaif, iymon-eʼtiqodi butun boʻlmagan yoshlardan foydalanmoqda.
Yoshlar ongiga turli ijtimoiy tarmoqlar yordamida “ommaviy madaniyat”, soxta demokratiya, notoʻgʻri diniy tushunchalar orqali tahdid solib, yoʻldan adashtirmoqda. Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 20-dekabrdagi Murojaatnomasida bu xususda ham toʻxtalib, jumladan, shunday dedi: “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm gʻoyalariga berilganlar boʻlishi mumkinmi?
Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz. Buning uchun nafaqat masʼul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha oila, mahalla va taʼlim maskanlarida ish olib borishimiz zarur”.
Prezidentimizning bu muhim masalada alohida Milliy dastur qabul qilinishi haqidagi taʼkidi yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada koʻproq ahamiyat qaratishimiz kerakligidan dalolat bermoqda. Oʻz vaqtida dunyo madaniyatida oʻziga xos oʻrin tutgan Suriyadagi Palmiraning bugungi holatini koʻring. Hozir dunyoda minglab odam jon saqlash maqsadida sahroda qochib yuribdi, bekordan-bekorga halok boʻlayotganlar ham kam emas. Yevropaga borayotgan qochoqlarning soni kundan-kunga koʻpayib bormoqda.
Xoʻsh, bu urushlar kimga baxt olib keldi, kimning muammosini yechdi, kimning ogʻirini yengil qildi? Qoʻshni mamlakatda yuz bergan oʻzaro birodarkushlik urushi afgʻon xalqiga deyarli 45 yildan beri nima berdi? Ofat, qaygʻu, baxtiqarolikdan boshqa narsa keltirmadi. Bugungi hayotimizga bir nazar solaylik. Hayotimiz tinch, tunlarimiz osuda, mehnatimiz barakali, bozorlarimiz obod, koʻchalarimiz fayzli, shaharu qishloqlarimiz kundan-kun goʻzallashib bormoqda.
Rizqimiz butun, dasturxonimiz toʻkin, farzandlarimiz ertasidan koʻnglimiz toʻq, ularning shoʻx kulgisi xonadonlarimiz fayziga fayz qoʻshib turibdi. Keksalarimiz ardoqda, bemorlarimiz parvarishda. Xalqimiz oʻz yumushi, bunyodkorlik ishlari bilan band, ertangi kun orzusi va umidi bilan yashamoqda. Yashash uchun barcha imkoniyatlar bor bu yurtda. Har birimiz hayotimizda boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlar, yurtimizdagi izchil taraqqiyotni koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz, qalbdan his etib, turmushimizda sezmoqdamiz.
Bunday yuksalishlarni, xalqimiz hayotidagi baxt va iqbolni, farovonlikni nafaqat oʻzimiz his etyapmiz, balki dunyo ahli ham bizga alohida havas bilan qaramoqda va tan bermoqda. Xalqimiz barcha yutuqlarga, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik, bunyodkorlikka oʻzaro hamjihatligi tufayligina erishdi. Ayniqsa, “Inson qadri uchun” tamoyilining Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasiga asos sifatida olingani, keyingi besh yillikka moʻljallangan aniq rejalarning amaliyotga joriy etilishi natijasida xalqimiz Uchinchi Renessans poydevori hisoblangan ilm-fan, iqtisodiyot va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda jahonning havas qilsa arziydigan mamlakatlari qatoridan joy oladi.
Hazrat Alisher Navoiy shahzoda Badiuzzamonga yozgan maktublaridan birida shunday hikmatomuz fikrlarni bayon qiladi: “Odamning murod-maqsadi boʻlmasa, balolardan omon qolmaydi. Ammo har kishining murodi koʻproq boʻlsa, Haq taolo amriga itoati ham boʻladi”. Shunday ekan, har birimiz oʻz maqsadimizni aniq belgilashimiz, ogoh boʻlishimiz, Vatan, ota-ona, qarindosh-urugʻ, farzandlar, xalq, el-yurt oldidagi masʼuliyatimiz va burchimizni anglagan holda, bunyodkorlik hissi bilan yashashimiz va shu orqali barcha ezgu maqsad va niyatlarimizga erishishimiz mumkin.
Oʻzini shu vatanning farzandi deb bilgan insonlar nafaqat taʼlim-tarbiya jarayonida, balki ota-onasi va farzandi bilan muloqotda yoki aka-ukalari suhbatida ham dunyoda yuz berayotgan notinchliklar, toʻpolonlar, ekstremistik oqimlar faoliyatidan birbirini ogoh etib turmogʻi kerak. Shuningdek, xunrezliklarning ortida turgan kuchlar hamda ularning gʻarazli maqsadlari mohiyatini ochib berishi, mamlakatimizdagi yutuqlar, bunyodkorliklar, tinchlik va barqarorlikni saqlash borasidagi amaliy ishlar va vazifalar haqida mulohaza yuritishi darkor.
Biz goʻzal, ozod va obod Vatan quryapmiz. Hayotimiz osoyishta, turmushimiz farovon, ertangi kunimizga ishonchimiz katta. Biroq ana shuning oʻzi hayotimiz va tinchligimiz, ertangi kunimiz, koʻzlagan maqsadlarimiz, erishishimiz lozim boʻlgan marralar uchun yetarli emas. Bugungi mafkuraviy xurujlar, “ommaviy madaniyat” tahdidi davrida biror daqiqa ham loqayd va befarq boʻlmasligimiz zarur. Hamisha ogoh va hushyor boʻlgan holda tinchligimizni koʻz qorachigʻidek asrashimiz, yoshlarimiz ongini yot gʻoyalardan himoya qilmogʻimiz, maqsad va muddaolarimizni aniq belgilab olmogʻimiz zarur.
Bu borada davlatimiz rahbarining “Shu oʻrinda deputat va senatorlarimiz, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, butun xalqimizga qarata aytmoqchiman: eng bebaho oliy neʼmat — tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulugʻ boylikni asrab-avaylaylik!” degan xitobi barchamizni takror va takror ogohlikka undaydi.