Tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning oʻrni mavzusida «Ayollar forumi» oʻtkazildi

    Harbiy 14 Iyul 2024 1024

    Milliy gvardiya Toshkent shahar qoʻriqlash boshqarmasida «Xavfsizlikni taʼminlanishida xotin-qizlarning oʻrni» mavzusida tashkil etilgan Ayollar forumi boʻlib oʻtdi.

    Forum uch yuzga yaqin turli soha vakillari boʻlmish xotin-qizlarni bir maqsad sari birlashtirdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Durdona Rahimova, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Mukarram Nurmatova, shuningdek, Respublika harbiy prokuraturasi, Respublika diniy qoʻmita, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazining, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning masʼul xodimalari ishtirok etdi.

    Dastlab forumni videokonferensiya orqali hududiy boshqarmadan qatnashgan Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik С.Мамаюсупов ochib, bugungi kunda davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor, gender tenglik masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

    U oʻz nutqida bu sohadagi islohotlar Milliy gvardiya tizimida ham jadallik bilan amalga oshirilayotganligini taʼkidlab, harbiy xizmatchilar, xodimlar hamda ularning oila aʼzolari bilan maqsadli ishlash, bandligini taʼminlash, kasb-hunarga oʻrgatish, ularga ruhiy va maʼnaviy koʻmak berish maqsadida alohida 39 ta ofitserlik lavozimlari joriy etilib, ushbu lavozimlarga harbiy xizmatchi va xodima ayollar tayinlanganligini eʼtirof etdi.

    Shuningdek, forum doirasida lektorlar «Xotin — qizlarni ijtimoiy siyosiy faolligini oshirishning ustuvor yoʻllari», «Tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning oʻrni», «Oila-maʼnaviyat maskani» kabi mavzudagi maʼruzalar bilan chiqdi.

    Mazkur forumda maʼruzachilar tomonidan ayol harbiy xizmatchi, xodimalar va ularning oila aʼzolarining har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi, shuningdek jamiyatdagi ijtimoiy – iqtisodiy va siyosiy faolliklarini yanada oshirish, kelajak avlod va farzand tarbiyasida, oilada sogʻlom maʼnaviy –axloqiy muhitni shakllantirish hamda gender tenglikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi va keng muhokama etildi.

    Tadbir soʻngida tashkilotchilar tomonidan Forumning faol ishtirokchilari munosib ragʻbatlantirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi.