Xoʻsh, ushbu xastalikka qanday omillar sabab boʻladi? Bu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Ilhom Rahimov javob berdi.
— Oyoqlarning anatomik nuqsonlari (yassitovonlik yoki barmoqlar orasi burmalarining torligi), juda tor va havo oʻtkazmaydigan sintetik poyabzallar kiyish, oyoqlarning uzoq vaqt noqulay sharoitda boʻlishi zamburugʻli kasallik hisoblangan mikozlar paydo boʻlishi uchun qulay sharoit yaratadi, — deydi mutaxassis. — Oyoq mikozi bilan ogʻrigan bemorlar va zamburugʻlar bilan zararlangan buyumlar kasallik manbai hisoblanadi. Xastalik asosan shaxsiy gigiyenaga eʼtibor bermaydigan kishilarda uchraydi.
Zamburugʻlar bemor oyoq terisi poʻstli qipiqlarida juda koʻp miqdorda boʻladi. Oyoq terlashi, ishlab chiqarish omillarining taʼsiri, qon-tomir va endokrin tizimida uchraydigan patologik oʻzgarishlar, onkologik hamda immuntanqislik bilan kechuvchi kasalliklar oyoq mikozi va boshqa zamburugʻli xastaliklar rivojlanishiga qulay sharoit tugʻdiradi.
Mikoz boshlanishida teri qichishadi, baʼzan qizarishi mumkin. Shuningdek, teri quruqlashib, qipiqchalar yuzaga keladi yoki suvsiraydi hamda aniq chegaralangan dogʻlar paydo boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan kasallik davolanmasa, qoʻl yoki oyoq tirnoqlariga oʻtishi mumkin. Bunda tirnoq plastinkalari qalinlashib, uvalanadi. Rangi oʻzgarib, notekis holga keladi. Baʼzida esa tirnoq plastinkasi koʻchishi mumkin.
Agar xastalik oʻz vaqtida davolanmasa, yillab davom etadi va bu davrda bemor zamburugʻ infeksiyasini boshqalarga ham yuqtirishi mumkin. Shu bois har bir kishi oyoq-qoʻllari terisida muammolar kuzatilganda shifokorga murojaat qilishi lozim.
Ayni paytda zamonaviy tekshiruvlar orqali teri xastaliklari tezkorlik bilan aniqlanadi. Mutaxassis nazoratida kerakli muolajalar olinsa, bemor hech bir asoratsiz darddan forigʻ boʻladi.