«Savol: Mintaqa mamlakatlaridan bugunga qadar nechta Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Vatanga qaytarildi va ularning evakuatsiyasi qanday asosda amalga oshirilmoqda?
Javob: 1-martdan 5-mart soat 10:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistonga jami 9 361 nafar vatandoshimiz evakuatsiya qilindi.
Saudiya Arabistonidan muntazam hamda qoʻshimcha charter reyslar orqali 8 114 nafar hamyurtimiz Vatanga qaytarildi.
Birlashgan Arab Amirliklaridan hozirgi kungacha 1 192 nafar fuqaro Oʻzbekistonga olib kelindi.
Erondan 23 nafar, Bahrayndan esa 25 nafar, Oʻmondan 7 nafar yurtdoshimiz vatanga xavfsiz keltirildi.
Vatandoshlarimizni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha chora-tadbirlar tizimli va bosqichma-bosqich roʻyobga chiqarilmoqda.
Ayni paytda evakuatsiya asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq boʻlib turgan mamlakatlardan amalga oshirilmoqda.
Mintaqaning boshqa davlatlarida havo hududi ochilishi bilan mazkur tadbirlar tezkor ravishda tashkil etiladi va davom ettiriladi.
Fuqarolarimizni xotirjamlikni saqlashga, vahimaga berilmaslikka va vazmin harakatlanishga chaqiramiz.
Shuningdek, ayni paytda xorijda boʻlib turgan yurtdoshlarimizdan mazkur mamlakatning ichki qoidalari va talablariga qatʼiy rioya etish hamda faqat Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va diplomatik vakolatxonalari tomonidan tarqatilayotgan rasmiy axborotga amal qilish soʻraladi».