Maʼlumotlar orasida Rossiya tashqi ishlari vazirligiga nota yuborilgani haqida ham soʻz boradi.

Uning qayd etishicha, Tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda tarqalayotgan maʼlumotlarni muntazam kuzatib boradi hamda aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli choralar koʻrish maqsadida xorijiy mamlakatlarning vakolatli idoralari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Xususan, avgust oyi oxirida keng muhokamalarga sabab boʻlgan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan Rossiya tashqi ishlar vazirligiga mazkur videodagi shaxsni aniqlash va unga nisbatan qonuniy chora koʻrish maqsadida rasmiy nota yuborildi.

«Hurmali vatandoshlar, sizlarga yana bir bor eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston fuqarolari dunyoning qaysi nuqtasida boʻlishidan qatʼi nazar, davlatimiz himoyasida hisoblanadi. Agar huquq va erkinliklaringiz, qonuniy manfaatlaringiz yoki shaʼningiz xorijda buzilsa, darhol oʻsha mamlakatning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, shuningdek, Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishingizni soʻraymiz», — dedi vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan oyda internetda bir rossiyalik bir fuqaroni tinimsiz haqorat qilayotgani, unda ikki marta Oʻzbekiston nomi tilga olinib, haqoratlanayotgan ishchining oʻzbekistonlikligiga ishora qilingani va “sen ruslarning qulisan” deb tahqirlangani muhokamalarga sabab boʻlgandi.