Xomashyoga asoslangan iqtisodiyotdan bilimlar iqtisodiyotiga oʻtish jahon trendiga aylandi.
Prezidentimiz rahbarligida
mamlakatimizda boshlangan tub burilishlar va islohotlar jarayonida ham taʼlim
tizimini modernizatsiya qilish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi etib
belgilandi. Mamlakatimiz rahbari ilgari surgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish
gʻoyasi markazida ham aynan taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, oʻqitish sifatini
xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish va mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar
tayyorlash maqsadi turibdi.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida
Oʻzbekistondagi taʼlim jarayoni murakkab, koʻp hollarda konservativ va mehnat bozori
talablaridan uzilib qolgan tizimga aylanib qolgan edi. Maktablarda yodlashga asoslangan
tizim ustuvor boʻlib, u oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish
va ijodiy yondashish koʻnikmalarini rivojlantirmasdi. Oliy taʼlimga qamrov darajasi
esa atigi 9-10 foiz atrofida boʻlib, bu yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarishga
toʻsqinlik qilardi.
2017 yildan boshlangan yangi islohotlar
toʻlqini taʼlim tizimining barcha boʻgʻinini — maktabgacha taʼlimdan tortib, oliy taʼlimdan
keyingi bosqichgacha boʻlgan silsilani qamrab oldi. Islohotlarning strategik falsafasi
bu jarayonda uchta asosiy ustunga tayandi.
Birinchisi, qamrovni kengaytirish. Har bir oʻgʻil-qizning sifatli
taʼlim olishiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash. Masalan, maktabgacha
taʼlim qamrovi 2017 yildagi 27 foizdan 78 foizgacha oshirildi. Oliy taʼlimga qamrov
esa 9 foizdan 40 foizga yetkazildi.
Ikkinchisi, sifat transformatsiyasi. Milliy oʻquv dasturlarini
Finlyandiya, Singapur, Buyuk Britaniya kabi ilgʻor davlatlar tajribasi asosida qayta
koʻrib chiqish, STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yoʻnalishlarini
ustuvor etib belgilash jarayoni amalga oshirildi.
Uchinchisi, bozor bilan integratsiya. Taʼlim muassasalari va ish
beruvchilar oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik taʼminlandi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining tashkil etilishi,
Prezident taʼlim muassasalari, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻining
yaratilishi taʼlimda yangi sifat mezonlarini shakllantirdi. Biroq bu tizimli yutuqlarni
umumiy oʻrta taʼlimga koʻchirish va adolat mezonlarini oʻrnatish uchun tizimli vositalar
zarur edi. Aynan shu ehtiyoj asosida yagona imtihon tizimi kun tartibiga chiqdi.
Uzoq yillar davomida maktab bitiruvchilari va ota-onalar yilning
eng issiq pallasi — may, iyun va iyul oylarida ruhiy va jismoniy bosim ostida yashar
edi. Chunki oʻquvchi avval maktabni bitirish uchun yakuniy davlat imtihonlarini
topshirishi, soʻng oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun Davlat test markazi (hozirgi
Bilim va malakalarni baholash agentligi) imtihonlariga alohida tayyorgarlik koʻrishi
kerak edi. Bu ikki bosqichli tizim davlat byudjeti va oilalar uchun ortiqcha xarajat
boʻlishi barobarida baholash mezonlarining turlichaligi sababli korrupsiyaviy xavflarni
ham oshirardi.
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan
ishlab chiqilgan va hayotga tatbiq etilishi koʻzda tutilgan Yagona milliy imtihon
tizimi maktab bitiruv imtihonlari va OTMga kirish sinovlarini birlashtirishni nazarda
tutadi. Ushbu tizimga koʻra, maktab bitiruvchisi umumiy oʻrta taʼlim maktabini tamomlash
vaqtida topshiradigan imtihon natijalari bir vaqtning oʻzida oliy taʼlim muassasalariga
kirish uchun ham asos sifatida qabul qilinadi. Imtihonlar maktab sinfxonalarida
mahalliy oʻqituvchilar nazoratida emas, balki maxsus jihozlangan, videokuzatuv va
xavfsizlik tizimlari bilan taʼminlangan markazlarda, mustaqil baholovchi tashkilot
— Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi. Test va ijodiy
savollar bazasi xalqaro PISA va PIRLS baholash dasturlari talablariga moslashtirilib,
oʻquvchining shunchaki quruq faktlarni yodlab qolganini emas, balki maʼlumotni tahlil
qila olish va mantiqiy fikrlash qobiliyatini sinovdan oʻtkazadi. Yana ham eʼtiborlisi,
bitiruvchi ikki marta emas, bir marta markazlashgan imtihon topshiradi. Bu bolaning
sogʻligʻi, ruhiyati va vaqtini asraydi.
Odam omilining baholash jarayoniga taʼsiri minimallashtiriladi.
Kompyuterlashtirilgan baholash tizimi va onlayn nazorat imtihonlarning 100 foiz
shaffofligini kafolatlaydi. Chekka qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ham, poytaxt
markazidagi litsey oʻquvchisi ham bir xil sharoitda, bir xil savollar asosida imtihon
topshiradi. Bu chekka hududlardagi iqtidorli yoshlarning oliy taʼlim olish imkoniyatini
keskin kengaytiradi. Qogʻozbozlik va transport xarajatini qisqartiradi. Davlat
milliardlab soʻm mablagʻni tizimni texnologik modernizatsiya qilishga
yoʻnaltiradi.
Taʼlim tizimining eng ogʻriqli nuqtalaridan biri —
bitiruvchilarning qoʻlida diplomi boʻla turib, ish tajribasi va amaliy
koʻnikmalari yoʻqligi tufayli ishga joylasha olmasligi edi. Ish beruvchilar esa
doimiy ravishda kadrlar taqchilligidan shikoyat qilardi. Nazariya va amaliyot
oʻrtasidagi bu ulkan jarlikni bartaraf etish uchun Germaniya, Avstriya va
Shveysariyada oʻzini toʻliq oqlagan dual taʼlim tizimi Oʻzbekistonda joriy
etila boshladi. Davlatimiz rahbarining oxirgi haftalarda hududlarga tashrifi
chogʻida ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Bekoboddagi
Oʻzbekiston metallurgiya kombinati negizida tashkil etilayotgan tizim buning
yaqqol isbotidir. Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari,
“Oʻzavtosanoat”, “Artel” kabi yirik xoldinglar oʻzi uchun zarur kadrlarni
tayyorlash uchun kasb-hunar maktablari va texnikumlar bilan dual shartnomalar
imzoladi. Olaylik, Bekoboddagi texnikum oʻquvchisi haftaning 2 kuni
auditoriyada nazariyani oʻrgansa, qolgan 4 kunini “Oʻzmetkombinat”ning yangi
ishga tushirilgan yuqori texnologik quyuv-prokatlash majmuasida, zamonaviy
uskunalar boshqaruv pultida tajribali muhandislar rahbarligida oʻtkazadi. Dual
taʼlimdagi oʻquvchi korxonada ishlagan soatlari uchun rasmiy ish haqi oladi. Bu
unga talabalik davridanoq oʻz mehnati bilan oilasiga yordamlashish, mustaqil
daromad topish imkonini beradi va oʻqishga qiziqishini keskin oshiradi.
Dual taʼlim modeli davlat, ish beruvchi (tadbirkor) va
yoshlar uchun birdek foydali strategiya. Korxona tayyor kadrni ishga qabul
qilishdan avval uni oʻz uskunalari va korporativ madaniyatiga moslashtirib
oladi. Yangi xodimni qayta oʻqitishga ketadigan milliardlab mablagʻ tejaladi.
Boz ustiga, yoshlar oʻrtasida ishsizlik darajasi qisqaradi. Norasmiy mehnat
bozoridan qonuniy, soliq toʻlovchi malakali ishchi kuchi shakllanadi. “Oliy
maʼlumotli ishsiz” degan maqomdan qutulib, birinchi kursdan kafolatlangan ish
joyi va daromadga ega boʻladi.
Oʻzbekiston taʼlim tizimidagi islohotlarning yana bir muhim
jihati boshqaruv va oʻqitish jarayonini toʻliq raqamlashtirishdir. Shu maqsadda
qogʻozbozlik va oʻqituvchilarning asosiy vaqtini oladigan hisobotlarni
kamaytirish uchun butun mamlakat boʻylab “E-maktab” tizimi joriy etildi. Bu
tizim oʻqituvchini soatlab jurnal toʻldirish mashaqqatidan qutqardi.
Ota-onalarga oʻz farzandining baholari, davomati va uyga vazifalarini real vaqt
rejimida nazorat qilish imkonini berdi. Vazirlik va hududiy boshqarmalarga
maktablardagi real holatni shaffof koʻrib turish hamda toʻgʻri strategik
qarorlar qabul qilish imkonini yaratdi.
Oliy va professional taʼlim tizimiga sunʼiy intellekt
texnologiyalari faol kiritilmoqda. Maktablardagi “Bir million dasturchi”
loyihasi yuz minglab yoshlarga kodlash va dasturlashni bepul oʻrganish imkonini
taqdim etdi. Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy loyihalarni boshqarish va
talabalarning oʻzlashtirish darajasini sunʼiy intellekt yordamida aniqlovchi
tizimlar sinovdan oʻtkazilmoqda.
Mamlakatimizda oxirgi yillarda kuzatilayotgan demografik
oʻsish va tugʻilish surʼati yuqoriligi maktablar va bogʻchalarga talabni keskin
oshirdi. Koʻplab maktablarda sinflardagi bolalar soni 35-40 nafarni tashkil
etmoqda, oʻqish ikki yoki uch smenada tashkil qilinmoqda. Hukumat har yili
yangi maktablar qurayotgan boʻlsa-da, aholi soni oʻsishi yangi infratuzilma
obyektlari qurish surʼatidan yuqori boʻlyapti. Chekka va togʻli hududlardagi
maktablarning moddiy-texnik bazasi, isitish tizimi va ichimlik suv taʼminoti
hali-hamon toʻliq hal qilinmagan.
Tizimni isloh qilish uchun, avvalo, unda ishlaydigan
odamlarni oʻzgartirish kerak. Oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirish uchun
muallimlarning maoshi bir necha barobar oshirilgan boʻlsa-da, kadrlar sifati hali
ham talab darajasida emas. Koʻpgina oʻqituvchilar hamon yangi baholash
tizimlari, raqamli dasturlar va interfaol metodlarni oʻzlashtirishda
qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim sifati
zamonaviy maktab talablaridan bir oz ortda qolmoqda. Maktablarga ilgʻor va
kreativ fikrlaydigan yosh oʻqituvchilarning kirib kelishi sust kechyapti.
Prezidentimiz huzurida pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha
takliflar taqdimotida qayd etilganidek, rivojlangan davlatlarda taʼlim va ijtimoiy
sohalarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan tashqari xususiy
jamgʻarmalar va venchur fondlar faol ishtirok etadi. Oʻzbekistonda xususiy
sektorning taʼlimga xayriya va investitsiya sifatida mablagʻ yoʻnaltirishi hali
tizimli tus olmagan. Maktablar va OTMlar hamon 80-90 foiz davlat byudjetiga va
talabalarning shartnoma puliga bogʻlanib qolgan.
Davlatimiz va jamiyatimiz ushbu ulkan islohotlardan qanday
natijalar kutmoqda? Islohotlarning esa yakuniy strategik maqsadlari bor.
Islohotlar faqat binolarni chiroyli qilish yoki yangi partalar qoʻyishdan
iborat emas. Bosh maqsad erkin fikrlaydigan, dunyodagi tengdoshlari bilan
bemalol raqobatlasha oladigan, kamida 2-3 ta tilni va zamonaviy axborot
texnologiyalarini mukammal biladigan, vatanparvar yangi avlodni tarbiyalashdir.
Oʻzbekiston yaqin yillarda jahon bozoriga paxta, oltin va gaz
sotadigan mamlakat sifatida emas, balki yuqori texnologiyali mahsulotlar,
dasturiy taʼminotlar va intellektual xizmatlar eksport qiluvchi davlat sifatida
chiqishi kerak. Bu maqsadga esa faqat va faqat mukammal taʼlim tizimi orqali
erishish mumkin. Har bir insonning munosib taʼlim olishi, mehnatiga yarasha
daromad va jamiyatda oʻz oʻrnini topishi davlat tomonidan yaratilgan tizim
orqali kafolatlanadi. Yagona milliy imtihon tizimidagi adolat va dual
taʼlimdagi ish kafolati inson qadrini yuksaltirishning eng oliy amaliy
ifodasidir.
Biz dunyo ilm-faniga bebaho hissa qoʻshgan ajdodlarimiz
haqida gʻurur va iftixor bilan koʻp gapiramiz. Ular bunday yuksak choʻqqilarga
qanday erishgan? Ular, eng avvalo, maʼrifat bayrogʻini baland koʻtarib, oʻz
aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur
oʻrganish va boyitishga bagʻishlagan. Biroq biz yaqin-yaqingacha ana shunday
bebaho merosga koʻpincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda
boʻlib keldik. Bunday tengsiz boylikni hayotimizga tatbiq etishda
eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻydik. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan kam
xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti
fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qoʻlyozmaga dunyo ahli havas
qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur. Buyuk
ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy
harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros bizga doim
kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalo, milliy taʼlim tizimini ana
shunday ruh bilan sugʻorish kerakligi haqida davlatimiz rahbari koʻp kuyinib
gapiradi.
Oʻn oltinchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyo
zaminida ichki urush va nizolar, hokimiyat uchun kurash avj oldi. Ayirmachilik
va mahalliychilik kuchaydi, maʼrifat oʻrniga jaholat ildiz otdi. Natijada bir
paytlar gullab-yashnagan oʻlkamizda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy inqiroz
yuzaga keldi. Ilm-fan va tafakkur mashʼali soʻna boshladi. Yurtimizning oʻn
toʻqqizinchi asrga kelib qaramlikka tushib qolishida ayni shunday salbiy
holatlar asosiy sabab boʻlgani hammamizga yaxshi ayon. Demak, ilmdan boshqa
najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas. Milliy istiqlol, taraqqiyot va
farovonlikka, avvalo, maʼrifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy
ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin.
Bugun sayyoramizda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari
1,4 trillion dollarga teng deb baholanmoqda. Bu esa yosh avlodning ijtimoiy
hayot va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishini qiyinlashtirmoqda hamda
tengsizlikning keskin oʻsishiga sabab boʻlmoqda. Oʻzbekistonimizda keyingi 10
yilda taʼlim va ilm-fan uchun xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion soʻmni
tashkil etgani, yuzlab yangi bogʻchalar, maktab, texnikum va oliygohlar
qurilgani, taʼlim va ilm dargohlarini zamon talablari asosida jihozlash, ustoz
va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan dasturlar xalqaro
miqyosda alohida eʼtirof etilyapti.
Bu haqda gapirganda, mamlakatimizda qisqa muddatda bogʻchalar
soni ham, qamrov darajasi ham oshgani, tarbiyachilar maoshi maktab
oʻqituvchilari oyligiga tenglashtirilgani, ushbu muassasalardagi rahbar va
pedagoglar maoshi qariyb 2 barobar koʻtarilganini taʼkidlash lozim.
Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlarda Prezident maktablari kabi “Yangi avlod”
bogʻchalari tashkil etilib, ularda tarbiyachilar ilgʻor pedagogik
texnologiyalarni oʻrganishi yoʻlga qoʻyilyapti. Farzandlarimizga bilim va
tarbiya berishning eng muhim bosqichi — maktab taʼlimini rivojlantirish doimiy
eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Soʻnggi yillarda 500 ga yaqin yangi maktab
barpo etilib, mavjudlari kengaytirilgani hisobidan 1 million oʻquvchi oʻrni
yaratildi. Xususiy maktablarga yoʻl ochilishi tufayli ota-onalar va oʻquvchilar
uchun tanlov imkoniyati paydo boʻldi. Bugun 200 mingdan ziyod oʻgʻil-qiz ana
shunday maktablarda oʻqimoqda.
Kelajak — zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar
egalariniki. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois,
yoshlarimizni davr bilan hamnafas boʻlib, har qanday raqobatga bardosh bera
oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak. Ushbu maqsadda tashkil
etilgan Kasbiy taʼlim agentligidan umid katta. Ushbu agentlik kasb taʼlimi sohasiga,
mavjud texnikumlarga xalqaro standartlar asosida yangi hayot nafasini olib
kirishga bel bogʻlagan. Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya
Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning taʼlim tashkilotlari bilan
hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, bir yilda 100 ta texnikumda ularning ilgʻor oʻquv
dasturlari joriy etiladi. Jumladan, Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan
hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi orqali yoshlar turizm,
axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika,
energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi
yoʻnalishlarda talab yuqori boʻlgan kasblarni egallaydi.
Mamlakatimizda dual taʼlimga qamrov 5 barobar oshiriladi. Ayni paytda yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish,
chet ellik investor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun
texnikumlardagi xorijiy til oʻqitish soatlari toʻrt karra koʻpaytiriladi.
Umuman, bu yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda
texnikum bitiruvchilarining kasbiy koʻnikmalari haqidagi maʼlumotlar mahalliy
va xorijiy ish beruvchilar uchun eʼlon qilinadi. Shu bilan birga, umumiy oʻrta
taʼlim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Maslahatchi
7-sinfdan boshlab oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish bilan shugʻullanadi.
Xalqimiz ustozlarni hamisha eʼzozlab,
hurmatini joyiga qoʻyib kelgan. “Ustoz otangdek ulugʻ” degan hikmat ham bejiz
aytilmagan. Endi ana shu soʻzlar qogʻozda emas, amalda qaror toptirilgan,
muallimning qadr-qimmati joyiga qoʻyilayotgan davrda yashayapmiz. Zotan, koʻp
yillar oʻqituvchiga eʼtibor borasida soʻz boshqa, ish boshqa boʻlgan kezlarni
boshdan oʻtkazdik. Oqibatda soha xodimlari goʻyo keraksiz va himoyasiz qatlamga
aylanib qoldi. Oʻqituvchilarning asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni
faoliyatiga mutlaqo aloqasi boʻlmagan ishlarga jalb etish odati chuqur ildiz
oldi. Aniqrogʻi, muallimlarning “xoʻjayini” koʻpayib ketdi.
Bunday nojoʻya ishlar nafaqat taʼlim sifatiga, balki soha xodimlarining oʻz
kasbiga munosabatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Qanchadan qancha tajribali
oʻqituvchilar sevgan kasbini noiloj tashlab ketganini ham bilamiz. Mana,
yaqin-yaqingacha muallimlar, ayrim joylarda oʻquvchilar ham toʻrt oylab paxta
yigʻim-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilardi. Natijada oʻqituvchi bir oyda
oʻrtacha 80 soat dars oʻtishi kerak boʻlsa, toʻrt oyda 320 soat yoʻqotadigan
vaziyat vujudga keldi. Oʻz navbatida, oʻquvchi bir oyda 136 soat saboq oladigan
boʻlsa, toʻrt oyda 544 soat darsni boy berishga majbur boʻldi. Agar bu
raqamlarni oʻn bir yilga koʻpaytirsak, bilasizmi, qancha boʻladi? Bu axir
yuqori sinf oʻquvchilari uchun belgilangan 8500 soatlik oʻquv dasturining
qariyb 3000 soati — 30 foizi dalada majburiy mehnatda oʻtdi deganidir.
Boshqacha aytganda, bola 11 yil oʻrniga atigi 7 yil oʻqishga majbur boʻldi.
Yaratganga shukrki, Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli bunday salbiy
holatlar, ayniqsa, “paxta qulligi” endi tarixda qoldi. Hamma soha oʻz egasiga,
jumladan, qishloq xoʻjaligini ham fermer va klasterlarga topshirilgani tufayli
ezgu maqsadlarga erishildi.
Keyingi yillarda maktab oʻqituvchilarining oylik maoshi bir
necha barobar koʻpaytirildi. Davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ustozlar
soni oshib boryapti. Oʻqituvchi tayyorlaydigan hisobotlar, qogʻozbozliklar
keskin kamaytirildi. Jamiyatda ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan eʼtibor
tufayli minglab erkak oʻqituvchi maktablarga qaytdi. Bugun jamiyatimizda
pedagoglarning qaddi, shaʼni va gʻururi tiklanayotgani barchamizni quvontiradi.
Ayni vaqtda bu oʻta muhim masala. Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli
boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari
shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tugʻiladi.
Shunday ekan, yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi degan fikrlarga
qoʻshilmaslikning iloji yoʻq. Yoshlarga taʼlim-tarbiya berish jarayonida
oʻqituvchilar oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun zarur shart-sharoit
yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari
kafolatlanmoqda. Jumladan, maktab direktori, oʻrinbosari, sinf rahbari,
oʻqituvchining maqomi aniq belgilandi. Muallimlarga ustama toʻlash, ularni
ragʻbatlantirish mezonlari ham toʻliq qayta koʻrib chiqilyapti.
Oʻqituvchilarning huquqlari davlat himoyasida boʻlishi, kasbiy faoliyatiga
noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab boʻlishi
qatʼiy belgilandi. Bu yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham muhrlandi.
Insonning ongi va dunyoqarashi, fikri oʻzgarmasa, jamiyat
oʻzgarmaydi. Jamiyat oʻzgarmagan joyda hech qanday ijobiy natija ham,
taraqqiyot ham boʻlmaydi. Odamlarning ongu tafakkurini oʻzgartiruvchi kuch esa,
hech shubhasiz, avvalo, oʻqituvchi-murabbiylar, oliygoh professorlari, ilm-fan
arboblari, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyandalaridir. Bugun biz
yashayotgan jamiyatga yangi fikr, yangi gʻoya, eng muhimi, islohotlarni amalga
oshirishga qodir boʻlgan yangi avlod kadrlari kerak. Albatta, xalqimizning
mardona mehnati, oʻqituvchi va murabbiylarning jonbozligi tufayli taʼlim
sohasini tubdan modernizatsiyalash boʻyicha koʻp ish qilindi. Ammo bular katta
maqsad yoʻlida tashlangan dastlabki qadamlar, xolos.
Oʻzbekistonda keyingi yillarda taʼlim
sohasida amalga oshirilayotgan barcha dadil qadamlar, tizimli islohotlar
davlatimizning oʻz kelajagiga, farzandlarimiz kamoliga tikayotgan eng buyuk va
eng toʻgʻri sarmoyasidir. Albatta, oldimizda hali yillar davomida yigʻilib
qolgan muammolar, infratuzilma yetishmovchiligi va kadrlar sifati bilan bogʻliq
koʻplab murakkab vazifalar turibdi. Biroq eng muhimi — davlat va
xalqda bu islohotlarni oxirigacha yetkazish uchun kuchli siyosiy iroda va
qatʼiy ishonch bor. Biz taʼlim tizimini chinakam adolat va texnologiya
beshigiga aylantira olsak, yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan barcha
oliyjanob maqsadlariga muqarrar ravishda erishadi va jahon hamjamiyatida
munosib va yuksak oʻrnini egallaydi. Bu yoʻldagi islohotlar esa ortga qaytmas
va ezgu jarayondir.
Ismoil SAIFNAZAROV,
falsafa fanlari doktori, professor