Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov bugungi brifingda shulardan transport sohasiga taaluqli kelishuvlar haqidagi savolga quyidagicha javob berdi:

– Albatta, transport va tranzit muhokamasi tashrifning asosiy kun tartibidagi masalalardan biri bo‘ldi. Jumladan, ikki mamlakat transport vazirlari tomonidan O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali yuklar tranziti to‘g‘risida bitim imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, temir yo‘l, avtomobil va havo transportida tashishlarni ko‘paytirish uchun bundan buyon ham qulay sharoit yaratishga kelishib olindi.

Jumladan, avtomobil transporti qatnovlari kengaytiriladi, avtobuslar qatnovi va temir yo‘l orqali yo‘lovchilarni tashish qayta tiklanadi. Yuk tashishlar uchun preferensiyalar taqdim etish davom ettiriladi, – dedi Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov.