Tokio-2020 qahramonlariga Prezident sovgʻalari topshirildi

    Sport 10 Avgust 2021 3738

    Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi davlatimiz tomonidan ajratilgan maxsus charter reysida ona vatanimizga qaytib keldi.

    Muzaffar sportchilarimizni hukumat rahbarlari, keng sport jamoatchiligi va minglab muxlislar qarshi oldi.

    Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov delegatsiyamizni kutib oldi.

    Mutasaddilar soʻz oʻrnida Olimpiyachilarimizga Prezident tabrigini va oʻzlarining iliq tilaklarini bildirib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ham ishtirok etdi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq arsiti Yodgor Saʼdiyev, Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ham oʻz tilaklarini yoʻlladi.

    Shundan soʻng chempionlarimiz Akbar Joʻrayev, Ulugʻbek Rashitov va Bahodir Jalolov, ularning onalari hukumatimiz tomonidan qaratilayotgan eʼtibordan mamnun ekanligini bildirib, barcha hamyurtlarimizga musobaqa davomida qoʻllab-quvvatlab turishgani uchun tashakkur aytib oʻtdi.

    Keyin Olimpiyachilarimiz maxsus avtobuslarda Toshkentning markaziy koʻchalari boʻylab sayrga chiqdi. Ularni har qadamda hamshaharlarimiz qarshi oldilar.

    Tadbirning davomi Milliy Olimpiya qoʻmitasida davom etdi. U yerda Yangi Oʻzbekiston qahramonlariga Prezident sovgʻasi – chempionlarga “Tahoe” mashinasi va 4 sotihli kottej, bronza medali egalariga esa “Trebleizer” va 2 xonali uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Oʻz navbatida, sportchilarimiz koʻrsatilayotgan bunday eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirib, kelajakda vatanimiz bayrogʻini yana-da koʻklarga koʻtarishga vaʼda berdi.