O'zbekiston qishloq xo'jaligi o'tgan besh yil davomida mamlakatni  rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining eng muhim nuqtalaridan biri sifatida taraqqiy etib, o'zining yangi bosqichiga ko'tarildi. Zamonaviy va yangicha yondashuvlar, qabul qilingan qonunlar, muhim farmon va qarorlar, davlat dasturlari tarmoqni serdaromad, qishloq joylarda odamlarni ish bilan ta'minlaydigan tizim sifatida shakllanishini ta'minlab berdi.

Mamlakatda oziq-ovqat sohasini jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalash esa uning xomashyo bazasini kengaytirish va mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini bermoqda. Buni O'zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning o'sish sur'ati yiliga o'rtacha 9–10 foizni tashkil etayotganida ham ko'rish mumkin. Birgina misol, oxirgi besh yillikda o'lkamizda meva-sabzavot va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish 1,6 baravarga, go'sht mahsulotlari va  sut mahsulotlari 1,4 baravarga oshdi. Bu o'z-o'zidan eksport ko'lami kengayishiga ham xizmat qilmoqda. Natijada yurtimiz nafaqat o'zining 35 milliondan ortiq aholisini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlay oladigan, balki oziq-ovqat eksport qiladigan sanoqli davlatlardan biriga aylandi.

Bu boradagi ko'rsatkichlar keyin ham o'sishda davom etadi. Boisi, mamlakatni rivojlantirishning navbatdagi — 7 ta yo'nalishi bo'yicha Taraqqiyot strategiyasining “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish” deb nomlangan uchinchi bandida qishloq xo'jaligi samaradorligini tubdan oshirish va uni diversifikatsiya qilish alohida tilga olingan. Joriy yilning 6-noyabr kuni davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining o'z lavozimiga kirishish marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisidagi nutqida yangi Taraqqiyot strategiyasi haqida so'z yuritar ekan, qishloq joylarda yashayotgan aholining hayot darajasi va sifatini oshirish, fermer va dehqonlar daromadini 2 barobar ko'paytirish uchun zarur sharoitlarni yaratish unda asosiy vazifalar sifatida belgilanganini alohida ta'kidladi.

Natija 110 foiz yuqori

Qisqa vaqtda qo'yilgan maqsadlarni ro'yobga chiqarish bo'yicha ishlar boshlab yuborildi ham. Shu yilning 24-noyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida meva-sabzavotchilik va dehqon xo'jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida tomorqa xo'jaliklaridan foydalanish masalasiga alohida to'xtalib o'tildi.

Ta'kidlanganidek, yurtimizda aholi ixtiyorida 500 ming gektar atrofida tomorqa mavjud. Ulardan samarali foydalanishni yanada oshirish aholini ish bilan ta'minlash va oilalarning daromadlarini ko'paytirishga xizmat qiladi. Mazkur yo'nalishni takomillashtirish maqsadida 23-noyabr kuni Prezidentning  “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo'jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko'ra, kelgusi yili paxta va g'alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar yer aholiga dehqon xo'jaligi tashkil etish uchun berilishi belgilandi. Ularga tomorqa xo'jaliklarida mahsulot yetishtirishga ko'maklashish uchun esa kelgusi yilda 100 million dollar yo'naltirish rejalashtirilgan. Bu mablag' oilaviy tadbirkorlik dasturi asosida, imtiyozli shartlarda beriladi.

Xususan, dehqon va fermer xo'jaliklari, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa korxonalarga yer maydonida kichik intensiv bog'dorchilik va uzumchilikka 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yildan ko'p bo'lmagan muddatga, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilikka 6 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi.

Bu xalqimiz, ayniqsa qishloq joylarda istiqomat qiladigan yurtdoshlarimiz uchun katta imkoniyat. Ortga nazar tashalasak, beixtiyor avvalgi qishloq aholisi bilan bugungi qishloq odamlarini solishtiramiz. Ularning hayot tarzi, yashash darajasi, daromadida sezilarli farq yuzaga kelgani ko'zga tashlanadi. Avvalo, xalqimizda bugun bo'sh yer maydonlaridan unumli foydalanish, kichik tomorqadan ham yaxshigina daromad olish ko'nikmasi shakllandi. Bu o'z-o'zidan sodir bo'lgani yo'q, albatta. So'nggi yillarda mamlakatimizda dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada o'z tomorqasida ekin ekib, undan foyda olish ko'pchilik yurtdoshlarimizning asosiy daromad manbaiga aylandi.

Jumladan, ayni kez 5,5 milliondan ortiq tomorqa er egasi o'z ixtiyoridagi 502,8 ming gektar yer maydonida dehqonchilik qilmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan kartoshkaning 84 foizi, sabzavot mahsulotlarining 71 foizi, poliz, uzum va mevalarning 55-60 foizi, chorvachilik mahsulotlarining 94 foizdan ortig'i aholi xonadonlari hissasiga to'g'ri kelyapti.

Umuman, o'tgan vaqt davomida O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan aholi tomorqalaridan olinadigan daromadlarini oshirish bo'yicha bir qancha yo'nalishlar belgilab olinib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Hududiy hokimliklar bilan birgalikda 2021-yilda qishloq xo'jaligi ekinlarini ekish bo'yicha ishlab chiqilgan dasturlarga asosan 347,8 ming gektar aholi tomorqalariga erta bahorgi ekinlar, 267,4 ming gektarga takroriy ekinlar ekildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, joriy yil yakuniga qadar aholi tomorqalarida 11,6 million tonnadan ziyod qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish ko'zda tutilmoqda. Bu o'tgan yilga nisbatan 110 foiz yuqori.

Xonadon tomorqasida har kim o'z imkoniyati, ixtiyoriga qarab mahsulot yetishtiradi. Talabgorlar orasida meva-sabzavotchilikka qiziqadiganlar ham ko'pchilik. Ayrimlari bu ish bilan avvaldan shug'ullanib kelgan bo'lsa, ba'zilar tajribali dehqonlardan ishning hadisini olib, so'ng jarayonga kirishadi. Asosiysi, vaqtini ham, hovlidagi yer maydonini ham bo'sh qoldirmay, oilasi daromadiga hissa qo'shadi.

Ana shunday talablar asosida joriy yil erta bahorda respublika bo'yicha 2 million aholi xonadoni tomorqalariga jami 14,2 million dona mevali ko'chatlar ekish ishlari tashkillashtirildi. Ko'chatlar orasida uzum deysizmi, olma yoki shaftolimi — bari topiladi. Jami ekilgan mevali ko'chatlarning turlari bo'yicha tahlil qilinganda, tok 42 foiz, olma 10,2, o'rik 9,3, gilos 5,8, anor 5,3, shaftoli 4,4, nok 3,9, behi 3,7, limon 3 va boshqa daraxt turlari 12,1 foizni tashkil etdi. Odamlar daromadga ega bo'lsin, deya tadbirkorlar ham bu ishlarga o'z hissasini qo'shdi. 668,1 ming tup mevali daraxt ko'chatlari hududlarda faloliyat yurtayotgan fermer xo'jaliklari, tomorqa xizmati korxonalari va tadbirkorlar tomonidan aholiga arzon narxlarda yetkazib berildi.

Xonadon tomorqalaridan foydalanishning yana bir samarali usuli issiqxonalar tashkil etish hisoblanadi. Bu orqali ham yaxshigina daromad, ham yiliga 2-3 marta hosil olish mumkin. Hatto, oila a'zolardan tashqari, qo'shimcha bir necha kishini ish bilan ta'minlash imkoniyati ham bor.

Yangi ish o'rinlari yaratish, ayrim insonlardagi boqimandalik kayfiyatini yo'qotish, ularni tadbirkorlik sohasiga, aholini shaxsiy tomorqadan samarali foydalanishga keng yo'naltirish maqsadida joriy yilda 71 ming xonadondagi jami 947 gektar maydonga ixcham issiqxonalar qurib berildi. Ayni paytda respublikamizdagi 358 ming 467 ta xonadonda ixcham issiqxonalar mavjud bo'lib, shulardan ham aholi ro'zg'origa qo'shimcha daromad kelayapti.

Samarqand viloyati Payariq tumani “Bobur” mahallasida yashovchi Gulmira opa “Ayollar daftari” ro'yxatida turgan. Oilasi moddiy yetishmovchilik sabab qiynalib qolgani bois O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi xuzuridagi jamg'armadan 30 million so'm imtiyozli kredit olib, issiqxona faoliyatini yo'lga quydi. Hozirda 4 nafar xotin-qizni ish bilan ta'minlagan.

Paxtachi tumanida istiqomat qiluvchi Nodira egamberdieva, Zokir Eshtanov, Berdulla Egamberdiev, Vahob Norqulovlar ixcham issiqxonada mahsulot etishtirib, yiliga o'rtacha 30—50 million so'mdan daromad olmoqda.

Umuman, amaliyotda o'zini oqlayotgan bu tajribani yanada ommalashtirish ishlari olib borilyapti. Xususan, joriy yilda tumanlarning har bir sektorida kamida 100 tadan ixcham issiqxona tashkil etish yuzasidan rejalar ishlab chiqilib, hududiy xokimliklar tomonidan manzilli ruyxatlari tasdiqlangan. Ahamiyatlisi, bunday issiqxonalarni qurib, aholiga imtiyozli kreditlar asosida topshirishda “Tomorqa xizmati” MCHJ korxonlarining hissasi katta bo'lyapti.

Ekin ekishdan mahsulot eksportigacha ko'maklashuvchi xizmat

Hududlarda tomorqa bilan ishlaydigan, aholiga moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtiradigan va ekin ekishni nazorat qiladigan tizim yaratilib, “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatining yo'lga qo'yilishi aholiga dehqonchilik ishlarini boshlashda katta ko'mak bermoqda. 2018-yilda sinov tariqasida ilk bor tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” korxonalariga yil sayin talab ortib borayotgani ham shu vajdan. 2020-yil 30-iyunda qabul qilingan “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori bilan respublikamiz bo'ylab 651 ta “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati yo'lga qo'yildi.

Bunday korxonalar ish boshlagan ilk kunidanoq aholiga ko'makchi bo'lib, odamlarning tomorqalarga ekin ekish, olingan hosilni xaridorga etkazguniga qadar ularga ko'makdosh bo'lib kelmoqda. Joylarda aholi tomorqa yerlarini shudgorlash, zarur urug'lik va ko'chat etkazib berish, xonadonlarga ixcham issiqxona qurib berish, echki, qo'y, parranda, asalari uyalari, quyon yetkazib berish kabi xizmatlarni “Tomorqa xizmati” korxonalari orqali tashkil etish yo'lga qo'yilmoqda.

O'z navbatida, xalqqa xizmat qilib, ularning mushkulini oson qilayotgan bunday korxonalar O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida “Tomorqa xizmati” korxonalarida 38,5 ming tonna sig'imli meva-sabzavotlarni sovutish uchun 132 ta ombor, meva-sabzavotni saqlash uchun 62,9 ming tonna sig'imga ega 195 ta ombor hamda yillik 161,4 ming tonna quvvatga ega bo'lgan mevani saralash, quritish, qayta ishlash uchun 154 ta liniya tashkil qilindi. Mazkur yo'nalishlar uchun Kengash huzuridagi jamg'armadan 96,6 milliard so'm imtiyozli kredit ajratildi.

Soha rivojida klasterlar faoliyati muhim drayverga aylanayotgani sir emas. Qishloq xo'jaligining turli yo'nalishlari qatorida o'tgan yildan boshlab “Tomorqa xizmati” klasterlari ham tashkil etilyapti. Xususan, ayni vaqtda meva-sabzavot ko'p etishtiriladigan 32 ta tumanda 12 ta yo'nalish bo'yicha tomorqa xizmati klasterlari ish olib bormoqda. Ular tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, do'konlarga etkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash sexlarini tashkil etish jarayonlarini umumlashtiradi.

Qo'rg'ontepa tumanida tashkil etilgan “Dardoq tomorqa xizmati” MCHJ ham o'z faoliyatini klaster tarzida davom ettiryapti. Korxona 25 nafar kishini doimiy ish bilan ta'minlab, 5 mingta tomorqa yer egasiga xizmat ko'rsatib kelmoqda. Klaster o'tgan yili 150 ming AQSH dollari, joriy yil shu davriga qadar 250 ming dollarlik qishloq xo'jaligi mahsulotlarini xorij davlatlariga eksport qildi.

Umuman, bugun ish faoliyatini olib borayotgan ko'pgina “Tomorqa xizmati” MCHJlar mavjud imkoniyatlardan foydalanib, aholi tomorqalarida etishtirilgan hamda klasterlar tomonidan qayta ishlangan qishloq xo'jaligi maxsulotlarini ichki bozorlarimizdan tashqari, xorijga eksport qilishga erishyapti. Jumladan, joriy yilning 9 oyi davomida 80 ga yaqin “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan 54 million dollarlik 51,7 ming tonna mahsulot Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston, Rossiya, Ukraina, Germaniya, Saudiya Arabistoni, eron, Pokiston, Malayziya va bir qator Yevropa malakatlariga eksport qilindi.

Bir mahalla — bir mahsulot

Mamlakatimizda har bir islohot, avvalo, inson manfaatlari, uning yaxshi yashashi, sifatli hayot kechirishiga qaratilgani ana shunday misollarda o'z isbotini topmoqda. Buni hayotimizda sezib, his qilayotganimizning o'zi yuqoridagi raqamlarning hech biri shunchaki qog'ozda emas, amaliyotda ro'y berayotganidan dalolat.

Qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirish, aholiga tomorqalaridan daromad olishga ko'maklashish zamirida ham kam ta'minlangan, muhtoj oilalarga doimiy daromad manbaini yaratib berish yotadi. Xususan, joriy yil boshida tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish istagini bildirgan “Ayollar daftari” ro'yxatida turuvchi 15 665 nafar xotin-qizning shu tizimda bandligi ta'minlandi. Ikkinchi bosqichda esa 19 716 nafar xotin-qizning bandligini ta'minlash bo'yicha ishlab chiqilgan reja asosida ishlar tashkil etilib, barchalariga amaliy yordam ko'rsatildi. Ayollar bandligini ta'minlash maqsadida Kengash huzuridagi jamg'arma hisobidan bugungi kunga qadar jami 34 milliard 689 million so'm mablag' ajratildi.

Yer olib, ekin ekkan bilan hosil mo'l bo'lavermaydi. Yaxshi natijaga erishish uchun bilim, tajriba zarur. Hududlarda mahallabay ishlash tizimi, uyma-uy yurish orqali targ'ibot ishlarini olib borish, mahallalarda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida ishlarning tizimli yo'lga qo'yilishi aholiga qulaylik yaratyapti. Ushbu tizim natijasida respublika bo'yicha 1 639 ta MFYlar muayan bir turdagi mahsulot yetishtirishga iqtisoslashtirildi. Shu tariqa, sabzavotchilik, kartoshkachilik, mevachilik va bog'dorchilik, chorvachilik, parrandachilik va boshqa yo'nalishlar mahallar miqyosida rivojlantirilyapti.

Xonadonlarning bir mahsulotni etishtirishga ixtisoslashishi qator afzalliklarga ega. Avvalo, “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan bitta mahallaga bir mahsulot urug'i yoki ko'chati yetkazib berilishi hisobiga xonadonlar egalarining ham vaqti, ham naqdi tejaladi. Mahsulot pishib yetilganidan keyin ham xaridor topishda muammolar bo'lmaydi. Bir mahsulotni katta hajmda oluvchi xaridorlar doim topiladi.

Joriy yilda “Olmazor” va “Bunyodkor” MFYdagi 925 ta xonadon kartoshkachilikka ixtisoslashtirilib, bu yerda yiliga ikki marta hosil etishtirilyapti. ertaki kartoshkaning plyonka ostiga ekilishi hisobiga mahsulot narxi o'sishining oldi olinmoqda. Muhimi, avvaldan kartoshkachilik bilan shug'ullangan xonadon egalari ham yangicha tizim ortidan ko'proq daromad ola boshladi. Joriy yil yakuniga qadar yana 1 920 ta mahallalarni bir xil turdagi qishloq xo'jaligi maxsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish ko'zda tutilgan.

Faxriddin SUYUNOV,

O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bo'lim boshlig'i