Shoirlar odatda ezgulik elchisi, xalq orzu-umidlari, dardu armonlari kuychisi sifatida taʼriflanadi. Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim Isroilova tom maʼnoda ana shunday yuksak eʼtirof va eʼtiborga munosib ijodkordir. U oʻziga xos sheʼriyat maktabini yarata olgan, chorak asrdan ortiq vaqt “Saodat” jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib, dunyo mashaqqatini sohir qalami bilan yengib oʻta olgan ayol.

Zulfiyaxonim “Adabiyotni hech qachon bir kishi yaratmaydi. Uni butun adabiy jamoatchilik yaratadi. Adabiyot xalq hayotini aks ettiradi, yozuvchilar esa ana shu hayotni kuylab, adabiyot yaratadilar”, deb yozadi. Oʻzi ham qalam ahlini baholi qudrat qoʻllab-quvvatlagan, har bir “yarq” etgan qalamkash ijodiga oʻzgacha mehr va eʼtibor bilan munosabat bildirgan. Jumladan, donishmand shoirimiz Erkin Vohidovning Sergey Yesenin sheʼrlari tarjimasiga yuqori baho bergan.

Xalq shoiri Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston” sheʼri mustabid shoʻro siyosatdonlariga yoqmay, shoir millatchilikda ayblanib, tazyiq ostida qolgan paytda mashhur sheʼri million nusxali “Saodat” jurnalida e ʼlon qilingan. Benazir shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning yorqin ijodini yuqori baholab, Moskvadagi Oliy adabiyot kursida oʻqishiga imkoniyat yaratgan. Bu kabi ezgu ishlar, jasoratli qadamlar Zulfiyaxonimni nafaqat gʻamxoʻr rahbar, ayni paytda adabiyotimiz jonkuyari, talabchan ustoz sifatida ham elga tanitdi.

Xalqimizda “Yaxshi odamlarning bolalari ham yaxshi odamlar boʻlib yetishadi”, degan naql bor. Oʻgʻli — Hamid Olimjonning toʻyiga Jizzaxdan mehmon boʻlib kelgan Komila aya qaytib ketishga shaylanadi. Kelini Zulfiyaxonim uning ketishiga yoʻl qoʻymaydi. “Oʻgʻlingiz shu yerda, siz ham biz bilan birga qoling”, deydi. Kelinning mehribonligi bilan hammalari birga yashaydi. Zulfiyaxonimning Hamid Olimjonga mehr-muhabbati shoirning onasi, singillari va ukalariga ham yetadi. Sevgan insonning qarindoshlari ham shunday suyumli boʻlarkan-da.

Taniqli adib va jamoat arbobi Sarvar Azimov shunday yozadi: “Qoʻl-qoʻlga yetmas shu kunlarda omad kelishiga nima yetsin. Hamid Olimjon yoniq yulduzini — jon hadya qilishga tayyor sevgisini topdi. Uning oti — Zulfiya. U ustozi Mirtemir aytganidek, nozima emas, shoira edi. Oʻn yetti yoshida qaldirgʻoch sheʼrlar toʻplami nashrdan chiqqan, toshkentlik usta Isroil degrez bilan Xadicha onaning qizi, olovday shoira Zulfiya opa uyimizga kelin boʻlib tushdilar”.

Ikki sheʼr shaydosining toʻyi munosabati bilan Zulfiya opaning onasi oʻzi tikkan katta, quyoshnusxa soʻzanani sovgʻa qilgan. Hamid Olimjon soʻzananing qaviqlarini qoʻli bilan silay turib, “Bu soʻzana mening uyimga nur va farishtani yetaklab keldi”, deb zavqlangan ekan. Palak haqida Zulfiya opa yana bir voqeani soʻzlab bergan:

— Hamma ish bitdi, tayyor, deganlaridan keyin palakni qoʻlimga olib qarasam, bir cheti chala ekan. Men yangamga “Nima uchun mana bu joyini tikmadinglar? Kelinglar, men bitkazib qoʻyay”, dedim. Shunda onam bu dunyoning ishlari har doim chala, agar palakni oxirigacha bekamu koʻst tikib, unga nuqta qoʻyilsa, hayot haqiqatiga zid boʻladi, deb aytdi.

Zulfiya opa sanʼat muzeyida milliy sanʼat koʻrgazmasini Aleksandra Strelsova bilan tomosha qilayotganida rus jurnalisti “Nima uchun palakning mana bu yeri tikilmagan?” deb soʻraydi. Unga javoban shoira onasining oʻsha soʻzlarini aytadi. Shunda jurnalist oʻylanib qolib, “Oʻzbek xalqi — donishmand xalq” , deya hayratini bildirgan ekan.

— Qadrli akam, xalq artisti Botir Zokirov qoʻshiqlarning maʼnosiga katta eʼtibor qaratardi. Ayniqsa, falsafiy, zalvarli sheʼrlar u kishining joni-dili edi, — deb hikoya qiladi Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. — Aniq esimda bor: Hamid Olimjonning yetmish yillik yubileyi tantanalarida Botir akam “Xayolimda boʻlding uzun kun...” sheʼrini qoʻshiq qilib kuyladi. Konsert tugagach, Zulfiya opa sahnaga chiqdi. Botir akamni quchoqlab, “Botirjon, bu sheʼrni Hamid akangiz menga bagʻishlab yozgan edi, uni shunday kuyladingizki, xayolimda oʻzlari oʻqib turganday boʻldi”, deb minnatdorlik bildirdi. Botir akam Zulfiya opani joylariga kuzatar ekan, “Umrboqiy muhabbat deganlari shu boʻlsa kerak”, degan edi.

Millatning birinchi tarbiyachilari onalardir. Oilada otaning oʻrnini ham bosib, issiq-sovuqqa birdek qalqon boʻlib turguvchi, farzandlari, nabiralari kelajagi uchun togʻdek posbon boʻlguvchi momolarimiz oʻzbekning asl ayollaridir. Men buni Zulfiya opaning oʻgʻli Omon Olimjonovning armonli va faxrli soʻzlaridan angladim. Bir gal Oliy Kengash deputatligiga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist Omon Olimjonovning nomzodi qoʻyildi. Men u kishiga ishonchli vakil sifatida Jizzax tumanida oʻtkazilgan uchrashuvlarda qatnashdim.

Yigʻilishlarning birida Omon Hamidovich ota-onasi haqida mehr bilan gapirar ekan, har ikki benazir shoirning hayotida buvisi Komila aya muhim oʻrin tutgani, boshiga goʻyo osmonlar qulab tushgan Zulfiya opaning oyoqqa turishiga, ijodiy faoliyatini davom ettirishiga donishmand buvisining mehru fidoyiligi katta suyanch boʻlgani, oʻzining yuragi tilka-pora boʻla turib, kelini va nabiralarini ogʻir damlarda togʻdek suyagani haqida yonib soʻzlagandi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida Jizzaxda faoliyat koʻrsatayotgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida tahsil olayotgan oʻgʻil-qizlar bilan diydorlashganimizda adabiyotning yorqin yulduzlari haqida iliq gaplar eshitamiz. Mohichehra Abdurasulovaning “Shirin orzular” toʻplami nashr etilgani, yosh ijodkorlarning ijod namunalari Ukrainaning “Avtograf”, Germaniyaning “Masterskaya”, AQSHning “Chayka” nomli nashrlarida eʼlon qilingani faxr beradi insonga.

Butun umr el xizmatida boʻlib, zamondoshlarining tashvishini oʻzinikidek bilib, ogʻrinmay yelkalagan insonlar hamma zamonlarda ham sharaf va hurmatga sazovordir. Biz buning tasdigʻini akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulomning “Muazzam Sharq namoyondir sening pokiza joningda”, jahon adabiyoti dargʻalari Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatovning “Zulfiya hozirgi zamon oʻzbek sheʼriyatining eng maftunkor zarvaragʻidir. U oʻz xalqining taqdiri bilan qoʻshilib ketgan ijodkor sifatida yuksalgan Oʻzbekiston kuychisi, yangi Sharq ayollarining ramzi”, degan yuksak taʼriflarida koʻramiz.

Butun bir millatni maʼrifatga boshlash, adabiyotga yaqinlashtirishdek qutlugʻ islohotlar Zulfiyaxonim ijodi timsolida yangramoqda. Ulugʻ Choʻlpon aytgan “Adabiyot yashasa, millat yashaydi”, degan hikmatning amaldagi isboti yoniq sheʼriy davralar, sohir mushoiralar shaklida bahor boʻyi yangligʻ ifor sochaveradi. Bu fikr chizigʻidan oʻtgan har bir satrning xalq koʻngliga yetib borishiga erishish uchun fidoyi xizmat qilgan shoiru adiblarga hurmat ifodasi. Zero, maʼrifatli millatning tafakkur karvonlari yorugʻ manzillar sari odimlayveradi.

Bu karvonlarning bekatlarini mehr chiroqlari bilan yoritib turgan, ziyolarini xalqqa yetkazishda kamarbasta boʻlgan insonlar bor. Adiblar xiyobonida Zulfiyaxonim haykali poyiga gul qoʻyarkanmiz, Yangi Oʻzbekistondagi adolatli va shiddatli islohotlar inson qadrini, jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishdek olijanob qadriyatlar uchun xizmat qilayotganiga yana bir bor amin boʻlamiz.