Tonnalar misqoldan, daromad tiyindan paydo bo'ladi

    2035-yilga borib, dunyoda mazkur energiyaga bo'lgan talab yana 35 foizga oshishi kutilmoqda.

    Kundalik hayotimizni elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvisiz tasavvur eta olmaymiz. Biz har kuni foydalanadigan bu manbalar iqtisodiy tarmoqlar faoliyatini harakatga keltiruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Ayniqsa, elektr energiyaga ehtiyoj toboro ortib boryapti.

    Xalqaro mutaxassislarning fikricha, 2035-yilga borib, dunyoda mazkur energiyaga bo'lgan talab yana 35 foizga oshishi kutilmoqda. Yurtimizda ham huddi shunday jarayonlar kuzatilyapti. Bu, o'z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari hajmini ko'paytirish, yangilarini barpo etishni taqozo etgani holda, innovatsion texnologiyalar yordamida ularni tejashga e'tiborni kuchaytirishni ham talab etadi.

    Shu maqsadda, mamlakatimizda energetika tizimini modernizatsiya qilish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, muqobil manbalardan keng foydalanish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Prezdentimizning 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ayni shu maqsadlarga yo'naltirilgan.

    2020-yilning 20-avgust kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan poytaxtimizda foydalanishga topshirilgan “elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi” bu borada tashlangan muhim qadamlardan biri bo'ldi. Markazda Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida zamonaviy elektr hisoblagichlar ishlab chiqarila boshlandi. Prezidentimizning 2018-yil 23-oktyabrdagi “elektr energetikasi tarmog'ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, bugungi kunda respublika elektr energiyasi iste'molchilariga elektr energiyasini avtomatlashtirish tizimi (ASKUE)ga mos hisoblagichlarni o'rnatish ishlari amalga oshirilyapti. Dastur yordamida qaysi tarmoq yoki hududlarda me'yordan ortiq yo'qotishlar bo'layotganini aniqlash orqali elektr energiyasini uzatishda tijorat yo'qotishlarga imkon qadar to'siq qo'yilmoqda.

    Diyorbek NISHONOV,

    Elektr energiyasini avtomatlashirish markazi filiali direktor o'rinbosari:

    — Elektr energiya ishlab chiqarish hajmini qanchalik oshirmaylik, uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish qiyinlashib boraveradi. Masalan, bugungi kunda har bir xonadonda bittadan televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich kabi maishiy texnikalar bor. Ularning soniga qarab, elektr energiya iste'moli ham oshaveradi. Vaholanki, har bir oilada bir yilda o'rtacha 400 kVt/soatgacha elektr energiyani tejash imkoniyati bor.

    ASKUE tizimi ana shunday yo'qotishlarning oldini olishga imkon beradi. Bu avtomatlashtirilgan tizim bo'lib, inson omili ta'sirisiz hisoblagich ko'rsatkichlarini qayd qilish, qarzdorlik mavjud bo'lganda tarmoqdan ajratish, qarzdorlik bartaraf etilgandan keyin qayta ulashning zamonaviy mexanizmidir. Dunyoda bu tizim ko'plab yurtlarda qisman joriy qilingan. Hatto, ayrim rivojlangan davlatlarda hali-hanuzgacha induktsion mexanik hisoblagichlardan foydalanib kelinmoqda.

    ASKUE tizimini joriy etishdan asosiy maqsad iste'molchi va ta'minotchi o'rtasidagi shaffoflikni ta'minlash, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarga aniqlik kiritish, iste'molchilarning foydalangan quvvat uchun to'lov intizomini mustahkamlash, uni taqsimlashda har bir iste'molchi va transformator punkti kesimida kerakli ma'lumotlarni olish va tahlil qilib borish, ular asosida modernizatsiya ishlarini amalga oshirishdan iborat.

    Avtomatlashtirilgan tizim ko'plab afzalliklarga ega. Unga ulangan elektr hisoblagichlardan foydalanish, avvalo, fuqarolarga qulaylik yaratadi. Avvalgi hisoblagichlarda sanoqli ma'lumotlar jamlangan bo'lsa, tizimga ulangan hisoblagichlarda 40 taga yaqin ma'lumotni ko'rish imkoniyati mavjud. Asosiysi, tizimda barcha jarayonlar avtomatik tarzda amalga oshirilishi hisobiga fuqarolarni hech kim bezovta qilmaydi. Bu esa turli tamagirlik holatlarini kamaytirish, debitor qarzdorlik o'sishiga yo'l qo'ymaslik, tarmoqda tijorat zararlarini aniqlashga hamda kamaytirishga xizmat qiladi.

    Bugungi kun holatiga ko'ra, respublika bo'yicha jami 7 million 104 mingdan ortiq hisoblagich o'rnatib bo'lindi. Rejaga asosan, jami 7 million 400 mingga yaqin hisoblagich almashtirilishi kerakligi hisobga olinsa, bu qariyb 96 foiz vazifa bajarilganini anglatadi. Ushbu o'rnatilgan hisoblagichlarning qariyb 5 million 862 mingtadan ortig'i billing tizimiga ulangan.

    Zamonaviy hisoblagichlar sanoat korxonalarida ham o'rnatilmoqda. Albatta, har bir korxona o'z ehtiyojiga asosan elektr energiyasi sarfini belgilaydi. Mazkur tizim o'rnatilish natijasida sanoat korxonalarida elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanish darajasi bir necha barobarga ortgani kuzatildi.

    Toza havo zarur

    Elektr energiyani tejash orqali ekologik barqarorlikka ham munosib hissa qo'shish mumkin. Masalan, 1 kVt/soat elektr ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga 0,6 kilogramm ko'mir chiqindisi, 0,12 kub metr is gazi chiqadi. Demak, elektr energiyadan oqilona foydalanish hisobiga atrof-muhit musaffoligini saqlagan bo'lamiz.

    Dunyoda kechayotgan iqlim o'zgarishlari samarali, resurstejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta'minlashda yetarlicha muammo va ehtiyojlar mavjudligini ko'rsatmoqda. Xususan, jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining ortishi iqtisodiyotning resurslarga bo'lgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirib, atrof-muhitga salbiy ta'sir hamda issiqxona gazlari ajratmalarining ko'payishiga olib kelyapti. Bu borada ham ijobiy natijalarga erishish uchun zamonaviy, iqtisodiy samarador texnologiyalarga ehtiyoj yuqori.

    Aziz KALIMBETOV,

    Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi boshqarma boshlig'i:

    — Atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorini kamaytirish va o'z navbatida, havo sifatini yaxshilash maqsadida, birinchi navbatda, yirik ishlab chiqarish korxonalarida atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilishi sezilarli ekologik samara beradi.

    Mamlakatimizda metallurgiya, energetik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft`-gaz va konchilik sanoati korxonalari hamda avtotransport vositalari havoni ifloslantiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi. So'nggi 3 yilda respublika bo'yicha atmosferaga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori o'rtacha 2,427 million tonnani tashkil etmoqda. SHundan 62 foizi transport vositalari, 38 foizi sanoat korxonalari hissasiga to'g'ri kelyapti.

    Avtoulovlar ekologiya uchun doim zararli hisoblangan. Lekin bu inson salomatligiga yetkaziladigan zararni oqlash uchun bahona bo'la olmaydi. Dunyo olimlari bunga qarshi kurashga chog'langan bir vaqtda, mamlakatimizda ham oxirgi yillarda sezilarli ishlar amalga oshirilyapti. Respublikada ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalarining ekologik jihatdan foydali jihatlarini yuqori darajalarga keltirish, ulardan foydalanishda qayta tiklanuvchi energiya turlarini joriy etish, xususan, elektr energiyasida xarakatlanuvchi avtotransport vositalarining ijobiy taraflarini targ'ib etish va ular sonini ko'paytirishga erishish, transportdan foydalanishda muqobil energiya turlariga bosqichma-bosqich o'tishni amalga oshirish, yo'llarda velosipedda xarakatlanish tizimini foydalanishga kiritish va kerakli infratuzilmalar, ya'ni velosiped yo'lakchalari va velotururgohlarni barpo etish kabilar shular jumlasidandir.

    Bugungi kunda avtotransport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori ko'pligi transport vositalari sonining oshib borishi, foydalanilayotgan yoqilg'i turi va yo'l harakatini tashkil etish sifatiga bog'liq bo'lib qolmoqda. Avtomobillardan atmosferaga tashlanadigan tashlamalarning monitoringi doirasida joriy yil bahor mavsumida o'tkazilgan “Toza havo” oyligi tadbirining birinchi bosqichida 120 mingdan ortiq transport vositasi ko'rikdan o'tkazilganida, ulardan qariyb 5 mingtasi standart talablariga javob bermasligi aniqlandi. Shundan 1,5 mingga yaqini vaqtincha to'xtatilib, texnik xizmat shoxobchalariga yuborildi, natijada bir kunda o'rtacha 80 tonna zararli moddalar tashlanishining oldi olindi.

    Ana shunday sa'y-harakatlar natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, 2020-yilda atmofera havosiga transportlardan tashlangan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2018-yildagiga nisbatan 11,3 foizga kamaygan. Bunday chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.

    Bu borada iqtisodiy tejamkorlikka erishish, avvalo, aholi salomatligini ta'minlashga xizmat qiladi. Shu bois, ushbu yo'nalishdagi tarmoqlar, ayniqsa, sanoat korxonalarini zamonaviy havo tozalash uskunalari bilan ta'minlash nihoyatda muhim. Hozirgi kunda respublikada ishlayotgan chiqindi chiqaruvchi manbalarning soni 90 650 tani tashkil qilib, ulardan 42 823 tasi tashkillashtirilgan manbalar bo'lgani holda, 6 451 tasi chang-gaz tozalash uskunalari (CHGTU) bilan jihozlangan.

    Atmosferaga etkazilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida bir qator samarali tadbirlarni amalga oshirish ko'zlangan. Foydalanishda bo'lgan CHGTUlarni samaradorligi 95 foizdan kam bo'maganlariga almashtirish, yangi foydalanishga topshirilayotgan sanoat ob'ektlarini samaradorligi 99,5 foizdan kam bo'lmagan CHGTUlar bilan ta'minlash shular jumlasidan. Buning natijasida yiliga atmosferaga 0,5-0,8 million tonnagacha ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olinadi.

    Joriy yilda tasdiqlangan “2021–2023-yillarda O'zbekiston Respublikasidagi yirik sanoat korxonalarida chang-gazlarni tutib qolish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi”ga asosan, respublika bo'yicha 53 ta yirik sanoat korxonasidagi 294 ta chang-gaz tozalash uskunalarining ta'mirlanishi, nosozlarining yangilariga almashtirilishi natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarni 3 528 tonnagacha kamaytirishga erishiladi.

    Shuningdek, 2025-yilga qadar 406 ta yirik korxona va tashkilotning 1 360 ta ifloslantiruvchi manbalarida zararli moddalarni tahlil qiluvchi avtomatik tizimlarni joriy qilish, respublikada ishlab chiqarilayotgan motor yonilg'isi va avtotransport vositalari ekologik ko'rsatkichlarini yuqori darajalarga keltirish, atrof-muhitga ta'siri bo'yicha 1-toifaga kiruvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni atmosferaga ustuvor turg'un ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan zararli moddalarni tahlil qiluvchi avtomatik tizimlar bilan jixozlashni ta'minlash kabi choralar ko'zda tutilgan.

    Yuqorida keltirilgan tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida yaqin kelajakda atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini 10 foizga kamaytirishga erishish mumkin bo'ladi.

    Sanoat korxonalarining atrof-muhitga chiqaradigan zararli moddalarini kamaytirish borasida “O'zkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan olib borilayotgan samarali ishlarning ham ulushi yuqori. Jamiyatdan olingan ma'lumotlarga ko'ra, hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida chora-tadbir rejalari ishlab chiqilgan.

    Belgilangan reja asosida “Maksam-Chirchiq” aktsiyadorlik jamiyatida karbamid tsexi tozalash inshootining injektsion farsunkalarini ta'mirlash ishlari olib borilishi va ammiakli selitra tsexidagi X-29 tozalash inshootining filtirlarini almashtirish natijasida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 27 foizga kamayishiga erishildi.

    “Farg'onaazot” aktsiyadorlik jamiyatida suvni qayta ishlashning zamonaviy tizimi joriy etilishi orqali esa yiliga 450,2 ming tonna chuchuk suvni tejashga, qattiq chiqindilarni 536,7 tonna kamaytirishga erishildi. Buning natijasida poligonlarda yiliga 1341,7 tonna chiqindi to'planishining oldi olindi.

    “Navoiyazot” aktsiyadorlik jamiyatida zamonaviy talablarga to'liq javob beradigan ammiak, karbamid va azot kislotasi ishlab chiqarish uchun yangi quvvatlarni joriy etish bilan birgalikda, hozirgi vaqtda ma'nan eskirgan ammiak ishlab chiqarish sexi birinchi va ikkinchi navbati va azot kislotasi ishlab chiqarish tsexi 1-navbati ish faoliyati to'xtatildi va yiliga korxona tashlanmalari 25 foizga kamaytirildi. Jumladan, uglerod oksidini 46 foizga, azot oksidlarini esa 24 foizga kamaytirishga erishildi.

    So'nggi uch yilda ishlab chiqarish obyektlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hisobiga korxonalarda zararli moddalar tashlanmalari 2019-yilga nisbatan 16 foizga kamaydi. Korxonalar ehtiyoji uchun ishlatiladigan suvning yillik sarfi esa 513,9 ming tonnaga qisqardi.

    Innovatsion yechimlar

    Jahondagi eng dolzarb masalalardan biri ichimlik suv muammosi hisoblanadi. Suv tiklanuvchi resurs bo'lsa-da, dunyoning ko'pgina qismida, jumladan, mintaqamizda unga bo'lgan talab ortishi barobarida, suv taqchilligi ham yildan yilga oshib bormoqda. Dunyo ekspertlari ma'lumotlariga ko'ra, 2020-yilda sayyorada aholining yillik o'sish ko'rsatkichi 95 millionni tashkil etib, chuchuk suvdan foydalanish hajmi esa 17 karraga ortgan. Yana bir ma'lumot, 2000-yilgacha kam suvli mavsum har 6-8 yilda bir marta kuzatilgan bo'lsa, oxirgi yillarda bu jarayon har 3-4 yilda takrorlanmoqda.

    Achinarlisi, odamlarga “Suvni isrof qilmang, undan oqilona foydalaning”, degan bilan muammo hal bo'lib qolmaydi. Masalaga puxta o'ylanagan, innovatsion loyihalar orqali yechim topish zarurligi kundek ravshan. Mamlakatimizda so'nggi yillarda ana shunday kompleks chora-tadbirlarga faol kirishilgan. Ichimlik suvni tejash, suv yo'qotishlarining oldini olish maqsadida innovatsion echimlar ustida amaliy ishlar olib borilyapti.

    Zuhriddin ZAYNIDDINOV,

    “O'zsuvta'minot” AJ departament direktori:

    — Toza ichimlik suv insoniyat yashashi uchun eng zaruriy vositalirdan biri sanaladi. Kelajakda oziq-ovqat mahsulotlari, tiklanmaydigan tabiiy resurslar o'rnini boshqa usullar bilan yaratilgan mahsulotlar egallashi mumkin, ammo suvning o'rnini hech narsa bosolmaydi. Shu bois, uni to'g'ri sarflash, tejab foydalanish dolzarb ahamiyatga ega.

    Ayni paytda ichimlik suv sarfini bir necha barobar kamaytirishga qaratilgan bir qancha zamonaviy loyihalarni amalga oshiryapmiz. Xususan, Isroilning “Maya International Infrastructure” tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida 3 ta innovatsion loyiha ishga tushirildi. Ularning birinchisi ichimlik suv ta'minoti quvurlaridagi yerosti ko'rinmas nosozliklarini aniqlashda “sun'iy yo'ldosh texnologiyasi”dan foydalanishga qaratilgan. Masalan, Toshkent shahri sun'iy yo'ldosh orqali rasmga olinib, yer ostidagi suv quvurlaridagi 940 ta ko'rinmas nosozlik zonasi aniqlandi. Ushbu tajriba hozircha faqat poytaxtda sinovdan o'tkazilmoqda. Aniqlangan nosozliklar esa “Toshkent shahar suv ta'minoti” MCHJ xodimlari tomonidan bartaraf etildi. Shu bilan ichimlik suvining ortiqcha isrof bo'lishiga chek qo'yilib, 12,5 million kub metr ichimlik suvning yer ostiga sizib ketishi oldi olindi. Natijada 4,9 milliard so'm mablag'ni tejab qolishga erishdik.

    Ikkinchi innovatsion loyiha — suv quvurlarini yer qoplamasini buzmasdan sanatsiya, ya'ni reabilitatsiya qilishdan iborat. Bunda suv quvurining ichiga maxsus material qoplamasi yuborilib, u yangilanadi. Bugungi kunda ushbu texnologiya Toshkent shahrida tatbiq qilinmoqda. Xususan, ichimlik suv quvurlarining ichki holatini aniqlash uchun Germaniyadan masofadan boshqariladigan “Shroder S-200” maxsus robot-kamerasi keltirildi. Qurilma orqali 10 ta manzildagi suv quvurlarining ichki holati skaner qilinib, tegishli xulosalar chiqarildi.

    Uchinchisi, ichimlik suv aqlli hisoblagichlarini (smart-hisoblagichlar) amaliyotga tatbiq etish loyihasidir. Jarayonda namuna sifatida Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Qizil Sharq mavzesidagi 34 ta ko'p qavatli uy-joyning yer osti qismiga 64 ta aqlli hisoblagichlar o'rnatildi. Ulardagi ma'lumotlarni masofadan qabul qiladigan va tegishli billing dasturiga yetkazib beradigan kompyuter dasturi yaratilib, qaydlar test rejimida tahlil qilinmoqda.

    Loyiha natijasida to'liq o'lchov hududi (Districct Meter Area – DMA) yaratilib, unga jami qancha suv kirgani, qancha iste'mol qilingani va shu hududda haqiqiy suv yo'qotilishining aniq hajmini bilish imkoniyati yaratiladi. Mazkur loyiha ijobiy samara bersa, uni kelgusida boshqa hududlarda ham qo'llash rejalashtirilmoqda.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri