Toʻqimachilik tarmogʻini rivojlantirish uchun 200 million dollar ajratiladi

    Sanoat 18 Yanvar 2023 1393

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-2-son Farmoni qabul qilindi.

    Hujjat bilan maqsad qoʻyildi – keyingi 5 yilda yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,1 baravarga va eksport koʻrsatkichini 2,6 baravarga oshirish. Gilam va uy toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni paxta tolasini chuqur qayta ishlash orqali yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:

    - Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan eksportni qoʻllab-quvvatlash uchun 200 million dollar miqdoridagi mablagʻlar 3 yil muddatga yillik 4 foiz stavkada ajratiladi. Mablagʻlar gazlama, trikotaj mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport qiluvchi korxonalarni uzluksiz aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun yoʻnaltiriladi;

    - tijorat banklarida 100 million dollar miqdorida, 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada va qolgan davr uchun yillik 5 foiz stavkada gazlama, gilamchilik, boʻyash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga kredit liniyalari ochiladi.

    Bunda imtiyozli kreditlar quyidagi mezonlar boʻyicha beriladi:

    - mahsulot umumiy hajmining 50 foizi miqdorida eksportni taʼminlash boʻyicha majburiyatlarni qabul qilish;

    - oʻz mablagʻlari, shu jumladan bino-inshootlar, aylanma mablagʻ ishtirokini kamida 30 foiz qilib belgilash;

    - kredit majburiyatlari boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklar mavjud emasligi.

    Bundan tashqari, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga elektr energiyasi isteʼmoli uchun bir oylik oldindan toʻlov talabi bekor qilinadi.

    Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga MHXS asosida yuritishni joriy qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 25 ming dollardan koʻp boʻlmagan miqdori qoplab beriladi. Bunda, ushbu xarajatlar korxona tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklarining qarz mablagʻlari oʻrnatilgan tartibda jalb qilinganidan keyin qoplab beriladi.

    Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 3 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi:

    - eksport hajmi 5 million dollargacha boʻlganda — 1 million dollargacha;

    - eksport hajmi 5 million dollardan 10 million dollargacha boʻlganda — 2 million dollargacha;

    - eksport hajmi 10 million dollardan 15 million dollargacha boʻlganda — 3 million dollargacha;

    - eksport hajmi 15 million dollardan 20 million dollargacha boʻlganda — 4 million dollargacha;

    - eksport hajmi 20 million dollardan ortiq boʻlganda — 5 million dollargacha.

    Shu bilan bir qatorda, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va doʻkonini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 100 ming dollargacha mablagʻni chet elga oʻtkazishga ruxsat beriladi.

    Shuningdek, yil yakuniga qadar Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida toʻqimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari hamda Toshkent viloyatida toʻqimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etilishi nazarda tutilgan, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 13-yanvardan kuchga kirdi.