Oʻzbekistonda kuchli yomgʻir yogʻishi va 9 ta viloyatda sel toshqini xavfi eʼlon qilindi

    Mamlakatimizda 4 May 2023 2069

    Joriy yilning 5-6-may kunlari Oʻzbekiston boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda 22-25 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    “Oʻzgidromet” rahbari Sherzodxoʻja Xabibullaxoʻjaning maʼlum qilishicha, 5-7-may kunlari esa respublika boʻyicha yomgʻir yogʻadi, togʻ oldi va togʻli hududlarda baʼzi joylarda kuchli boʻladi.

    Respublikaning ayrim joylarida doʻl yogʻishi mumkin.

    5-7-may kunlari kutilayotgan kuchli yomgʻirlar yogʻishi sababli, respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida, jumladan:

    Qashqadaryo viloyati: Yakkabogʻ, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Gʻuzor tumanlarida;

    Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Muzrobod tumanlarida;

    Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulungʻur, Nurobod, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Poyariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;

    Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;

    Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;

    Toshkent viloyati: Ohangaron, Boʻstonliq, Parkent, Piskent, Oʻrtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;

    Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqoʻrgʻon tumanlarida;

    Fargʻona viloyati: Soʻx, Shohimardon, Fargʻona, Beshariq tumanlarida;

    Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qoʻrgʻontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xoʻjaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

    Togʻ oldi va togʻli hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda togʻli xududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini koʻrishi soʻraldi.