Bugun Toshkent tibbiyot akademiyasi professor- oʻqituvchilari va talaba yoshlari ham erta tongdan Adiblar xiyobonida jam boʻlishib, Alisher Navoiy siymosini yodga oldilar. Buyuk shoir gʻazal va ruboiylari, falsafiy qarashlari kuy, qoʻshiq va sahna koʻrinishlari vositasida namoyish etildi.
Chinakam bayram tusini olgan tadbirda Alisher Navoiy ijodiy merosining tibbiyot bilan bogʻliq jihatlariga alohida urgʻu berildi.
— Bugun yoshlarimizning Navoiy ijodiga boʻlgan munosabati va qiziqishini koʻrib havas qildim, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shadmanov. — Zulfiyaxonim haykali oldida jam boʻlgan boʻlajak shifokorlar mutafakkir shoir ijodiga mansub asarlarni zoʻr ishiyoq va mahorat bilan ijro etishdi. Bu esa bugungi yoshlar ajdodlarimiz maʼnaviy merosiga befarq emasligidan dalolat beradi.
Alisher Navoiy faoliyati va asarlarida tan va ruh sogʻligi bilan bogʻliq jihatalar koʻp uchraydi. Buyuk shoir garchi tibbiyot borasida alohida asar yozmagan boʻlsa-da bu sohadan yaxshi xabardor ekanligini anglash qiyin emas.
Navoiy aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash ishlariga bosh-qosh boʻlgan. 20 joyda hovuz qazdirgan, atrofini mustahkamlab, chiroyli koʻrinishga keltirgan.
Talaba yoshlar mahorat bilan ijro etgan sahna koʻrinishlarida Navoiyning bunyodkorlik ishlari ham yaqqol namoyon boʻldi.
Alisher Navoiy soʻz mulkining sultoni, qalblarning tabibi va darmoni, sadoqatli dastyori ekanligini
Soʻz guhariga erur oncha sharaf,
Kim boʻla olmas anga gavhar sadaf.
Toʻrt sadaf gavharining durji ul,
Yetti falak axtarining burji ul…
degan, mashxur satrlaridan ham anglash mumkin.
Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot kotibi