Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan “Tosh qirgʻiy poloponini sotaman” mavzusidagi eʼlon Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya qoʻmitasining davlat inspektorlarini befarq qoldirmadi. Hoʻjayli tumani “Uzumzor” MFYda yashovchi fuqaro B.A tomonidan Tosh qirgʻiy poloponini sotmoqchi boʻlgan vaqtida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya qoʻmitasining tezkor guruhi tomonidan toʻxtatildi. Qonunbuzar fuqaro B.Adan ushbu qush qanday kelib qolgani soʻralganda tabiat qoʻynidan ushlab olganligini va shu kunga qadar oʻz uyida saqlayotganligini aytdi.
Shuningdek, ushbu qush qizil kitobga kiritilgan 3 oylik polopon ekanligi va ushlab olingan qush toʻgʻrisida fuqaro B.A Davlat ekologiya qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi nazorat inspeksiyasiga xabar qilmaganligi hamda ushbu yovvoyi qush tor boʻlgan temir panjarali qafasga solinib saqlanayotganligi aniqlandi.
Ayni vaqtda Tosh qirgʻiy qushi poloponi veterinar koʻrigidan oʻtkazilib, Nukus shahar hayvonot bogʻiga topshirildi.
Ushbu holat yuzasidan qonunbuzar fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddasi bilan maʼmuriy chora koʻrilmoqda, deb xabar beradi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya qoʻmitasining matbuot xizmati.