Oʻzbekistonda sud-huquq sohasini isloh qilish jarayonlari yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrda “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–270-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, sud-ekspertlik faoliyati tubdan raqamlashtiriladi, sunʼiy intellekt texnologiyalari tadqiqot jarayonlariga keng joriy etiladi. Bu esa ekspertizalarning tezkorligi, xolisligi va toʻliqligini taʼminlaydi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ekspertiza muassasalari oʻrtasida axborot almashinuvi elektron shaklga oʻtkaziladi va ular oʻzaro integratsiya qilinadi.
Shu bilan birga, qarorda davlat sud-ekspertiza muassasalarida ekspertiza turlari 90 taga yetkazilishi, ularning hududiy boʻlimlarida esa ekspertiza sonini ikki barobarga oshirish, nodavlat sud-ekspertiza muassasalarining rolini kuchaytirish va ular faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish orqali ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazishdagi ulushini 5 barobarga oshirish ham koʻzda tutilgan.
Taʼkidlash joizki, mazkur Qaror bilan 2025–2027-yillarda sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirish va raqamlashtirish dasturi ham tasdiqlandi. Dasturda sohani zamon talablari asosida modernizatsiya qilishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, dasturning 26-bandida Toshkent davlat yuridik universiteti va xorijiy hamkorlar, jumladan, hindistonlik hamkorlar ishtirokida nodavlat Raqamli sud-ekspertiza markazini tashkil etish koʻzda tutilgan. Ushbu tashabbus nafaqat soha rivojiga yangi surʼat bagʻishlaydi, balki xalqaro tajribani keng joriy qilish va yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochilishiga ham xizmat qiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti mamlakatimizda huquqshunoslik sohasida yetakchi taʼlim va ilmiy markaz sifatida tanilgan. Universitetda zamonaviy fan va texnologiyalarni oʻquv jarayoniga tatbiq etish, talabalar uchun innovatsion oʻquv-amaliy muhit yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida universitet qoshida Raqamli sud-ekspertiza markazini tashkil etilishi oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayonlarining sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xorijiy tajriba shuni koʻrsatadiki, raqamli sud-ekspertiza markazlari jinoyatchilikka qarshi kurashishda katta samara bermoqda. Masalan, AQSh, Yevropa va Janubiy Koreyadagi universitetlar qoshidagi markazlar raqamli dalillarni tahlil qilish va talabalarni malakali ekspert sifatida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Raqamli texnologiyalarning yangi avlodlarini kashf etilishi hamda ularni ijtimoiy hayotga shiddat bilan kirib kelishi kelgusida kiberjinoyatlarning yangi turlarini tahlil qilish, raqamli dalillarni saqlash va tiklash usullarini takomillashtirish, zarar keltiruvchi dasturlarni aniqlash va ularni kriminalistik tadqiq etish, biometriya va shaxsni identifikatsiya qilish texnologiyalarini oʻrganish, sunʼiy intellekt va mashinali oʻqitishdan foydalanish, kiberxavfsizlik va profilaktika choralarini ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yoʻnalishlarida koʻplab tadqiqotlarni olib borish zaruriyatini yuzaga keltiradi.
Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etiladigan raqamli sud-ekspertiza markazi esa ushbu ehtiyojlarni qondirishda muayyan maʼnoda xizmat qiladi. Xususan, markazning ilmiy-texnikaviy salohiyati universitetdagi yuridik yoʻnalishda tahsil olayotgan talabalar uchun amaliy mashgʻulotlar maydoniga aylanadi. Bu yerda talabalar raqamli dalillarni yigʻish, ularni qayta tiklash va tahlil qilish, zararli dasturlar izlarini oʻrganish kabi koʻnikmalarni amaliyotda oʻzlashtirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Shu bilan birga, markazning faoliyati asosida oʻquv dasturlariga yangi fanlar va maxsus kurslar joriy etilishi mumkin. Jumladan, “Tarmoq kriminalistikasi”, “Raqamli sud ekspertizalari”, “Maʼlumotlar xavfsizligi huquqi” kabi zamonaviy fanlarning kiritilishi talabalarning bilim doirasini kengaytirish bilan birga, ularni xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
Raqamli sud-ekspertiza markazining tashkil etilishi nafaqat taʼlim jarayoni, balki ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun ham muhim ahamiyatga ega. Avvalo, markaz ilmiy izlanishlar uchun zamonaviy laboratoriya va texnik jihozlar bilan taʼminlangan infratuzilma sifatida xizmat qiladi. Bu esa raqamli dalillarni tahlil qilish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash, biometrik maʼlumotlarni kriminalistik tadqiq etish kabi yoʻnalishlarda ilmiy ishlar olib borish imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga, markaz magistrant va doktorantlar uchun dissertatsiya ishlarini amaliy jarayon bilan uygʻunlashtirish imkoniyatini taʼminlaydi. Tadqiqotlar davlat sud-ekspertlik muassasalari va xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin boʻlib, bu milliy va xorijiy tajribani uygʻunlashtirishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda ham raqamli sud ekspertiza laboratoriyalari bir qator muassasalar takribida tashkil etilgan. Xususan, bu borada Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi ekspert-kriminalistika markazlari hamda Huquqni muhofaza qilish Akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi katta tajribaga ega. Ushbu markazlar imkoniyatlarni birlashtirilishi kelgusida yuzaga kelayotgan muammolarni ilmiy jihatdan oʻrganish, soha boʻyicha qoʻshma tadqiqotlarni olib borish hamda tajribalar almashish imkoniyatini yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorning qabul qilinishi mamlakatimizda sud-ekspertlik faoliyatini zamonaviy bosqichga olib chiqdi, deb hisoblash mumkin. Bu, oʻz navbatida, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni oʻz vaqtida aniqlash va samarali usul va vositalardan foydalanishni, raqamli dalillar bilan ishlash uslubiyotini takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda bu borada tizimli ilmiy-tadqiqot bazasini yaratishda muhim qadam boʻldi.
Xamidov Baxtiyorjon Xamidovich,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Kriminalistika va sud ekspertizasi”
kafedrasi mudiri oʻrinbosari,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD),