Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash va xalqaro darajada faoliyat yuritadigan malakali yuridik kadrlarni tayyorlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti yangi loyihani yoʻlga qoʻydi.

Unga koʻra, endilikda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya, Sloveniya, Avstraliya, Polsha, Turkiya kabi dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlaridagi nufuzli tashkilotlar mutaxassislari, oliy taʼlim muassalari professor-oʻqituvchilari TDYUUda ham faoliyat yuritadi.

20 nafar yuqori malakali mutaxassis Intellektual mulk huquqi (Intellectual Property Law), Xalqaro atrof-muhit va Energetika huquqi (International Environmental and Energy Law), Sport va Ommaviy axborot vositalari huquqi (Sports and Media Law), Qiyosiy konstitutsiyaviy huquq (Comparative constitutional law), Xalqaro investitsiya huquqi (International Investment Law), Qiyosiy koorporativ huquq (Comparative Corporate Law), Xalqaro tijorat arbitraji (International Commercial Arbitration), Xalqaro biznes huquqi (International Business Law), Xalqaro moliya va bank huquqi (International Financye Law & Banking Law) kabi fanlardan talabalarga saboq beradi.

Mashgʻulotlar ingliz tilida olib boriladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi