Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.
Oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida Oʻrta Chirchiq tumani “Oʻrtaboʻz” mahallasida joylashgan Toshkent dengizi hududidagi suv omborida S.Ch., I.N. va N.J. tomonidan leskali toʻrlar bilan noqonuniy ravishda baliq ovlanayotganligi aniqlandi.
Oʻrganish davomida huquqbuzarlarning yonidan jami 116 dona, 42 kg boʻlgan oq sila, tovon baliq, zogʻora baliq hamda oq qayroq baliqlari topildi. Tabiatga 41 million soʻm zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan MJtKning 90-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, reyd davomida topilgan 3 ta qayiq hamda 2 ming metrdan ziyod leskali toʻrlar holatga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlash uchun Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi omborxonasiga joylashtirildi.
Toʻplangan hujjatlar holatga qonuniy baho berish uchun Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tuman sudiga yuboriladi.