Toshkent jamoat transporti parki 202 ta yangi YUTONG elektrobus bilan boyidi

    Toshkent shahrining jamoat transporti uchun Xitoydan 202 ta yangi Yutong elektrobusi olib kelindi.

    Poytaxt jamoat transporti tizimini rivojlantirish, ekologik toza va energiya tejamkor transport vositalarini joriy etish doirasida “Yutong” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 202 dona zamonaviy elektrobusning ramziy kaliti “Toshshaxartransxizmat” AJ rahbariga tantanali ravishda topshirildi.

    Marosimda Toshkent shahar hokimi, Transport vaziri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Jamoatchilik kengashi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirok etdi.

    Avtobuslarni topshirish marosimida soʻzga chiqqan transport vaziri Ilhom Maxkamov yangi harakat tarkibini qabul qilib olgan haydovchilar va “Toshshaxartransxizmat” AJ jamoasini samimiy qutladi. Ularning jamoat transportini rivojlantirishdagi mehnati va fidoyiligini alohida eʼtirof etdi.

    Qayd etilishicha, 2025-yilning ikkinchi choragida poytaxt jamoat transporti orqali kunlik yoʻlovchi tashish hajmi 1,4 million kishiga yetdi. Bu koʻrsatkich xizmat hajmini 27 foizga oshishini taʼminladi.

    Yoʻnalishlarning umumiy uzunligi ham 2 945 kilometrdan 2 990,8 kilometrgacha kengaytirildi. Bu oʻzgarishlar natijasida jamoat transportining oʻrtacha tezligi 18 kilometr/soatdan 21 kilometr/soatgacha oshdi.

    2025-yilda xarid qilingan 202 dona elektrobus va ular uchun oʻrnatilgan 100 dona quvvatlash uskunalari jamiyatda ekologik toza transport ulushining sezilarli darajada ortishiga xizmat qiladi.

    2030-yilgacha boʻlgan rivojlanish strategiyasiga muvofiq, jami 1 200 dona elektrobus xarid qilinishi rejalashtirilgan. Buning natijasida jamoat transporti parklarida elektrobuslar ulushi 50 foizdan 63 foizgacha yetkaziladi.

    Yangi ekologik toza elektrobuslar shahar atrof muhitini yaxshilash va jamoat transporti tizimini rivojlantirishga muhim hissa qoʻshadi. Soʻnggi yillarda Toshkent shahri jamoat transporti harakat tarkibini yangilash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida avtobuslardan havoga chiqadigan zararli moddalar miqdori oyiga 93,3 tonnaga kamaygan.