Musobaqada dunyoning 5 qitʼasi, 71 davlatdan kelgan 500 ga yaqin dzyudochi gʻoliblik uchun kurashdi.

Oʻzbekiston terma jamoasi 2 kumush, 4 bronza, jami 6 medal bilan umumjamoa hisobida 71 davlat orasida 6-oʻrinni egalladi.

Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) va Davlat Bobonov (-90 kg) musobaqaning kumush medalini qoʻlga kiritgan boʻlsa, Kemran Nurillayev (-60 kg), Sardor Nurillayev (-66 kg), Muzaffarbek Toʻraboyev (-100 kg) hamda Gulnoza Matniyazova (-70 kg) bronza medaliga sazovor boʻldi. Kumush medal egalari oʻz hisoblariga 700, bronza medal sohiblari esa 500 reyting ochkosini qoʻshib qoʻyishdi.

Yaponiya terma jamoasi medallar jamgʻarish boʻyicha peshqadam boʻldi. Dzyudo vatani vakillari Toshkent “Katta Dubulgʻa” turnirida 9 oltin, bittadan kumush va bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ikkitadan oltin va kumush, bitta bronza medalini qoʻlga kiritgan Moʻgʻuliston terma jamoasi 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, kuchli uchlikka bittadan oltin va kumush hamda 4 bronza medali bilan Janubiy Koreya terma jamoasi yakun yasadi.

Toshkent “Katta Dubulgʻa” turnirida jami 24 terma jamoaga kamida bitta medal nasib etdi. Beshtagina mamlakat dzyudochilari oltin medal bilan taqdirlandi.