Toshkent konkur boʻyicha Jahon kubogining Yevrosiyo ligasiga mezbonlik qiladi

    Sport 18 Aprel 2023 1484

    21-23-aprel kunlari poytaxtimizdagi “Universal Horses Stable” majmuasida konkur boʻyicha anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan Jahon kubogining Yevrosiyo ligasi bosqichi boʻlib oʻtadi.

    27-30-aprel kunlari esa Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogi hamda “Maxsima Masters” Gran-pri turniri oʻtkaziladi.

    17-aprelda mazkur musobaqada ishtirok etadigan sport otlari Frankfurt-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha maxsus reysda poytaxtimizga olib kelindi. Tulporlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan belgilangan tartibda bazaga joʻnatildi.

    Otlar bir necha kunlik tiklanish jarayoni, sanitar koʻriklardan soʻng mashgʻulotlarga qoʻyiladi. Eslatib oʻtamiz, Yevrosiyo ligasi bosqichlarining yakunida kelasi yil boʻlib oʻtadigan Jahon kubogining final bosqichi ishtirokchisi aniqlab olinadi.

    Mazkur nufuzli musobaqaga Yevrosiyo ligasiga kiruvchi 11 mamlakatdan tashrif buyuradigan chavandozlar, shuningdek, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining taklifiga binoan Shvetsiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Xitoy, Yaponiya, Oman, Qatar, Eron, Hindiston kabi 20 mamlakatdan mehmonlar keladi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.