Bu haqda “Dunyo” AA. xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2024-yil sentyabr oyidan boshlab pokistonliklar uchun yurtimizga kirish vizasini rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi.
– Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan pokistonliklar uchun viza rasmiylashtirish tartibining soddalashtirilgani hamda toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilayotgani Pokiston jamiyati uchun quvonarli hodisa boʻldi, – dedi mamlakatimiz faxriy konsuli Najib Vohra. – Bu Oʻzbekiston yetakchisining mintaqaviy bogʻliqlikni qayta tiklash borasidagi siyosati qatʼiy va bu jarayon endi ortga qaytmasligidan dalolat beradi. Mintaqalarimiz oʻrtasida qayta tiklanayotgan aloqalarga yangicha mazmun baxsh etadi. Ishbilarmonlar uchun vaqt eng qimmatbaho neʼmat va qayta tiklanmas resurs hisoblanadi. Biznes doira vakili sifatida ishonch bilan ayta olamanki, yoʻlga qoʻyilayotgan yangi aviamarshrut ikki mamlakat tadbirkorlarining oʻzaro safarlari davomida sarflanadigan vaqtini tejab, aloqalarni jadallashtiradi, yangi qoʻshma loyihalar uchun yoʻl ochadi.
Bundan tashqari, pokistonliklar uchun Oʻzbekistonning, jumladan, Toshkentning transport va tranzit xabi sifatidagi imkoniyatlaridan keng foydalanish imkonini beradi.