Shu vaqtga qadar asosan mamlakatimizning xalqaro aeroportlarida boʻlgan “yashil” va “qizil” yoʻlaklar 2021-yildan boshlab avtomobil va temir yoʻl oʻtkazish punktlarida ham joriy qilindi.

Shu munosabat bilan, Toshkent markaziy temir yoʻl vokzalida xuddi chegara bojxona postlaridagi kabi barcha nazorat organlarining faoliyat yuritishini taʼminlovchi alohida zal faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda pasport nazorati, sanitariya-epidemiologik nazorat, bojxona nazoratini amalga oshirilishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi.

Vaholanki, ilgari xorijga qatnayotgan yoʻlovchi poyezdlari mazkur vokzaldan 18 kilometr olisda joylashgan “Keles” temir yoʻl chegara bojxona postida bojxona nazoratidan oʻtishi uchun soatlab toʻxtatilib turilardi.
Bojxona xodimlari esa, vagonlarga chiqib, noqulay shart-sharoitlarda bojxona koʻrigini amalga oshirishardi. Tabiiyki, bu ayrim hollarda yoʻlovchilarning, ayniqsa, xorijiy sayyohlarning haqli eʼtirozlariga ham sabab boʻlardi.

Endi esa, bu kabi holatlarning oldi olindi. Yoʻlovchilar poyezd vagonidan tushishgach vokzalning oʻzida, sanoqli daqiqalarda bojxona nazoratidan oʻtishadi.

Poyezdlarda xorijdan kirib kelayotgan yoʻlovchilar endi yana-da vaqtlarini tejagan holatda bojxonadan osonlik bilan, deklaratsiya toʻldirmagan holda “yashil” yoʻlak orqali harakatlanishlari mumkin. Faqatgina cheklangan normalardan ortiqcha tovar va valyuta qimmatliklarini olib oʻtayotgan shaxslargina yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirib, “qizil yoʻlak”dan harakatlanishlari mumkin, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.