Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan ilgari surilgan loyiha Toshkent metropolitenida “Zo‘ravonlik – madaniyatimizga begona” nomli targ‘ibot bannerlarini tashkil etdi.

Qayd etilishicha, bundan ko’zlangan asosiy maqsad so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik ayollarning zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgani haqida media manbalarda tez-tez uchrayotgan yangiliklar tufayli unga jamoat joylarida ham e’tiborni kuchaytirish, mavzuni yanada dolzarblashtirish va salbiy vaziyatlarning sonini ham keskin kamaytirishdir.

O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik keng tarqalgan bo‘lsa-da, bu haqda kam gapiriladi. Ko‘p holatlarda oilada zo‘ravonlikka uchraganlar turli sabablar bilan bu haqda sukut saqlashga majbur bo‘ladi. Bunday paytlarda ularning nolasiga quloq tutadiganlar juda kam topiladi. Shu sababli murojaat qilgan ayollarga ko‘mak berilishi uchun ushbu sayt ishga tushirilgan.

“Nolalar.com – butun O‘zbekiston jamoatchiligining e’tiborini ayollarga nisbatan zo‘ravonlikdan ogoh bo‘lish, uning oldini olish va asoratlarini yengillashtirish uchun yaratilgan loyihadir”, – deyiladi xabarda.

Qayd etish mumkin, 2021-yilda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 40 mingga yaqin xotin-qizga himoya orderi berilgan boʻlsa, bu zoʻravonliklarning 87 foizi oilalarda sodir etilgan.

Guruhlarga boʻlinganda: 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18 777 ta ruhiy, 13 658 ta jismoniy zoʻravonlik hamda 7 174 ta tazyiq holatlari aniqlangan.

Zoʻravonlikka duch kelgan xotin-qizlar reabilitatsiya markazlariga 1169 qisqa raqami orqali bogʻlanishi mumkin.

Shuningdek, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar ishlari boʻyicha inspektorlari ham xotin-qizlarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikdan oʻtgan. 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish orqali, 24 soat ichida himoya orderini olish mumkin.