Toshkent metrosiga yana 56 dona zamonaviy metro vagonlarini xarid qilinadi

    “Toshkent metropoliteni” DUK Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi tarqalayotgan “Toshkent metrosidagi tigʻizlik muammolari” nomli xabarlarga javob berdi.

    Qayd etilishicha, soʻnggi 6-yil davomidagi bunyodkorlik ishlari hisobiga qoʻshimcha 33 km metro yoʻnalishlari va 21 ta yangi bekatlar qurib, foydalanishga topshirildi.

    Buning natijasida, 2021-yil bir kunda 280-300 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatgich 920-930 mingni tashkil qildi va bugun bu son bir kunda 1 mlndan ortmoqda.

    Yoʻlovchilar sonining ortib borishi sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tirbandliklarni oldini olish hamda yoʻlovchilarning bir manzildan boshqa manzilga borish vaqtlarini qisqartirish maqsadida soʻnggi 3-yilda tigʻiz vaqtda (07:30 dan 09:00 gacha) harakat tarkiblarining yoʻlovchi tashish boʻyicha oraliq vaqti (interval) qisqartirildi.

    Jumladan:

    • 2021-yilda Chilonzor yoʻnalishida 5 daqiqa( 16 ta poyezd ishlagan) boʻlgan boʻlsa, bugun 1,5 daqiqa (28 ta poyezd harakatlanmoqda);
    • 2021-yilda Oʻzbekiston yoʻnalishida 6 daqiqa( 9 ta poyezd ishlagan) boʻlgan boʻlsa, bugun 3 daqiqa (16 ta poyezd harakatlanmoqda);
    • 2021-yilda Yunusobod yoʻnalishida 11 daqiqa( 6 ta poyezd ishlagan) boʻlgan boʻlsa, bugun 4 daqiqa (11 ta poyezd harakatlanmoqda);

    “Oʻzbekiston Mustaqilligining 30-yilligi yer usti halqa yoʻli” yoʻnalishi – 12 daqiqadan (5 ta poyezd ishlagan) 9 daqiqaga (11 ta poyezd ishlamoqda) tushirilgan.

    2021-yilgacha 36 ta poyezd harakatlangan boʻlsa, soʻnggi 3-yil davomida zamonaviy turdagi 41 ta yangi harakat tarkiblari harid qilinib, 2025-yilga kelib, poyezdlarning soni 75 tadan ortdi.

    Shuningdek, 2026-yil davomida yana qoʻshimcha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini harid qilish koʻzda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yoʻnalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi.

    Shu bilan birga hurmatli yoʻlovchilarimiz metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini soʻraymiz.

    Harakatlanish vaqtida

    • oʻzaro hurmatni saqlash,
    • poyezd ichidagi yoʻlovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik,
    • manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish,
    • vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.

    Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    “Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yoʻlovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat koʻrsatishda oʻz hissangizni qoʻshasiz degan umiddamiz”, — deyiladi xabarda.