Toshkent metrosining 7 ta bekati oraligʻida harakat vaqtincha toʻxtatiladi

    Transport 24 Iyun 2025 1089

    Toshkent metrosining Yerusti halqa yoʻli yoʻnalishidagi “Quruvchilar (12-bekat)—Yangiobod (6-bekat)“ bekatlari oraligʻida poyezdlar harakati vaqtincha toʻxtatiladi.

    Qayd etilishicha, Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yoʻli yoʻnalishidagi 14 ta bekatdan iborat “Texnopark – Qipchoq“ bekatlari va bekatlar oraligʻi bir necha yildan buyon yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

    Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, yangi qurilgan metro yoʻnalishlarida metro poyezdlar harakati va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash hamda sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida, yer usti estakadalari va bekatlari maʼlum muddat foydalangandan soʻng, rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish lozim.

    Shu munosabat bilan Yer usti halqa yoʻli yoʻnalishining “Texnopark – Qipchoq” bekatlari oraligʻida bosqichma-bosqich 3 oy muddatga moʻljallangan rejali profilaktik ishlari amalga oshirilmoqda.

    Rejali profilaktik ishlarni keyingi navbatini amalga oshirish uchun 2025-yil 28-iyun sanasida boshlab, “Quruvchilar (12-bekat) — Yangiobod (6-bekat)” bekatlari oraligʻida metro poyezdlar harakati toʻxtatiladi.

    Toshkent metropoliteni yoʻlovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, “Qipchoq–Yangiobod–Qipchoq” metro bekatlari oraligʻida bepul xizmat koʻrsatuvchi katta sigʻimli avtobuslar (metrobus) harakati yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tongi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshiriladi.