Toshkentdagi 2 ta metro bekati 3 oyga vaqtinchalik yopiladi

    Transport 30 May 2025 2467

    Ushbu metro bekatlari oraligʻida bepul xizmat koʻrsatuvchi katta sigʻimli avtobuslar (metrobus) harakati yoʻlga qoʻyiladi.

    Qayd etilishicha, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, yangi qurilgan metro yoʻnalishlarida metro poyezdlar harakati va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash hamda sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida, yer usti estakadalari va bekatlari maʼlum muddat foydalangandan soʻng, rejali profilaktik ishlar amalga oshiriladi.

    Shu munosabat bilan Yer usti halqa yoʻli yoʻnalishining “Texnopark – Qipchoq“ bekatlari oraligʻida bosqichma-bosqich 3 oy muddatga moʻljallangan rejali profilaktik ishlar amalga oshiriladi. Rejali profilaktik ishlar amalga oshirish uchun 2025-yil 8-iyun sanasida boshlab, 2 ta bekat “Turon (13-bekat) — Qipchoq (14-bekat)“ bekatlari oraligʻida metro poyezdlar harakati toʻxtatiladi.

    Toshkent metropoliteni yoʻlovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, “Qipchoq–Quruvchilar–Qipchoq“ metro bekatlari oraligʻida bepul xizmat koʻrsatuvchi katta sigʻimli avtobuslar (metrobus) harakati yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tongi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshiriladi.