Toshkent metrosining yana bir bekatida ish vaqti qisqartirildi

    Transport 11 Dekabr 2023 3556

    “Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati xabar qilishicha, “Yer usti halqa yoʻli” metro liniyasining ish tartibi vaqtincha oʻzgartiriladi.

    Taʼkidlanishicha, shu yilning 16-dekabrdan boshlab Texnopark (Doʻstlik-2); Yashnobod (2-bekat); Tuzel (3-bekat) bekatlarida ish vaqti soat 06:00 dan 22:00 ga qadar tashkil etiladi.

    Bundan bir necha kun oldin “Yer usti halqa yoʻli” yoʻnalishining II bosqichidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha boʻlgan Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) metro bekatlarini ishga tushirish maqsadida, yoʻnalishdagi boshqa mavjud bekatlar bilan texnik jihatdan oʻzaro bogʻlash ishlarini tashkillashtirilishi yuzasidan maʼlumot berilgan edi.

    "Rejadagi ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilning 16-dekabr sanasidan “Yer usti halqa yoʻli” yoʻnalishining Texnopark (Doʻstlik-2) va Yashnobod (2-bekat) bekatlari bilan birgalikda Tuzel (3-bekat) bekatida ham ish rejimi soat 06:00 dan 22:00 ga qadar tashkil etiladi.

    Shuningdek, Olmos (4-bekat) bekatidan Quruvchilar (12-bekat) bekatigacha boʻlgan bekatlar oraligʻida ish rejimi oʻzgarmagan holda 05:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etiladi. (Maʼlumot uchun 05:00 dan 06:00 gacha va 22:00 dan 23:00 gacha Olmos-Quruvchilar bekatlari oraligʻida bir tomonlama (chelnok) poyezdlar harakati tashkil etiladi)," deyiladi xabarda.