Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sentyabr oyi oʻrtalarida Batumi shahrida (Gruziya) boʻlib oʻtgan AdBlackSea xalqaro ijod festivalida Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha Gran-prini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, u Media nominatsiyasining Use Of Print And Outdoor boʻlimida “oltin” mukofotga sazovor boʻldi.
Bundan tashqari, Qozogʻistondagi nufuzli festivalda Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha uchta oltin va uchta bronza mukofotini qoʻlga kiritdi.
Olmaotada 21-22-sentyabr kunlari oʻtkazilgan Jolbors 2024 oʻn uchinchi xalqaro reklama festivalida Toshkent roligi uchta “oltin” mukofotni: PR campaign, ESG projects va Reputation behavioral communication nominatsiyalarida hamda uchta “bronza” mukofotni: Media campaign, PRINT OUTDOOR va Brand Experience Activation nominatsiyalarida qoʻlga kiritdi.
Shunday qilib, Toshkent mozaikalari mukofotlar soni boʻyicha festival qahramoniga aylandi. Loyihaning barcha sovrinlarini uning rasmiy sahifasida koʻrish mumkin.
Mukofotlarning bunday “yulduz yomgʻiri” mozaikalarni saqlash va ommalashtirishdan manfaatdor boʻlgan davlat va xususiy tashkilotlar hamda jamoatchi shahar faollarining hamkorligi natijasida yuzaga keldi. Yaʼni, hamkorlik “oʻylab topilgan” emas, balki shahar mozaikalariga boʻlgan umumiy muhabbat missiyasi bilan bogʻliq edi.
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan mozaikalar Oʻzbekiston madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan mozaikalar haqidagi sayt animatsiya va kengaytirilgan reallik mobil ilovasi yaratildi.
Toshkent mozaikalarini ommalashtirish tashabbuskori, ishqiboz Fotima Abdurahmonova mozaikalarning joylashuvi va ularning mualliflari haqida maʼlumot toʻpladi.