Shunday tashabbuslardan biri — poytaxtimizdagi oʻz qiyofasini yoʻqotgan mozaikalarni qayta tiklash loyihasi haqida eshitganimda, avvaliga, biroz anglolmadim. Keyinroq, bolaligimda ammamning uyiga mehmonga borganim, ular yashaydigan koʻp qavatli bino devori mozaikalar bilan bezatilgani hayolimdan oʻta boshladi. Qizigʻi, oʻsha vaqtlari shaharda bunday tasvirlarga koʻp bor koʻzim tushardi. Oxirgi yillarda Toshkent shahrida yuzlab yangi, zamonaviy turar joy binolari qurilib, atrofda eskilari deyarli koʻzga tashlanmay qolgani uchunmi, mozaikali tasvirlar haqida unutib yuborgan ekanman.
Ammo bu ularning yoʻqolib ketganini anglatmaydi. Masalan, metro bekatlaridagi mozaikalarga deyarli har kuni koʻzimiz tushadi. Ancha yillar oldin qurilgan koʻp qavatli uylar fasadlaridagi mozaik tasvirlar ham haligacha saqlanib turibdi. Ularning aksari oddiy tasvirlar sifatida odamlar yodidan chiqqaniga qaramay, ushbu sanʼat asarlariga shaharning meʼmoriy yodgorligi sifatida qarovchilar bor. Yillar davomida oʻnlab mozaikalar yuzasi reklama bannerlari bilan berkitib qoʻyilgani, ayrimlarining ustiga boʻyoq tortilgani aholi, xususan, keng jamoatchilik faollari eʼtiboridan chetda qolmagani buning isboti. Ular oʻz noroziliklari bilan mozaikalarni qayta tiklashni soʻradi.
Shu tariqa, keyingi ikki yildan buyon “Payme” kompaniyasi tashabbusi hamda Toshkent shahar hokimligi, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Madaniy meros agentligi hamkorligida Toshkent mozaikalarini saqlab qolish boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda. 2023-yildayoq tashabbuskorlarning harakati bilan 200 dan ortiq mozaikali bino fasadlaridan reklama bannerlari olib tashlanib, 157 ta mozaika madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan. “Toshkent aholisi shaharni doim yorqin va chiroyli koʻrishni istaydi. Biz bunga hissa qoʻshish barobarida, odamlar uchun muhim boʻlgan qadriyatlarni asrashni qoʻllab-quvvatlashga intilyapmiz. Mozaikalarni asrash va ularga yangitdan ruh berish buning bir qismi”, deydi “Payme” kompaniyasi marketing boʻlimi direktori Nodira Shermatova.
Xayrli tashabbus haqida chuqurroq bilganim sari, loyiha shaharning oʻziga xos meʼmoriy merosini asrashga qaratilgani bilan meni yanada qiziqtirib qoʻydi. Yaqindagina amalga oshirilgan yana bir harakat buning misoli. Gap shundaki, loyiha doirasida Toshkent shahrining Shayxontohur va Uchtepa tumanlaridagi turar joy binolari fasadlaridagi uchta noyob mozaika yuzasi boʻyoqdan tozalanib, yana jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi. Mazkur mozaik tasvirlar 1970-yil oʻrtalarida rassom Nikolay Jarskiy tomonidan yaratilgan boʻlib, 2021-yilda fasad taʼmirlash ishlari sabab oʻz qiyofasini yoʻqotgan. Ularning yuzasiga surtilgan boʻyoq mutaxassislar nazorati ostida va qatʼiy tavsiyalarga rioya etgan holda, ehtiyotkorlik bilan tozalandi.
— Boʻyoq ostida qolgan mozaikalarni tiklash — bu shaharning vizual tarixi, oʻtgan davr, insonlar va gʻoyalar bilan bogʻliq xotiralarni qaytarishdir, — deydi “Tashkent Mosaics” loyihasining ilmiy rahbari Fotima Abdurahmonova. — Bular shunchaki tasvirlar emas, balki yillar davomida Toshkentning bebaho merosi va faxriga aylangan, poytaxt vizual qiyofasining bir qismi hisoblanadi. Afsuski, soʻnggi yillarda ularning ayrimlari boʻyoq ostida qolgan. Bu, albatta, atay qilinmagan, shunchaki, arxitektura merosini tizimli saqlash mexanizmi yoʻqligi bois, fasadlarni keng qamrovli taʼmirlash va boʻyash jarayonlarida mozaikalarga sanʼat asari emas, balki boʻyoq bilan berkitish mumkin boʻlgan eski tasvirlar sifatida qaralgan. Bu borada ishni bajaruvchi tashkilotlarga aniq koʻrsatmalar berilmagan. Shu bois, loyiha doirasida boʻyoq ostida qolgan, rassom Nikolay Jarskiy ijodiga mansub 3 ta noyob mozaika tozalandi. Bu bir martalik tashabbus emas, Toshkent mozaikalarini oʻz holicha asrashga qaratilgan harakatlar turli koʻrinishlarda doimiy davom ettiriladi.
Yarim asrdan koʻproq vaqt...
Toshkent shahri 1930-yilda Oʻzbekiston poytaxti sifatida eʼlon qilinganidan buyon salkam bir asr oʻtdi. Bu koʻhna va azim shahar qadimdan zamonaviy va oʻziga xos qiyofasi bilan ajralib turgan. Ushbu manzilga bir kelgan inson unga mehr qoʻyadiyu, sababini izhorlay olmaydi. Shaharning nimasidir, qandaydir ohanrabosi oʻziga chorlayveradi. Toshkentga berilgan “Tinchlik shahri”, “Non shahri”, “Doʻstlik shahri” kabi eʼtiroflar esa poytaxtning azaldan mehmonlar uchun ochiq boʻlgani timsolidir.
Bugun Toshkent shahri jadal rivojlanayotgan poytaxtlar qatorida. U nafaqat mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik shahar hamdir. Keyingi yillarda poytaxtning zamonaviy qiyofasi tubdan yangilanib boryapti, baland bino va turar joy majmualari, koʻngilochar manzillar, savdo va xizmat koʻrsatish maskanlari, dam olish maydonlari soni bir necha barobarga oshgan. Shu bilan birga, shaharning oʻziga xos madaniy va meʼmoriy yodgorliklarini saqlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Toshkent mozaikalari shular jumlasidan.
Bu mozaikalar oʻzi qachon paydo boʻlgani koʻpchilik qatori menga ham qiziq. Koʻrinishidan, tarixi ancha yillarga borib taqalashi turgan gap. Ularning yaratilishi ham oʻsha vaqtdagi biror madaniy hodisa bilan bogʻliq boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Taxminim haqiqatga yaqin boʻlib chiqdi, chindan ham Toshkentdagi mozaikalar katta bir voqelik sabab yaratilgan ekan. Yaʼni, ular 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan keyin boshlangan keng qamroqli qayta qurish jarayonlarida paydo boʻlgan.
Maʼlumotlarga koʻra, tarixga muxrlangan bu kuchli zilzila oqibatida 300 mingdan ortiq odam uysiz qoladi, 2 236 ta maʼmuriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shahobchalari, shuningdek, mingga yaqin boshqa binolar zarar koʻradi. Talafotning koʻlami oz emas, kichik taʼmirlashlar bilan ish bitmasdi. Shu bois, shaharda qayta qurish boshlanadi. Bir vaqtning oʻzida yuzlab binolar qurilishi kerakligi sababli, ularni umumiy gʻoya ostida yaratish osonroq boʻlgan. Meʼmorlar binolarning oʻziga xosligiga alohida eʼtibor qaratadi. Mozaikalar oʻrnatish gʻoyasi ham shuning bir qismi edi.
Mozaika fransuzchadan tarjima qilganda, bir xil turdagi yoki tosh, yogʻoch, marmar, metall kabi turli xomashyo boʻlaklaridan ishlangan tasvir, naqsh yoxud boʻlaklarning oʻzini anglatadi. U monumental bezak sanʼatining asosiy turlaridan biri boʻlib, odatda, binolar fasadiga terib chiqiladi. Toshkentdagi ilk mozaik panno Muqimiy koʻchasidagi 9 qavatli uylarning birida yaratilgan ekan. Mozaikalarni oʻrnatish texnik jihatdan qiyinchilik tugʻdirmagan. Panellar dastlab pastda tayyorlanib, keyin devorlarga oʻrnatilgan.
Mozaikalar zilziladan keyingi shahar hayotiga oʻziga xos ijobiy ruh olib kirgan. Ularning yaratilishi, bir tomondan, shaharga zamonaviy qiyofa berish, boshqa tomondan esa, mehnat, xalqlar doʻstligi, tinchlik va ilm-fan rivoji kabi gʻoyalarni targʻib qilishga qaratilgan. Tasvirlarda milliy naqshlar va motivlarga murojaat qilish holatlari ustunlik qiladi va bu Toshkentning koʻp millatli hamda boy tarixiy madaniy qiyofasini aks ettirgan. Asosan, sevgi va jasorat haqidagi folklor asarlar qahramonlari, milliy liboslar, urf-odatlar, taomlar va cholgʻu asboblari, mahalliy aholi tasvirlangan.
Toshkent — “mozaikalar shahri”
Demak, Toshkentdagi mozaik pannolarning yaratilganiga yarim asrdan koʻproq vaqt boʻldi. Bu davr ichida taʼmirtalab holga kelganlari, buzib tashlanganlari ham bor. Shunga qaramay, ushbu sanʼat asarlarining oʻtgan yillar davomida asl holini yoʻqotmasdan saqlanib qolgani, mustahkamligi siri kishini hayratga soladi.
— Buning ortida mozaikalarni yaratishdagi yuqori mahorat va sifatli materiallardan foydalanilgani yotadi, — deydi Fotima Abdurahmonova. — Mozaik pannolar qoʻlda terilgan boʻlib, yuqori haroratda pishirilgan mustahkam keramik plitkalar ishlatilgan. Bu materillar namlik, quyosh nuri, harorat oʻzgarishi va mexanik zarbalarga ancha chidamli. Plitkalarni yopishtirishda ham mustahkam moddalardan foydalanilgan. Bularning bari oʻsha davrda qatʼiy amal qilingan qurilish normalari, sifat talablari asosida bajarilgan. Asosiysi, mozaikaning oʻzi ham mustahkam, uzoq yillar chidaydigan monument sanʼat turi hisoblanadi. Boʻyoq bilan qiyoslaganda, mozaika devorga qattiq yopishadi, rangsizlanmaydi, yorilmaydi va oʻnlab yillar davomida ajralib tushmaydi. Hatto, muntazam parvarishsiz ham uzoq vaqtgacha saqlanadi. Binoni toʻliq taʼmirlash ham uning sifatiga ziyon yetkaza olmaydi.
Mozaikalar estetik va madaniy jihatdan ham alohida ahamiyatga, qadriyatga ega. Ular shahar tarixining vizual yozuvi, zamon ruhi va sanʼat tilini aks ettiradi. Toshkent mozaikalari, allaqachon, shaharning oʻziga xosligiga aylangan. Shu bois, uning oʻrnini yangi va zamonaviy rasmlar, rang tasvir namunalari bilan almashtirish haqida oʻylanmayapti. Aksincha, mahalliy aholining oʻzi mozaikalarni saqlab qolish tarafdori va boshqalarni ham ushbu tashabbusga chaqirmoqda.
Mozaikalar amaliy jihatdan ham foydali xususiyatlarga ega ekanini koʻpchilik bilmasa kerak. Mutaxassislarning aytishicha, mozaik plitkalar yaltiroq yuzasi tufayli quyosh nurlarini aks ettirib, issiq havoda devorlarning qizib ketishini kamaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, plitkalar beton kabi namlikni oʻziga shimib olmagani bois, binoni chirish, mogʻor paydo boʻlishidan himoyalaydi. Shu jihatlariga koʻra, mozaikalar nafaqat shahar uchun alohida bezak, balki ekologik jihatdan oqilona yechim hisoblanadi.
Mozaikalarni asrashda originalligini saqlab qolish, asl holiga zarar yetkazmaslik yanada muhimroq. Shu bois, pannolarni boʻyoqlardan tozalash jarayoni restavratsiya mutaxassislari nazorati ostida, zarur hollarda, sanʼatshunoslar va arxitektorlar ishtirokida bajarildi. Tozalash ishlarida yengil usullar qoʻllanildi.
— Bu usullar avval boshqa joyda sinovdan oʻtkazilib, xavfsiz ekani aniqlangachgina, mozaikalarni tozalashda foydalanildi, — tushuntirdi Fotima Abdurahmonova. — Baʼzan mozaikalar shunchalik shikastlanadiki, uni oddiy tozalash bilan tiklab boʻlmaydi. Masalan, plitkalarning bir qismi yoʻqolgan, yopishtiruvchi asos kuchli zararlangan, agressiv boʻyoq qoplamasi yoki namlik, quyosh va vaqt taʼsiri kuzatilgan boʻlishi mumkin. Shunday hollarda bir qancha usullardan foydalaniladi. Agar elementlarning ayrimlari yoʻqolgan boʻlsa, ularning oʻrnini rang, shakl va teksturasi imkon qadar originaliga yaqin plitkalar bilan tiklash mumkin. Bordiyu, mozaikaning katta qismi zararlangan boʻlsa, yanada koʻproq shikast yetmasligi uchun saqlash choralari koʻriladi. Oʻta ogʻir holatlarda esa arxiv fotosuratlari mavjud boʻlsa, nusxa koʻchiriladi va hokazo.
Asosiysi, bu ishlarning bari mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladi. Chunki nafaqat tasvirni, balki u yaratilgan davr ruhini ham saqlash kerak. Bugun Toshkent shahri boʻylab oʻzida ana shunday oʻziga xos ruhni aks ettirib turgan 480 dan ortiq mozaik pannolar mavjud. Shundan 400 tasi turar joy binolari fasadida tasvirlangan. Toshkent mozaikalarini saqlab qolish loyihasi doirasida ularni oʻrganish, katalogini yaratish ishlari davom etyapti. Muhim jihati, Toshkentning dunyodagi “Eng koʻp mozaikalarga ega shahar” sifatida tan olinishi uchun Ginnesning rekordlar kitobi komissiyasiga ariza berish rejalashtirilgan.
Ochigʻi, bu koʻpchilik uchun yangilik. Boisi, poytaxtda yuzlab mozaikalar borligiga unchalik ham eʼtibor bermaganimiz rost. Ularni saqlashga va yangitdan taqdim etishga qaratilgan harakatlar esa odamlarni shaharning vizual qiyofasidagi rang-baranglikdan zavqlanishga chorlaydi. Yaqin yillarda esa Toshkentga beriladigan taʼriflar qatoriga “Mozaikalar shahri” ham qoʻshilsa, ajab emas.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2025-yil 29-may, 108 sonida chop etilgan