Toshkent shahar hokimligida Navoiy shoh koʻchasini rekonstruksiya qilish masalasi koʻrib chiqildi

    Urbanizatsiya 16 Mart 2022 1558

    2022-yil 15-martda Toshkent shahar hokimligida Navoiy shoh koʻchasini rekonstruksiya qilish boʻyicha yangilangan loyihaning muhokamasiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Anjumanga taniqli urbanist va transport mutaxassisi Arkadiy Gershman loyiha ustida ishlash uchun taklif etildi.

    Arkadiy Gershman ishtirokchilarga amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi, hamda ustuvorliklari koʻplab shaharlarda qabul qilingan sxema asosida belgilangan taqdimot bilan chiqdi. Ushbu sxema avvalo koʻcha harakatining eng zaif ishtirokchilari – piyodalar, ikkinchi oʻrinda – jamoat transporti va uchinchi oʻrindagina – avtomobillarning manfaatini koʻzda tutadi.

    Arkadiy Gershman “taktik urbanizm” vositalari haqida soʻzlab berdi, xavfsizlik orolchalarini barpo etishda qoʻllaniladigan, vaqtincha oʻrnatiladigan plastik ustunchalarni, piyodalar oʻtish yoʻllarida kunning qorongʻi paytida zarur boʻlgan va haydovchiga yaxshiroq koʻrinadigan kontrast yoritishni misol qilib keltirdi, hamda shahar sharoitida yerusti piyodalar oʻtish yoʻllarining yerosti oʻtish yoʻllari va piyodalar oʻtish koʻpriklariga nisbatan afzalliklari haqida maʼlumot berdi.

    Tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyiga kelsak, – ular faqat bitta chiziqli harakatda qoʻllanishi mumkin, ikki va undan ortiq chiziqli yoʻllarda svetoforlar boʻlishi shart. Loyihaga muvofiq, piyodalar va transport qatnovi tushunarsiz boʻlgan katta maydonlar tushunarli chiziqlargacha qisqartirilib, bunga misol tariqasida Sirk va Chorsu maydoni yaqinidagi chorraha keltirildi: u yerda “xavfsizlik orolchalari” va svetoforlar fazalari yordamida qatnov belgilangan yoʻnalishlarga boʻlinadi, oʻz oʻrnida bu harakatlanishni tushunarliroq va samaraliroq qiladi hamda piyodalar va haydovchilar harakatlanishi xavfsizligini taʼminlashga imkon beradi. Avtomobillar qatnovi harakatlanishning eng muammoli qismlaridan biri – chapga burilish uchun alohida chiziq ajratilishi bilan ham tartibga solinadi.

    Arkadiy Gershman, Transport vazirligi huzuridagi Toshkent loyiha ofisining rahbari Murod Obidov va Toshkent shahar transport boshqarmasining boshligʻi Anvar Joʻrayev jurnalistlarning savollariga javob berdilar.

    - Piyodalar uchun xavfsizlik orolchalari harakatlanayotgan tezkor xizmat avtomobillari uchun toʻsqinlik qilmaydi, axir yongʻin oʻchirish va tez tibbiy yordam mashinalari jamoat transporti uchun ajratilgan chiziqlardan harakatlanishi mumkin.

    - Fargʻona yoʻli koʻchasidagi piyodalar oʻtishi uchun tor qismlar, piyodalar uchun qulaylik yaratish nuqtayi nazaridan, qaytadan koʻrib chiqiladi.

    - Oqtepa maydonidagi noqulay transport tuguni oʻzgartiriladi. Hozirgi kunda tegishli tuzilmalar tomonidan maydonni rekonstruksiya qilish boʻyicha toʻrtta variant koʻrib chiqilmoqda.

    - Avtomobillarning avtobuslar uchun ajratilgan chiziqqa chiqishi jarimaga tortiladi, bu maqsadda foto- va videofiksatsiya uchun texnik vositalar tayyorlanmoqda.

    - Navoiy shoh koʻchasidagi murakkab burilib qaytish joylari sababli, Sirk yaqinida hamda piyodalar oʻtish joylarida mashinalarning burilib qaytishi uchun imkon yaratilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.