Hech kimga sir emas, Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, uning sifati va qulayligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Yoʻnalishlar tarmogʻini kengaytirish, zamonaviy boshqaruv texnologiyalarini joriy etish va xizmat koʻrsatishni yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar eʼtiborga loyiq.
Muhimi, yangi texnologiyalarni joriy etish va xizmat koʻrsatish sharoitlarini yaxshilash tufayli fuqarolar qulayroq va arzon transportdan foydalanishlari mumkin. Bu esa transport vositalari harakati va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga yordam beradi. Koʻrilayotgan choralar XXI asrda jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan barqaror va zamonaviy shahar transport tizimlarini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.
Jamoat transportining jozibadorligini oshirish va avtobuslarning muntazam va bir maromda harakatini tashkil etish maqsadida, 2023-yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 48,2 km (Amir Temur koʻchasi – 10,4 km, Ahmad Donish – 8,5 km, Navoiy, Beruniy – 6,2 km, Mirzo Ulugʻbek, Feruza, Yuzrabod, Maxtumquli – 23 km) alohida ajratilgan yoʻlaklar tashkil etildi.
Paxtakor, Beruniy, Rohat, Choshtepa, Qipchoq, Sergeli metro bekatlari yonida zamonaviy transport-oʻtish bogʻlamalari qurilib, ushbu transport-oʻtish bogʻlamalariga 50 ta avtobus yoʻnalishlari bogʻlanib, kunlik 192 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilmoqda.
Toshkent shahrida mavjud 396 ta avtobus oraliq bekatlari tartibga keltirilib, bekatlarda yoʻlovchilar uchun toʻsiqsiz va xavfsiz muhit yaratildi.
Tirbandligi yuqori boʻlgan chorrahalarni geometrik parametrlari qaytadan oʻrganib chiqilib, 40 ta chorraha qaytadan rekonstruksiya qilindi.
Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush-tarzini targʻib etish maqsadida, shahar markaziy koʻchalari va aholi yashash mavzelari atrofida 1 233,5 km uzunlikdagi velosiped va piyodalar yoʻlaklari tashkil etildi.
Davlat muassasalari, oliy-taʼlim, koʻngil ochar maskanlar, savdo markazlari va istirohat bogʻlarida jami 240 ta veloturargohlar tashkil etildi.
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini toʻliq raqamlashtirish maqsadida bir qancha dasturiy taʼminotlar amaliyotga joriy etildi, jumladan:
1. Avtomatlashtirilgan markaziy nozimlik tizimi – ASDUM:
Tizim maqsadi: Yoʻnalishlar harakatini nazorat qilish.
Tizim funksionali: Avtobuslarni yoʻnalish kesimida onlayn monitoring qilish, yoʻnalishdagi jadvallar soniga muvofiqligini nazorat qilish, yoʻnalish harakat tarixi va intervallarga rioya etilishi tahlil qilish.
2. Korxona resurslarini boshqarish tizimi – ERP 1C:WE:
Tizim maqsadi: korxona ish jarayonlarini raqamlashtirish orqali yoqilgʻi-moylash, ehtiyot qismlarni xarajatini nazorat qilish va korxona resurslarini boshqarish.
Tizim funksionali: yoʻnalishga chiqish jarayonlarini soddalashtirish va avtomatlashtirish, ish vaqti va ish haqi hisobini yuritish, ishchi oʻrinlarini avtomatlashtirish va moliyaviy hisobotlarni shaffoflashtirish.
3. Yoʻl harakati qoidalarini nazorat qilish tizimi – PT Control:
Tizim maqsadi: yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik holatlari boʻyicha videolavhalarni saqlash va IIVning Maʼmuriy amaliyot tizimiga uzatish.
Tizim funksionali: yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik boʻyicha billing tizimi, yuridik shaxslarning billing tizimi orqali yuklangan videolavhalarni saqlash va yuklash imkoniyati.
4. Interaktiv tahlil tizimi — MAGNETIC NORTH:
Tizim maqsadi: transport ishini tashkil etish va tahlil qilish.
Tizim funksionali: yoʻnalishdagi avtobuslarni onlayn kuzatish, avtobus ishini rejalashtirish, avtobus ish tartibini tuzish, yoʻnalishdagi yoʻlovchilarni hisobini avtobus, avtobus bekati, yoʻnalish va avtobus saroyi kesimida tahlil qilish, avtobus saloni va haydovchini onlayn kuzatish va haydovchi bilan VoIP tizimi orqali bogʻlanish.
5. Bir qancha dasturiy taʼminotdagi interaktiv maʼlumotlarni vizuallashtirish va tahlil qilish – QLIK SENSE:
Tizim maqsadi: Interaktiv maʼlumotlarni vizuallashtirish va tahlil qilish.
Tizim funksionali: yoʻl haqi toʻlovlarini yoʻnalish, avtobus va avtobus saroyi kesimida tahlil qilish, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik boʻyicha jarimalar, haydovchilar tomonidan yoʻl harakati qoidalarini buzish boʻyicha maʼlumotlar, transport ishiga tegishli maʼlumotlarni turli vaqt va davr mobaynida, yoʻnalishlar va avtobuslar kesimida tahlil qilish.