Holat yuzasidan Agentlik tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuzaga kelgan qonunbuzilishi holatlarni bartaraf qilishga qaratilgan taqdimnoma kiritilgandi.
Shunga asosan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi kelib chiqishiga imkoniyat yaratib bergan va sababchi boʻlgan mansabdor shaxslarga qonunchilikka muvofiq jazo choralari qoʻllanildi.
Jumladan, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinib egallab turgan lavozimidan ozod etildi hamda qolgan oʻrinbosarlarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy javobgarlik bilan bogʻliq jazo choralari qoʻllanildi.
Shuningdek, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi oilaviy va koʻp tarmoqli poliklinikalar va tibbiyot muassasalarida “Toshkent shahar sogʻliqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” (“SS-LAB”) MCHJning aholiga pullik toʻlov asosida klinik diagnostika laboratoriya xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyati toʻliq tugatildi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.