Maʼlum qilinishicha, 16-mart kuni IIVga fuqaro A.E. ariza bilan murojaat qilgan. U tadbirkorlik qilish maqsadida Yunusobod tumani Markaz-6 dagi bekatni ijaraga olgan va bekatga oʻtgan suv quvuriga ulanib, hisoblagich oʻrnatgan va hujjatlashtirish uchun Toshkent shahar “Suvsoz” boshqarmasiga murojaat qilgan.

Korxonaning “Mirolim” ismli xodimi suv quvurini oʻzboshimchalik bilan ulaganligini roʻkach qilib, jarimaga tortmaslik evaziga 3 mln soʻm berishini talab qilayotganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ boʻlim boshligʻi H.M. Toshkent shahar Uchtepa hokimligi yaqinida ariza muallifi A.E. dan 3 mln soʻm olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ushlangan shaxs ushbu pullarni “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ direktor oʻrinbosari P.R.ning topshirigʻiga asosan olganligini va pullarning bir qismini unga berishi lozimligini maʼlum qilgan.

17-mart kuni tezkor tadbir davom ettirilib, P.R. xizmat xonasida H.M.dan 3 mln soʻm miqdoridagi pullardan, 1 mln 800 ming soʻmini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan, 2021-yil 17-mart kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, P.R. va H.M. Jinoyat protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida ushlanganlar. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.