Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi poytaxt filiali direktori oʻrinbosari Bekzod Kulibayev bu haqda gapirib berdi.

Uning taʼkidlashicha, taʼminot baʼzi hududlarda Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini taʼminlash kabi rejaviy amalga oshiriladigan ishlar sababli oʻchirilmoqda.

“Bu ishlarni kuchlanish ostida amalga oshirib boʻlmaydi, shu sababli oʻchirib ishlashga toʻgʻri keladi”, — dedi Bekzod Kulibayev.

Shaharda, shuningdek, avariyaviy holatlar ham kuzatilmoqda, lekin uzilishlarga asosiy sabab bu emas.

«Yuqorida taʼkidlaganimdek, (uzilishlar) qarorlar ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish maqsadida rejali oʻchirishlar hisoblanadi. Albatta, avariyaviy oʻchishlar ham bor, umuman yoʻq deb boʻlmaydi. Bu avariyaviy oʻchishlarni qisqa muddatda bartaraf etish uchun tezkor xodimlarimiz mavjud.

Bugungi kunda avariyaviy oʻchishlar kamaygan. Toshkent shahridagi kabel tarmoqlarida eskirgan joylari bor, chunki shahardagi barcha eski kabellarni toʻliq yangilab boʻlganimiz yoʻq. Qarorda (2023-yil 11-martdagi Prezident qarori) 2023−2025-yillarga moʻljallangan dasturlar ishlab chiqilgan. Aynan bu yilgisini yakunladik», — dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi Toshkent shahri filiali direktori oʻrinbosari.

Bekzod Kulibayev avariyaviy holatlarning asosiy sabablari yuklamalarning ortishida boʻlayotganini, ob-havo isigandan keyin sovitish tizimlari ishlashi oqibatida yuklamalar ortganini qoʻshimcha qildi.