Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Toshkent shahri havosi ifloslanishining sabablari nimada ekanligini sanab oʻtdi.
Soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishi, choʻllanish jarayonlarining kuchayishi natijasida tabiiy changlar konsentratsiyasi koʻrsatkichlarining oshishi hamda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining koʻpayishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab boʻlmoqda.
Respublikamizda havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlanmalari) omillar bilan bogʻliq. Shuningdek, kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turgʻunligi kabi sabablar ham atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining koʻpligi, yoʻllarning tirbandligi, keng koʻlamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi — bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklama atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelmoqda.
Maʼlumot uchun, Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud, unga qoʻshimcha ravishda bir kunda poytaxtga oʻrtacha 150 mingdan 300 minggacha transport vositasi kirib keladi. Toshkent shahrida transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2021-yilda 212,4 ming tonna, 2022-yilda esa 403 ming tonnani tashkil etgan, yaʼni zararli tashlanmalar 190,6 ming tonnaga (47,3 %) koʻpaygan.