Qarorga muvofiq, 2021-yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi keng nishonlanadi.

Qarorga koʻra:

A.Navoiyning ijodiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordeni taʼsis etiladi;

- xorijiy davlatlarda saqlanayotgan A.Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qoʻlyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralari koʻriladi;

- 2020-2021-yillar davomida A.Navoiyning qoʻlyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashri yaratiladi;

- A.Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovi eʼlon qilinadi;

2021-yil oxiriga qadar Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida A.Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasi yaratiladi;

- Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz oʻqitish konsepsiyasi ishlab chiqiladi hamda 2021/2022 oʻquv yilidan barcha taʼlim muassasalarida shu asosda oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi;

- 2021-yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi;

- 2021-yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi;

“Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.