Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, «Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan daraxtlarni pasportlashtirish jarayoni test rejimida 3 bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi (yakka tartibdagi uy-joylar hududidagi daraxtlar bundan mustasno). Keyin vazirlikning Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan tizim yordamida har bir daraxtning koordinatalari aniqlanadi.

Ikkinchi bosqichda xatlov natijasiga koʻra aniqlangan daraxtlarning yoshi, turi, boʻyi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.

Uchinchi bosqichda esa maʼlumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

Taʼkidlash joizki, daraxtlarni pasportlashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan tuzilgan shartnoma doirasida 100 dona GNSS uskunasi xarid qilish rejalashtirilgan. Toʻplamga daraxtning eng aniq joylashuvini aniqlash uchun GNSS qabul qiluvchilar va GNSS tayanch stansiyalari, lazer diapazoni, oʻlchagich, planshetlar va maxsus Field map dasturi kiradi. Bundan tashqari, farmonda qoʻshimcha 100 ta GNSS qurilmalari toʻplamini xarid qilish koʻzda tutilgan.

Daraxtlarni pasportlashtirish jarayoni quyidagi imkoniyatlarni beradi:

– Daraxtlarning soni, joylashuvi, turi, balandligi, diametri va holati toʻgʻrisida aniq maʼlumotlarga ega boʻlgan doimiy yangilanib turuvchi geoaxborot bazasini yaratish;
– daraxtlarning toʻliq hisobini yuritish, ularni masʼul idoralarga topshirish, daraxtlarni saqlash va parvarish qilishni taʼminlash;
– soni va joylashishiga qarab yangi daraxtlarni ekish, shuningdek, eskilarini holati va turiga qarab almashtirishni rejalashtirishda qaror qabul qilish;
– shahar obodonlashtirish ishlarini rejalashtirish va yer ajratishda daraxtlar haqida aholini batafsil xabardor qilish;
– Daraxtlarni noqonuniy kesish ustidan nazoratni kuchaytirish. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-son qaroriga asosan daraxtlarni noqonuniy kesish natijasida oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori daraxtning turi va diametridan kelib chiqib hisoblanadi.