Mazkur hujjat Toshkent shahar transporti sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, jamoat transportini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan. Shuningdek, yoʻlovchilar tashish xavfsizligi va sifatini oshirish, yoʻlovchilar tashishni boshqarishga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, transport tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash nazarda tutilgan.
Loyihaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahar transport boshqarmasi negizida Toshkent shahar transport bosh boshqarmasini tashkil etish belgilangan.
Ushbu boshqarma ilgʻor xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrgangan holda zamonaviy va yangicha yondashuv asosida jamoat transportini rivojlantirish, shu jumladan, tezyurar avtobus yoʻnalishlarini (BRT) tashkil etish loyihalarini amalga oshiradi. Metropolitenni jamoat transportining asosiy transport turiga aylantirish boʻyicha rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqib, yoʻlga qoʻyadi. Transport va yoʻl-transport infratuzilmasi, shuningdek, avtomobil toʻxtash joylarini rivojlantirish sohasida shahar dasturlarini ishlab chiqish hamda mazkur mexanizmlarni amalda joriy qilish ham boshqarmaning vazifalari etib belgilangan.
Hujjatga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Transport vazirligi bilan birgalikda “Toshkent metropoliteni” UKni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqargan holda, balans qiymatida oʻrnatilgan tartibda Boshqarma muassisligida uning tashkiliy tuzilmasiga kiritilishini taʼminlaydi.
Loyiha bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanadi.
Hujjatda, boshqarmaning vakolatiga kiruvchi qator vazifalar, sohani modernizatsiya qilish hamda har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari belgilangan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.